Uzoq yillik mavhum rejalar emas, qisqa muddatli, aniq va natijador rejalar kerak – Shavkat Mirziyoyev

19:55 16 Noyabr 2020 Siyosat
481 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev geologiya sohasini modernizatsiya qilish, investitsiyalar jalb etish hamda geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.

Oxirgi uch yilda ushbu sohaga katta mablagʻ ajratilib, texnologiyalarni yangilash, ilm-fanni tiklash va kadrlar tayyorlash boʻyicha keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Zamonaviy texnikalar qoʻllanayotgani natijasida burgʻilash aniqligi va unumdorligi oshdi. Yerosti boyliklarning zaxirasi ham, prognoz resurslari ham koʻpaydi.

Yigʻilishda bu boradagi ishlarni izchil davom ettirib, sohaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, davlat korxonalarini isloh qilish boʻyicha keyingi davrdagi asosiy vazifalar muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari geologiya-qidiruv ishlarini oshirish hisobiga 2021-2022-yillarda mineral xomashyo bazasini keskin kengaytirish zarurligini taʼkidladi.

Sohaga xorijiy investorlarni jalb qilish uchun geologiya-qidiruv ishlarini tashkil etishga boʻlgan yondashuvni ham oʻzgartirish kerak. Shu maqsadda istiqbolli maydonlarni shakllantirish, ularni xorijiy investorlarga berish, geologik qidiruv oʻtkazish va soliqqa tortish tizimlarini xalqaro tajriba asosida takomillashtirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

31 ta strategik foydali qazilma maydon va konlar joylashtirilgan onlayn auksionga chet ellik sarmoyadorlarni keng jalb etish muhimligi aytib oʻtildi.

– Geologiya sohasida 50 foiz vaqt investitsiya bilan shugʻullanishga sarflanishi kerak. Investitsiya kelmasa, geologiyada vaziyat oʻzgarmaydi. Uzoq yillik mavhum rejalar emas, qisqa muddatli, aniq va natijador rejalar kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yetakchi auditorlik va konsalting kompaniyalari bilan hamkorlikda sohadagi davlat korxonalarini transformatsiya qilish boʻyicha “yoʻl xaritalari” ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

Soha uchun malakali kadrlar tayyorlash, ilm-fanni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. “OʻzgeorangmetLITI” institutiga ilgʻor tajribaga ega xorijiy kompaniya jalb qilinishi belgilandi.

Yigʻilishda mutasaddilar 2021-2022-yillarda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar yuzasidan axborot berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?