“UzAuto Motors” AJ tomonidan narxlarning oshirilishi boʻyicha Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining bayonoti

20:56 12 Mart 2020 Iqtisodiyot
326 0

Bugungi kunda jamoatchilik tomonidan “UzAuto Motors” AJ tomonidan ishlab chiqariladigan yengil avtomobillar narxlarining oshirilishi munosabati koʻplab eʼtirozlar bildirilmoqda.

Ushbu holat yuzasidan Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi quyidagilarni maʼlum qiladi.

Birinchidan, “UzAuto Motors” AJ yengil avtomobillarni ishlab chiqarish boʻyicha ustun mavqega ega boʻlib, korxonaga yillar davomida imtiyozlar va preferensiyalar berilishi qaramasdan, davlat tomonidan yaratilgan imkoniyatlardan korxonaning
yetarli darajada samarali foydalanmagan.

Korxona tomonidan mahsulot tannarxini kamaytirish yuzasidan koʻrilayotgan choralar samarasi past, xususan raqobatbardoshlikni oshirish yuzasidan koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida mahsulot tannarxi faqatgina 2 foizga pasaytirilishiga erishilgan.

Bundan tashqari, soʻnggi uch yil davomida korxona tomonidan 167 ta yangi uskuna va texnologiyalar ishga tushirilgan, bu korxonada mavjud texnologiyalarning atigi
2,1 foizini tashkil qilgan, 2017-2018-yillarda yangi ish oʻrinlari yaratilmagan.

Ikkinchidan, korxona tomonidan ishlab chiqarilgan yengil avtomobillarning ichki bozordagi narxlari tashqi bozordagi narxlaridan sezilarli darajada qimmat. 

Masalan, eksportga yoʻnaltiriladigan RAVON R2 (SPARK), RAVON R3 (Nexia), RAVON R4 (Cobalt) Rossiya bozorlarida chegirmalar bilan sotilmoqda, bu esa ichki narxlar bilan 20-50 foizgacha tafovut qilmoqda. Solishtirish uchun, “AvtoVAZ” AJ (Rossiya) mahsulotlarining ichki bozordagi narxlari Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi narxlaridan 30-40 foizga arzon.

Bundan tashqari, ichki bozordagi yengil avtomobillar narxi jahon bozoridagi raqobatchi korxonalar narxlaridan qimmatligi kuzatilmoqda.

Misol uchun, Tracker Premier modelining narxi 20 ming dollarni tashkil etsa, tashqi bozorlarda shu sinfdagi Hyundai Creta modelining narxi 15 ming dollarni, Nissan Terrano modelining narxi 15,5 ming dollarni tashkil etmoqda.

Uchinchidan, monopol mavqeini suiisteʼmol qilgan holda korxona tomonidan isteʼmolchi huquqlarini kamsitish holatlariga yoʻl qoʻyilib kelingan.

Jumladan, avtomobillarning bazaviy komplektatsiyasida koʻzda tutilgan ayrim butlovchi qismlarsiz sotilishi, mahsulotni shartnomada koʻzda tutilgan muddatlarda yetkazib berilmasligi, mahsulot uchun oldindan toʻlov qabul qilingan holda narx oshishi munosabati bilan qoʻshimcha toʻlovlar toʻlanishi va hokazo.

Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tomonidan 2019-yilda bazaviy komplektatsiyada koʻzda tutilgan, lekin amalda isteʼmolchilar tomonidan xarid qilingan 6,5 ming dona avtomobilga qoʻyilmay sotilgan 2,7 mlrd soʻmlik tumanga qarshi yoritkichlar isteʼmolchilarga yetkazib berilishi yoki qayta hisob-kitob qilinishi taʼminlandi.

Toʻrtinchidan, respublikada ishlab chiqarilmaydigan va yuqori narx segmentidagi avtomobillarning olib kirilishida xoʻjalik yurituvchi subyektlarga teng boʻlmagan raqobat shartlari vujudga kelgan.

2019-yilda amalda boʻlgan barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlarga avtomobillarni import qilishda teng shartlar taʼminlash imkoniyatini bergan imtiyozli tartib
2020-yil 1-yanvaridan bekor qilingan, biroq “UzAuto Motors” AJ tomonidan Single Unit Package (tayyor holda) shaklida olib kirilayotgan yoki amalda import qilinayotgan, respublikamizda ishlab chiqarilmaydigan yengil avtomobillarga aksiz soligʻi va bojxona stavkalariga boʻlgan imtiyoz saqlanib qolingan.

