Uzumchilik va vinochilik sohasi yanada rivojlanadi

16:19 27 Avgust 2019 Jamiyat
123 0

Senatning yigirma birinchi yalpi majlisida “Xalqaro uzumchilik va vinochilik tashkilotini taʼsis etish toʻgʻrisidagi Bitimni (Parij, 2001-yil 3-aprel) ratifikatsiya qilish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni maʼqullangan edi. Joriy yil 26-avgust kuni Prezidentimiz tomonidan mazkur hujjat imzolandi va matbuotda eʼlon qilindi.

Aytish joizki, 1924-yilda tashkil etilgan Xalqaro uzumchilik va vinochilik tashkiloti uzum yetishtirish, vino tayyorlash va vino mahsulotlari asosida ichimliklar ishlab chiqarish sohasida ilmiy-texnik xususiyatga ega hukumatlararo tashkilot hisoblanadi. Hozirgi vaqtda mazkur tashkilot jahonda uzum va vino mahsulotlarining 85 foizini taʼminlovchi 47 ta ishtirokchi davlatni birlashtiradi.

2018-yil 23-noyabr kuni Punta-del-Este shahrida boʻlib oʻtgan XUVT Bosh assambleyaning 16-sessiyasida Oʻzbekiston ushbu tashkilotning toʻliq aʼzosi boʻlishi toʻgʻrisida rasman eʼlon qilindi. Shu tariqa Oʻzbekiston ushbu tashkilotning qirq yettinchi aʼzosiga aylandi.

Oʻzbekiston tomonidan Xalqaro uzumchilik va vinochilik tashkilotini taʼsis etish toʻgʻrisidagi Bitimning ratifikatsiya qilinishi quyidagi maqsadlarga xizmat qiladi:

– tashkilotga aʼzo mamlakatlar bilan yaqindan hamkorlik qilish, oʻzaro axborot va mutaxassislar almashinuvini, hamkorlikdagi loyihalarni yaratish va amalga oshirish;

– uzumchilik va vinochilik tarmogʻini rivojlantirish, jahon bozorida xaridorgir sifatli va raqobatbardosh uzum, vino, uzumdan tayyorlangan ichimliklar, mayiz va boshqa uzumchilik mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash va sotishning ilgʻor texnologiyalarini joriy etish;

– ushbu tarmoqlarga chet el investitsiyalarini jalb qilish orqali mavjud muammolarni samarali hal etish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish va modernizatsiya qilishda tadbirkorlik subyektlariga koʻmaklashish imkoniyatlarini yanada kengaytirish;

– milliy brendni xorijiy bozorlarda ilgari surish hamda eksport ulushini oshirib borish va barqaror oʻsishini taʼminlash, mahalliy vinochilik mahsulotlarining koʻrgazma-yarmarkalarini xorijiy mamlakatlarda muntazam ravishda oʻtkazilishini joriy etish.

Muxtasar qilib aytganda, ushbu Qonun uzumchilik va vinochilik sohasini rivojlantirishga oid bir qator muammo va kamchiliklarni bartaraf etish, xususan mahsulotni qayta ishlash hamda sotishning ilgʻor texnologiyalarini joriy qilish, eksport salohiyatining barqaror oʻsishini taʼminlash, sohani boshqarishning samarali tizimini yaratish imkonini beradi.

Bahodir TAJIYEV,

Senatning Agrar, suv xoʻjaligi
masalalari va ekologiya qoʻmitasi raisi


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?