Uzoq qishloqlarni gaz bilan taʼminlash va avtomobillarga kompressor stansiyasi boʻlmasa ham gaz quyish muammosi hal qilinadi

17:59 27 Avgust 2018 Jamiyat
254 0

Bu haqida “Oʻzbekneftegaz” AJ xabar berdi.

Gap shundaki, shu yildan boshlab Oʻzbekistonda koʻchma gaz quyish va jamlash akkumulyator stansiyalari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.

Bunday qurilmalar “Angren” erkin iqtisodiy zonasida “Oʻzbekneftegaz” va Koreyaning NK Group kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan UNG Enk Mobile kompaniyasi tomonidan tayyorlanmoqda.

Koʻchma gaz quyish stansiyasi dastlab Toshkent viloyatida dala ishlarida maxsus qishloq xoʻjaligi texnikalari, yuk tashish va yengil transport vositalarini siqilgan tabiiy gaz bilan taʼminlashda sinab koʻrildi. Aynan fermer xoʻjaliklari ana shunday vositalarning dastlabki buyurtmachilari boʻlishi mumkin. Sababi bitta shunday stansiyada 5000 kubometr gaz olib kelinib, 30 ta traktorni metan bilan taʼminlay oladi. Ularni mavsum paytida dala yaqiniga oʻrnatish mumkin. Boz ustiga, bunday stansiyalarni nafaqat yuridik, balki jismoniy shaxslar ham xarid qilish imkoniga ega. Kompaniya saytida uning narxi 203 000 sh.b. ekanligi aytilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?