UzAuto Motors monopol yuqori narx qoʻllaganini tasdiqlovchi toʻrt alomat aniqlandi — Kusherboyev

15:57 05 Avgust 2020 Jamiyat
827 0

Avvalroq, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tomonidan UzAuto Motors AJga nistabat tegishli ish qoʻzgʻatilgani haqida xabar bergan edik.

Deputat Rasul Kusherboyev UzAuto Motors AJ vakillari ishtirokida boʻlib oʻtgan videokonferens haqida fikr bildirdi.

"Kuni kecha Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tomonidan UzAuto Motors AJda Oʻzbekiston Respublikasining “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonuni va sohani tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishi, shu jumladan, ishlab chiqarilayotgan yengil avtomobillar tannarxi shakllanishi va narx qoʻllanilishi asosliligi yuzasidan oʻtkazilgan tekshiruv natijasida qoʻzgʻatilgan ish UzAuto Motors AJ vakillari ishtirokida videokonferens rejimida koʻrib chiqildi.

Tekshirish jarayonida quyidagi qonunbuzilish alomatlari aniqlangan. Xususan, UzAuto Motors AJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan yengil avtomobillarning amaldagi narxlarini shakllantirishda ayrim xarajatlarni oshirib kiritganligi sababli monopol yuqori narx qoʻllanilishi alomatlari aniqlangan. Bunda:

Birinchidan, avtomobillarning bazaviy narxini shakllantirishda normalanadigan xarajatlarni, yaʼni butlovchi qism va materiallar narxini oshirib kiritish;

Ikkinchidan, Jamiyat tomonidan avtomobillarning bazaviy narxini shakllantirishda oʻtgan yilning 9-oylik hisobot koʻrsatkichlari inobatga olish oqibatida normalanmaydigan xarajatlarning oshishi;

Uchinchidan, Jamiyat tomonidan avtomobillarning bazaviy narxini shakllantirishda reklama xarajati va boshqa xarajatlar asossiz kiritilishining narxga taʼsiri;

Toʻrtinchidan, avtomobillarning bazaviy narxini shakllantirishda kreditga bogʻliq xarajatlarning notoʻgʻri kiritilishi kabi omillar narx yuqori shakllanishiga sabab boʻlgan.

Bundan tashqari yengil avtomobillarni isteʼmolchilarga realizatsiya qilishda ayrim dilerlarga boshqalariga nisbatan afzal holatga qoʻyadigan imtiyoz va yengilliklarni berish, yangi tashkil etilayotgan dilerlar bilan shartnoma tuzishda shartnoma predmetiga taalluqli boʻlmagan shartlarni qoʻyish kabi holatlarni sodir etish alomatlari aniqlangan. Bu qisqa muddatda sotilgan avtomobillarning aksariyat qismi kam sonli ayrim dilerlar orqali sotilishiga sabab boʻlgan. (Shu yeri juda shubhali harakat)

Yana bir masala: “UzAuto Motors” AJ yangi tashkil etilayotgan dilerlik markazlari bilan tuziladigan dilerlik shartnomasiga 10 mlrd soʻm miqdorida oldindan toʻlov oʻtkazish shartini kiritgan boʻlib, biroq shu kunga qadar amalda ishlab turgan dilerlik markazlari bilan tuzilgan shartnomalarda bunday shartlar mavjud emas. Bu oʻz oʻrnida yangi ishtirokchilarning “bozor”ga kirib kelishida sunʼiy toʻsiq paydo qilgan.

Yana bir qiziq holat shundaki, maxsus aksiyaga tushgan avtomobillarni muddatli toʻlov asosida sotishni UzAuto Motors AJ oʻzi taʼsischiligidagi “Autosanoat Invest” MCHJ orqali amalga oshirish tizimini shakllantirgan. Bunda boshqa dilerlar toʻgʻridan-toʻgʻri bu ishni amalga oshira olishmay, sunʼiy toʻsiq qoʻyilgan.

Bu holatlar atroflicha muhokama etildi. Va kutilganidek, UzAuto Motors AJ bu vajlarni tan olmay qoʻshimcha hujjatlar bilan tanishib chiqib, ish mazmuniga taʼluqli materiallarni taqdim etishini bildirib oʻtdi. Shu sababli ishni koʻrishni yaqin kunlarda davom ettirishga qaror qilindi.

Muhokamada Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tomonidan ish boʻyicha maxsus komissiyasi qaror qabul qilganidan soʻng natijasi boʻyicha qoʻshimcha axborot taqdim etilishi maʼlum qilindi.

Shu sababli qoʻmita tekshiruvida aniqlagan raqamlar va ularning tahlili haqida komissiya qaroridan soʻng batafsil toʻxtalib oʻtamiz", deyiladi deputat axborotida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?