O`zbekiston Respublikasi Prezidenti AQSH Kongressi delegatsiyasini qabul qildi

20:07 19 Noyabr 2018 Siyosat
593 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 noyabr kuni kongressmen Trent Kelli boshchiligidagi AQSH Kongressi delegatsiyasini qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Davlatimiz rahbari tarkibida AQSH Vakillar palatasi aʼzolari Visente Gonsales, Ronald Estes, Rojer Marshall va Jennifer Gonsales Kolon ham boʻlgan delegatsiyani samimiy qutlar ekan, kongressmenlarni AQSH parlamentiga oraliq saylov muvaffaqiyatli oʻtgani bilan tabrikladi.

Keyingi yillarda Oʻzbekiston bilan AQSH oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy yil may oyida Vashingtonda boʻlib oʻtgan oliy darajadagi uchrashuvlar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi strategik sheriklikning yangi davrini boshlab bergani taʼkidlandi.

Turli yoʻnalishlar boʻyicha ikki tomonlama aloqalar faollashdi, konstruktiv siyosiy muloqot yoʻlga qoʻyildi, parlamentlararo almashinuvlar, shuningdek, madaniy-gumanitar va taʼlim sohalaridagi hamkorlik kengaymoqda.

Savdo-iqtisodiy sohada birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan oʻzaro savdo hajmini oshirish, Oʻzbekiston iqtisodiyoti tarmoqlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilishga AQSHning yetakchi kompaniyalari toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalari va texnologiyalarini jalb etish borasida aniq yoʻnaltirilgan ishlar amalga oshirilmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Joriy yil boshidan buyon oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi ikki barobar ortdi, mamlakatimizda AQSH kapitali ishtirokida 25 dan ziyod yangi korxona tashkil etildi.

Oktyabr oyida mamlakatimizda AQSH savdo vaziri Uilbur Ross boshchiligidagi nufuzli delegatsiya ishtirokida birinchi marta Amerika biznesi haftaligi oʻtkazildi.

Davlatimiz rahbari AQSH Vakillar palatasida kongressmenlar T.Kelli va V.Gonsales rahbarligida “Oʻzbekiston boʻyicha kokus” tashkil etilganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Ushbu mexanizm munosabatlarni har tomonlama kengaytirish va aniq iqtisodiy loyihalarni ilgari surishda samarali omil boʻlib xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarga doir, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar koʻrib chiqildi.

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik uchun qulay sharoitlar yaratish hamda bu boradagi qoʻshma loyihalarni, avvalo, hududlararo darajada qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratildi.

Kongressmenlar davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Oʻzbekistonda yangi bosqichda amalga oshirilayotgan hamda barcha soha va yoʻnalishlarni qamrab olgan islohot va yangilanishlarga yuksak baho berdi.

Ikki mamlakat oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash, oʻzaro manfaatli amaliy hamkorlikni kengaytirishga faol koʻmaklashishga tayyorlik taʼkidlandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?