O‘zbekiston va Vyetnam o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 100 mln dollarga yetkazmoqchi

09:09 24 Iyul 2018 Iqtisodiyot
281 0
Foto: Tashqi savdo vazirligi

Toshkentdagi Xalqaro savdo markazida 23 iyul kuni Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston — Vyetnam hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Tashqi savdo vaziri, komissiya hamraisi Jamshid Xo‘jayev, Vyetnam sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari Xoang Kuok Viong va boshqalar mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlik barcha yo‘nalishlarda, jumladan, savdo-iqtisodiy, sanoat va ilmiy-texnikaviy sohalarda izchil rivojlanib borayotganini alohida ta’kidladi.

O‘zbekiston Vyetnamga loviya, ipak, yuqori sifatli paxta tolasi, mineral o‘g‘itlar va boshqa tovarlar eksport qiladi. Vyetnam O‘zbekistonga uskunalar, elektrotexnika, farmatsevtika mahsulotlari, qahva va choy yetkazib beradi.

O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi muntazam oshmoqda. Bu boradagi ko‘rsatkich joriy yilning o‘tgan olti oyida 2017 yilning shu davriga nisbatan 2,5 baravar ortdi va 30 million dollarga yetdi. Tomonlar bu ko‘rsatkichni yil oxiriga qadar 100 million dollarga yetkazish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligini bildirdi.

Tadbirda o‘zaro hamkorlikda qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekistondagi qulay investitsiyaviy muhit tufayli Vyetnam ishbilarmonlarining yurtimizda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishga qiziqishi ortib borayotgani qayd etildi. Savdo, iqtisodiyot, sarmoya, xususiy sektor kabi yo‘nalishlardagi hamkorlikni yanada faollashtirish, ekologik toza texnologiyalarni joriy etish va rivojlantirishga doir masalalar muhokama qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?