UzAuto Motors sud atrofida roʻy berayotgan ommaviy bahs-munozara boʻyicha rasmiy bayonot berdi

17:38 16 Oktyabr 2020 Jamiyat
641 0

“UzAuto Motors” AJ avtomobil ishlab chiqaruvchisi va Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi oʻrtasidagi sud atrofida roʻy berayotgan ommaviy bahs-munozaraning konstruktiv oʻzanga tushishiga umid qiladi. Kompaniya uchinchi shaxslarning ziddiyat ruhidagi chaqiriqlarini mutlaqo nomaqbul deb hisoblaydi, zero gap ikkita tashkilot oʻrtasidagi madaniyat va oʻzaro hurmatga asoslangan muloqot haqida bormoqda.

“UzAuto Motors” AJ yuridik boshqaruvi rahbari Rustam Shaymardonov bayonot beradi:

“Bugun MQKQ maxsus komissiyasining qarorini bekor deb tan olish toʻgʻrisidagi kompaniyamiz daʼvosi boʻyicha sudning uchinchi majlisi oʻtkazildi. Tinglovlar javobgarning argumentlari zaif ekanligini tasdiqladi va bu kutilgan holat edi. Biz uchun kutilmagan hol esa, jarayonga, koʻrinishidan reyting toʻplash va jamoatchilik kayfiyatini sunʼiy ravishda buzishga urinayotgan partiya faollarining navbatdagi ommaviy aralashuvi boʻldi.

Deputat Kusherbayev oʻz intervyusida uning UzAuto Motorsga qarshi kurashidan maqsad avtomobillar importiga qoʻyilgan bojxona toʻlovlarini pasaytirish ekanligini eʼlon qildi. Ehtimol, bu hurmatli Rasul Xidiraliyevichni hayron qoldirar, lekin bojxona toʻlovlari stavkasini aslo bizning kompaniyamiz belgilamaydi. Aksincha – 2018-yilda yangilangan kompaniya rahbariyati oʻtgan muddat davomida korxonaning bu omilga bogʻliqligini bartaraf etish uchun qoʻldan kelgan barcha choralarni koʻrdi. Ikki yildan ziyodroq vaqt davomida turli xil imtiyozlar, preferensiyalardan voz kechish, shuningdek ishlab chiqarish samaradorligini oshirish boʻyicha ishlar amalga oshirilmoqda. Balki bugungi yangilik ham bizning bardavom opponentimiz eʼtiboridan chetda qolmagandir: 2019-yilda UzAuto Motorsning sof foydasi 2,6 trillion soʻmga yetdi. Holbuki, 2016 – 2017-yillarda gap 4,8 trillion soʻm zarar haqida borardi. Biroq, deputat Kusherbayev va uning ayrim hamkasblari, yaqqol faktlarni inkor qilib, zavodga davlat tomonidan berilayotgan afsonaviy subsidiyalar haqida taʼkidlaydilar. Voqelik butkul oʻzgacha: UzAuto Motors gʻaznaga trillionlab soliqu dividendlar toʻlaydi, respublikadagi eng yirik soliq toʻlovchilaridan biri sanaladi. Hatto karantin davrida, koʻplab tashkilotlar davlatdan yordam soʻragan bir paytda, biz byudjetdan bir tiyin ham olmadik, shuningdek har bir ishchi oʻrnini saqlab qoldik. Nima boʻlganda ham, bojxona bojlari stavkasi – bu kompaniyamiz jamoasining emas, balki parlament aʼzolarining ishlaridir, shu sababli deputatning alangali daʼvolari avvalo oʻzlariga qaratilishi lozim.

Keyin Rasul Xidiraliyevich kompaniyamiz “har qanday ishga taʼsir koʻrsatish uchun yetarlicha kuchli” deya eʼlon qildi. Agar gap bizda dalillar bazasi kuchliligi va yuridik mavqeimiz ham puxtaroq ekanligi haqida boʻlsa, biz buni kutilmagan, lekin yoqimli maqtov oʻlaroq qabul qilamiz. Ammo deputat oʻz soʻzlariga oʻzgacha, lobbizm va sud jarayonlari ishtirokchilari oʻrtasidagi noqonuniy munosabatlarga daxldor maʼno berayotgan boʻlsa, men u insonga fikrlarini aniqroq ifodalashni tavsiya qilardim, toki har bir soʻziga huquqiy jihatdan qatʼiy baho berish imkoni boʻlsin.

Intervyuda yana aytilganki, “kompaniya asossiz ravishda narxlarni oshirgan”. Vaholanki, hozirgi ommaviy munozara jarayoni butunligicha ushbu daʼvoning bahsli ekanligi atrofida qurilmaganmi? Hurmatli sud uni tasdiqlash yoki rad etishga intilmayaptimi? Shunday ekan, sud qarori chiqquniga qadar oʻz tasavvurlarini haqiqat deya taqdim etish qanchalik toʻgʻri? Boz ustiga, kimlardir buni oliy qonunchilik hokimiyati vakilining sud hokimiyatiga bosim oʻtkazishga urinishi deb tushunishi mumkin.

Butun intervyuning leytmotivi deputat “UzAuto Motorsga qarshi kurashda toʻxtash niyatida emasligi”ni eʼlon qilishdan iborat. Bu holda, bosma, elektron OAV va telekanallar katta qiziqish bildirgan birinchi sud majlisiga kelgan Rasul Xidiraliyevichning keyingi tinglovlarga mutlaqo tashrif buyurmaganligi hayratlanarlidir. Zero, jarayonni oʻz koʻzi bilan koʻrganda, u ayrim tasavvurlarini oʻzgartirgan boʻlarmidi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?