Beshinchidan, respublika hududiga olib kiriladigan avtotransport vositalarini sertifikatlashtirish va klimatik sinovlar tartibining murakkabligi.

Xorijiy korxonalar dilerlari tomonidan import avtomobillarga Oʻzbekiston hududida standartlashtirish va klimatik sinov talablari meʼyoridan ortiq qoʻyilganligi, xususan:

rasmiy diler bir yilda bitta modeldagi avtomobilni bir dona miqdorida olib kirishi mumkinligi, bir donadan ortiq olib kiriladigan boʻlsa, model maxsus sinovlardan, yaʼni sertifikatlashtirish va klimatik sinovdan oʻtkazilishi lozimligi, bunda har bir model 2 donadan test sinovi uchun berilishi va 15 ming km masofani respublika hududida bosib oʻtishi lozimligi, shuningdek, har bir test sinovi uchun oʻrtacha 30 mln soʻm toʻlanishi, standartlashtirish xodimlarini ishlab chiqaruvchining zavodiga diler hisobidan yuborilishi kerakligi;

ehtiyot qismlarni sertifikatlashda, jumladan avtotransport vositasi shinalarini “Oʻzstandart” agentligi sinov laboratoriyalariga muvofiqlik sertifikatini olish uchun berilganda ayrim koʻrsatkichlar boʻyicha laboratoriya sinovlari oʻtkazish imkoniyatining yoʻqligi bildirilmoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib hamda aholi va tadbirkorlik subyektlarining manfaatlarini himoya qilish, biznes yuritishda teng sharoitlar yaratish va sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida Qoʻmita tomonidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga yengil avtomobillarga amaldagi import boji va aksiz soligʻini stavkalarining pasaytirilishi va import asosida olib kelingan yengil avtomobillar uchun sertifikatlashtirish va klimatik sinovlar jarayonlarining oʻtkazilishi tartibini soddalashtirish masalasini Tashqi savdoni tarif va notarif tartibga solish boʻyicha Respublika Kengashining yigʻilishida koʻrib chiqish boʻyicha murojaat qilindi.

Oltinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-noyabrdagi 3386-sonli qarori bilan 2018-yilning 1-yanvaridan boshlab tovarlarga chegaralangan narxlar belgilash amaliyoti bekor qilingan (Vazirlar Mahkamasi tomonidan roʻyxati belgilanadigan ijtimoiy ahamiyatdagi mahsulotlar va ularning strategik turlari bundan mustasno).

Shunga koʻra “UzAuto Motors” AJ tomonidan 2018-yilning 1-yanvaridan boshlab ishlab chiqarilayotgan avtomobillar uchun narxlarni mustaqil belgilaydi. Bunda, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 30-martdagi 249-sonli qaroriga muvofiq korxona har chorakda monopoliyaga qarshi organga qoʻllanilayotgan narxlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etib boradilar, ushbu organ oʻz navbatida monopol turdagi tovarlar narxlarining oʻzgarishini tahlil qilib boradi.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq ustun mavqega ega xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan narxlarni oldindan kelishilishi koʻzda tutilmagan.

Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi “UzAuto Motors” AJ tomonidan yangi narxlarning kiritilishi bilan bogʻliq dastlabki hisob-kitob maʼlumotlarni oʻrganib chiqdi. Maʼlumotlarda narx oshishi mahsulot tannarxining oʻsishi bilan bogʻliqligi hamda korxona tomonidan 2017-yilning avgust oyidan narxlarni oshirmasdan kelganligi bilan izohlangan.

Ushbu hisob-kitob maʼlumotlar qay darajada iqtisodiy asoslanganligi va adolatli shakllanganligi aniqlash uchun korxonaning tadbirkorlik faoliyatini oʻrnatilgan tartibda tekshirish oʻtkazish taqozo etadi.

Hozirda vakolatli organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlarida tekshirish oʻtkazishning yangi tartibi ishlab chiqilayotgan boʻlib, ushbu yangi tartib joriy qilinishi bilan yuqoridagi holatlar qoʻshimcha ravishda chuqur oʻrganilishi maʼlum qilinadi.

Shu bilan birga, ishchi guruh tuzgan holda monopol mavqega ega boʻlgan “UzAuto Motors” AJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan yengil avtomobillar narxining shakllanishini tahlil qilish, uni pasaytirish boʻyicha qoʻshimcha zaxiralarni aniqlash hamda mahsulotlar narxlarning asosli qoʻllanilishi yuzasidan tekshirish oʻtkazishga ruxsat olish ishlari amalga oshirilmoqda.

 

Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi
Matbuot xizmati


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?