“Uzbekistan GTL” loyihasiga 2,3 mlrd dollar miqdorida investitsiya jalb etilmoqda

14:47 15 Dekabr 2018 Iqtisodiyot
546 0

Illyustrativ foto

Toshkent shahrida Oʻzbekistonning neft-gaz sanoatidagi eng muhim loyihalaridan biri boʻlgan “Uzbekistan GTL” zamonaviy korxonasini moliyalashtirish uchun umumiy qiymati 2,3 milliard AQSH dollarlik hujjatlarni imzolash marosimi boʻlib oʻtmoqda.

Unda Xitoy taraqqiyot banki, Koreya Respublikasi Eksport-import banki, Koreya Respublikasi Savdo va sugʻurtalash korporatsiyasi, “Gazprombank“ aksiyadorlik jamiyati, Eksport kreditlari va investitsiyalari sugʻurtasi boʻyicha Rossiya agentligi, shuningdek, Shveysariya va Yaponiyaning yirik banklari, xorijlik ekspertlar, soha mutaxassislari ishtirok etmoqda.

Aytish joizki, Gʻuzor tumanida bunyod etilayotgan bunday zavodlar dunyoda sanoqli hisoblanadi. Ayni paytda GTL zavodlari JAR, Malayziya va Qatarda mavjud, xolos.

Oʻzbekistonda ushbu zavodning ayni paytda qurilish ishlarining 60 foizi bajarildi. Kelgusi yilda bunyodkorlik yumushlarning qolgan qismi bajarilib, 2020 yilda foydalanishga topshirilishi koʻzda tutilgan.

“Mintaqamizdagi noyob loyihani moliyalashtirishda oʻn bitta davlatning moliyaviy tuzilmalari ishtirok etmoqda, - dedi “Oʻzbekneftgaz“ AJ boshqaruvi raisi Bahrom Ashrafxonov. - Shuning oʻziyoq Oʻzbekiston va neft-gaz sanoatining investitsiyaviy jozibadorligi ortib borayotganidan dalolat beradi. Mazkur zavod ishga tushirilishi tufayli gazni oʻzimizda chuqur qayta ishlash hajmi ortib, import keskin kamayadi, eksport imkoniyatlari kengayadi“.

“Gazdan suyuqlik“ texnologiyasiga asoslangan ushbu zamonaviy zavodda “Yevro-5“ standartlariga toʻla javob beradigan 1,5 million tonnadan ortiq sintetik suyuq yoqilgʻi ishlab chiqariladi.

Said RAHMONOV, “Xalq soʻzi“ muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?