Oʻzbekiston terma jamoasi Osiyo oʻyinlari tarixidagi rekordini yangiladi

15:19 30 Avgust 2018 Sport
1518 0

Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida davom etayotgan Osiyo oʻyinlarida Oʻzbekiston terma jamoasi oʻzining navbatdagi medallarini naqd qildi.

Gap shundaki Oʻzbekiston terma jamoasining yana uch nafar kurashchisi yarim finalga chiqib medalni naqd qildi. -78kg vazn toifasida gilamga chiqayotgan Kumush Yoʻldosheva yarim finalda Xitoy Taypeyi vakili Yang Hsin Syuni magʻlubiyatga uchratib finalga yoʻllanma olgan boʻlsa, -90 kg vaznda bir yoʻla ikki sportchi Yahyo Imomov va Shermuhammad Jandreyev yarim finalga chiqib, kamida bronza medallarini naqd qilishdi.

Bir kun muqaddam boks boʻyicha terma jamoamizning barcha, yetti nafar aʻzosi yarim final yoʻllanmasini qoʻlga kiritib, kamida bronza medallarini naqd qilishgandi. Bugungi uchta medal bilan bu hali rasmiylashtirilmagan naqd medallar soni 10taga yetdi. Ayni vaqtda Oʻzbekiston delegatsiyasi rasmiy hisob-kitoblar boʻyicha 49ta medalni qoʻlga kiritgandi. Unga naqd boʻlib turgan 10ta medalni qoʻshadigan boʻlsak, jami medallarimiz soni eng kamida 59ta boʻlishi aniq boʻldi.

Aynan mana shu natija Oʻzbekiston sport delegatsiyasining barcha davrlarda eng koʻp medal qoʻlga kiritgan Osiyo oʻyinlari sifatida tarixga kiradigan boʻldi. Shu kungacha Oʻzbekiston terma jamoasi Osiyo oʻyinlarida eng koʻp medalni 2010 yili Guangjouda boʻlib oʻtgan oʻyinlarda qoʻlga kiritgandi — 56ta medal (11 oltin, 22 kumush, 23 bronza).

Oltin medallar soni boʻyicha rekord 2002 yili Pusanda oʻtgan Osiyo oʻyinlarida qoʻlga kiritilgan. Unda Oʻzbekiston delegatsiyasi 15ta oltin medalni oʻziniki qilib olgandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?