Ustuvor vazifa ado etildi. Sirdaryo viloyatiga safarbar etilgan harbiy xizmatchilar doimiy xizmatni oʻtash joylariga qaytdi

13:52 02 Iyun 2020 Jamiyat
240 0

Shu yilning 1-may kuni ertalab Sirdaryo viloyatidagi “Sardoba” suv ombori toʻgʻoni oʻpirilishi oqibatida texnogen tusdagi favqulodda vaziyat yuz berib, viloyatning Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida aholi yashash manzillari hamda hududlar suv va koʻchki ostida qoldi. Binolar, yoʻllar, kommunikatsiya tarmoqlari vayron boʻldi, aholi vaqtincha boshqa hududlarga evakuatsiya qilindi.

Toshqin oqibatlarini bartaraf etishga koʻmaklashish maqsadida Mudofaa vazirligining barcha harbiy okruglaridan harbiy xizmatchilar Sirdaryo viloyatiga safarbar etildilar. Armiya va xalq birligi, mardlarimiz Vatan va xalq osoyishtaligi yoʻlida har doim kamarbasta xizmatda ekanligi yaqqol namoyon boʻldi.
 

Oʻtgan muddat davomida harbiy xizmatchilar qoʻyilgan ustuvor vazifani ado etib, aholi yashash manzillari, hududlar, infratuzilma va ijtimoiy obyektlar, yoʻllar va telekommunikatsiya tarmoqlarida tozalash, tiklash va bunyodkorlik ishlarida fidoyilik koʻrsatishdi.

1-iyun kuni harbiy xizmatchilar buyruqqa asosan oʻzlarining doimiy xizmatni oʻtash joylariga qaytdi. Mudofaa vazirligi harbiy avtomobil nazorati inspeksiyasi va Ichki ishlar vazirligi yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan kolonnalarning yoʻllarda xavfsiz harakatlanishi taʼminlandi. Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari esa Guliston-Margʻilon yoʻnalishida temir yoʻl platformalari orqali manzilga yetib bordi. Doimiy xizmatni oʻtash joylariga yetib borgan harbiy xizmatchilar Vatanimiz tinchligi va xalqimiz osoyishtaligi yoʻlidagi sharafli va masʼuliyatli xizmat burchlarini ado etishda davom etmoqda.

Ha, Vatanimiz mardlari doimo jangovar shay, osoyishtalik barqarorligini taʼminlash yoʻlida sobitdirlar.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti boshligʻi polkovnik Bahrom Zulfiqorov “Sardoba” suv ombori bilan yuz bergan talafot oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha bajarilgan ishlar boʻyicha bergan maʼlumotlar ham buni tasdiqlaydi.

Jumladan, bevosita harbiylar tomonidan:

— 750 ta xonadonni tozalash, chiqindilarni olib tashlash va yangi qurilish mollarini tashish ishlari amalga oshirildi;

— 6 ta aholi punktida 1405 nafar harbiy qurilish hududida qurilish chiqindilarini olib chiqishda ishtirok etdi;

— Maxsus aloqa boʻlimi tomonidan 1,5 km, 20 ta ustun aloqa kabeli demontaj qilindi. Talafot koʻrgan 40 ta aloqa mobil bazasi tiklandi;

— 4 ta hududdagi 156 nafar mavsum boshidan buyon 4603 nafar fuqarolarga tibbiy yordam koʻrsatildi.

— Harbiy tibbiy xodimlar tomonidan 200 ga yaqin aholidan tahlillar olindi;

— Harbiy topograflar tomonidan talofat koʻrgan hududlarning 1000 tadan ortiq aero va kosmik suratlari tayyorlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?