UzAuto Motors avtomobillarning chakana narxlari nima uchun oshirilganini qanday izohladi?

16:05 11 Mart 2020 Jamiyat
409 0

UzAuto Motors avtomobillarning chakana narxlari yangilangani boʻyicha rasmiy xabarnomani eʼlon qildi. 
Qayd etilishicha, "UzAuto Motors kompaniyasi narxlarni qayta koʻrib chiqish qarori narxlar konyunkturasi, shuningdek, ichki va tashqi bozordagi umumiy makroiqtisodiy vaziyatning oʻzgarishi bilan bogʻliq ekanligini maʼlum qiladi. 2020-yilning 4-martiga qadar shartnoma imzolagan xaridorlar uchun shartnomadagi barcha shartlar saqlab qolinadi.

2017-yilning sentyabr oyida soʻngi marta avtomobil narxlari oʻzgarganidan buyon dollarning soʻmga nisbatan ayriboshlash kursi oʻsdi, xom ashyo narxlari, kommunal xizmatlar tariflari, transport xizmatlari narxlari oshdi.

Bundan tashqari, avval soliq imtiyozlariga ega boʻlgan UzAuto Motors kompaniyasi 2019-yilning oktyabr oyidan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq soliqlarni umumiy asoslarda, jumladan? QQS boʻyicha toʻlashni boshladi. 2019-yilda kompaniya 2,5 trln. soʻm soliq toʻlagan boʻlsa, joriy yil uchun esa ushbu koʻrsatkich 4,2 trln. soʻmni tashkil qilishi kutilmoqda.

Yaqin kelajakda kompaniyaning oʻzi uchun belgilagan ustuvor yoʻnalishlardan biri bu soʻnggi vaqtda amaliyotda keng qoʻllanilayotgan isteʼmolchilar uchun ajratiladigan avtokredit va muddatli toʻlov tizimlarini yana-da rivojlantirishdir. Ushbu yoʻnalish banklar bilan yaqin hamkorlikni koʻzda tutadi. UzAuto Motors avtomobil kreditlarini rivojlantirishga tayyor boʻlgan banklar bilan hamkorlik uchun doim ochiq.

Aytish joizki 2019-yil davomida kredit dasturlari, muddatli toʻlov va boshqa maxsus takliflar natijasida isteʼmolchilarga 52 mingdan ortiq mashina sotildi.

Oʻzbekiston avtomobil bozorini global isloh qilish doirasida, sogʻlom raqobatbardosh ekotizimni yaratish maqsadida “Oʻzavtosanoat” yaqin kelajakda masʼul davlat organlari tomonidan koʻrib chiqiladigan Oʻzbekiston bozoriga olib kiriladigan xorijiy avtomobillarga bojxona toʻlovlarini kamaytirish tashabbusi bilan chiqdi. Ichki bozorda raqobatning kuchayishi UzAuto Motors kompaniyasining boshqaruv tizimini yana-da takomillashtirishga, kompaniyaning raqobatbardoshligini, shuningdek, ishlab chiqarilayotgan avtomobillarning sifati va hammabopligini oshirishga imkon beradi".
Xulosa oʻzingizdan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?