O‘zbekistonda elektromobillar ishlab chiqariladi

12:37 01 Iyun 2018 Iqtisodiyot
1665 0
Foto: Chevrolet

“O‘zavtosanoat” O‘zbekistonda elektromobillarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalasini ko‘rib chiqmoqda, deya xabar qildi Gazeta.uz kompaniya boshqaruv raisi Umidjon Salimovga tayanib.

Salimovning ta’kidlashicha, elektromobillar avtomobilsozlik kelajagi sanaladi.

“Toshkentdagi Turin universiteti qoshidagi Innovatsiya markazida elektromobillarni ishlab chiqarishni joriy etish va tashkil qilish masalalari bilan shug‘ullanuvchi maxsus guruh tashkil qildik. Buni biz qilamiz.

Bu biz uchun yangi yo‘nalish va biz hozirda elektromobillarni ishlab chiqarish bo‘yicha konsepsiyani ishlab chiqmoqdamiz”. Hujjat ikki oy davomida tayyor bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, elektromobillar ishlab chiqaruvchi potensial hamkorlar bilan muzokaralar olib borilmoqda”, dedi “O‘zavtosanoat” rahbari.

U shu yozda Toshkentga test sinovlarini o‘tkazish uchun ikki dona elektromobil namunasi — Chevrolet Bolt va Xitoyning JAC modeli olib kelinishini ma’lum qildi. Ular butun O‘zbekiston bo‘ylab — Andijondan Qoraqalpog‘istongacha yurib o‘tadi.

Hozirda “O‘zbekenergo” kompaniyasi bilan elektromobillar uchun zarur infratuzilmalarni yaratish masalalari muhokama qilinmoqda.

“O‘zavtosanoat” rahbari poytaxtdagi Turin politexnika universiteti birinchi haydovchisiz avtomobilni sinovdan o‘tkazayotganini qo‘shimcha qildi. Loyiha “O‘zavtosanoat” va ikkita Rossiya kompaniyasi tomonidan moliyalashtirilmoqda. “Bu juda murakkab loyiha, biroq biz bu yo‘nalishda ham ish boshladik”, — dedi u.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?