Ustoz va murabbiylar — taraqqiyot yetakchisi

15:17 29 Sentyabr 2020 Siyosat
555 0

Yangilanayotgan Oʻzbekiston oʻzining ming yillar davomida shakllangan shonli tarixi va mustaqillik yillarining mashaqqatli davrida erishgan taraqqiyotida navbatdagi Uchinchi Renessansga poydevor yaratar ekan, ushbu milliy gʻoyaning oʻzan maqsadiga erishishda, albatta, inson omili hal etuvchi manbadir. Darhaqiqat, bugungi jadal surʼatlar bilan rivojlanayotgan ilmu fan, zamonaviy texnologiyalar insonlarning nafaqat turmush tarzi, balki ijtimoiy tafakkurining tubdan oʻzgarishiga jiddiy talab qoʻymoqda. Xususan, tobora keskin tus olayotgan globallashuvning tahlikali sharoitida azaliy qadriyatlar qadrsizlanib, siyosiy-iqtisodiy mustaqillikning xavfli darajada cheklanishi har bir mamlakatning kun tartibiga oʻz davlatchiligi va milliy oʻzligini kelajak avlodlarga bekamu koʻst yetkazishdek muqaddas vazifani koʻndalang qoʻymoqda.

Demak, ushbu tahdidlardan betalafot chiqishning yagona yoʻli – davlatning tabiiy-moddiy, ilmiy-texnik hamda madaniy-maʼnaviy salohiyatini safarbar etish barobarida yangi tashabbuskor olimu muhandis, meʼmoru ijodkor vorislarni tarbiyalashdek dolzarb masʼuliyat ustoz murabbiylar zimmasidadir. Koʻhna tarix moddiy va nomoddiy merosidan ayonki, yurtimizda ustoz-shogird anʼanasi, ustozi avval unvoni oliysi, ilohiyot tariqat va dunyoviy ilmlar «Baytul hikma»lari koʻhna moziylarda shakllanib, insoniyat taraqqiyotini yangi ufqlarga yetakladi. Va yana, oʻtmishdan bizgacha yetib kelgan yodgorliklarning guvohlik berishicha, azal-azaldan har qanday qabila, elat va xalq rivojlanish tarixining silsilasida ustoz-murabbiylarning hayotiy kuzatuv tajribasi, ilmiy va kasbiy kashfiyotlari dastlab insonning kamoloti, pirovardida esa, insoniyat taraqqiyoti rivojlanishida poydevor boʻlib kelgan va hanuz oʻzining oʻzan-mohiyatini saqlab kelmoqda.

Qadimshunos tarixchilarning vatanimiz hududida yuzlab arxeologik yodgorliklarida olib borgan qidiruv qazishma tadqiqotlari natijasida qoʻlga kiritilgan kashfiyotlari, jumladan, kasbu hunar, sanʼat, urf- odatlar qatorida aqidaviy va dunyoviy bilimlarni yosh avlodga taʼlim beruvchi tizim mavjudligini tasdiqlamoqda.

Masalan, Zarautsoy, Sarmishsoy, Suratlisoy, Xoʻjakent va Oʻzbekistondagi koʻplab qoyatosh suratlar oʻzining mazmuni, mavzusi, uslub xususiyatlari va tuzilishi jihatidan rang-barang boʻlib, ibtidoiy davrga oid ochiq osmon ostidagi darsxona vazifasini oʻtagan boʻlsa ne ajab. Chunonchi, inson, hayvon, qurol-yarogʻ, uy-roʻzgʻor, kiyim-bosh va boshqa buyumlar tasvirlangan bu suratlar qadimgi odamlarning hayot tarzi, urf-odatlari, his-tuygʻularini oʻrganishda muhim koʻrgazmali qoʻllanma sifatida ahamiyatga egadir. Demak, inson ongli hayotining ilk qadamlaridan qabilabosh yoki tajribador yetakchi bilimdon rahnamoligida borliqning sir-asrorlarini, kasb-hunar koʻnikmalarini oʻzlashtirgan va toʻplagan tajriba asnosida navbatdagi ijtimoiy-xoʻjalik pogʻonasiga koʻtarilgan.

Albatta, ushbu mingyillik tarixiy bosqichlar jarayonida rivoj topib, madaniy-maʼnaviy, ilm-fan va ijtimoiy tafakkur yuksalishining mezoni boʻlgan milliy pedagogikaning anʼana va tamoyillarini yana-da chuqurroq tadqiq va tatbiq etish bugungi kunning dolzarb vazifasidir.

Maʼlumki, hozirda Oʻzbekiston aholisining uchdan ikki qismini yaʼni 65 foizini yoshlar tashkil etadi va bu koʻrsatkich boʻyicha mamlakatimiz jahon ekspertlari xulosasiga muvofiq “eng yosh” mintaqalardan biri hisoblanadi. Shu bois, yosh avlodning, avvalo odob-axloq madaniyatini yuksaltirish, ilmu fan va ijodga havas ishtiyoqini mustahkamlash, oʻzi tanlagan sohada peshqadam tashabbuskor mutaxassis boʻlishga intilishini har jihatdan qoʻllab-quvvatlash, va pirovardida, yetuk olim yoki ijodkor darajasida oʻz ilmiy-kasbiy yoʻnalishidagi maktabni yangi ufqlarga yetkazish yohud yangi yoʻnalishda maktab yaratajak salohiyatga ega ustoz-murabbiylarni tarbiyalash nihoyatda dolzarb masala. Ushbu vazifani hal etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida soʻzlagan nutqida Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyani qabul qilish tashabbusi bilan chiqqan edi. Joriy yilning avgust oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida yoshlar huquqlariga bagʻishlangan Samarqand xalqaro forumi ushbu konvensiya loyihasining muhokamasini oʻz ichiga oldi hamda ekspertlarning ijobiy rezonansiga sabab boʻldi. Shu bois davlatimiz rahbari BMTning 75-sessiyasida soʻzlagan nutqida jahon hamjamiyatini Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti konvensiyasini qabul qilish boʻyicha Oʻzbekiston tashabbusini qoʻllab-quvvatlashga chaqirdi.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekistonning ushbu tashabbusiga asos qilib, yoshlarning soni ikki milliarddan ortib qolgani, xalqaro terrorizm va esktrimizm shiddat bilan oʻsib borayotgan bir paytda yoshlarga himoya zarurligini muhim omil sifatida koʻrsatdi.

Soʻnggi yillarda zamonaviy taʼlim sohasining barcha boʻgʻinlarida amalga oshirilayotgan tizimli tub islohotlar pedagog-kadrlarning faoliyati hamda bilim va salohiyat darajasini oshirish, jarayonlarga nisbatan shaxsiy yondashuvni ham qayta koʻrib chiqish kabi aniq talablar ilgari surilmoqda. Zero, ustoz-murabbiylar oldiga shaxs, jamiyat va davlat ehtiyojlariga toʻla javob beradigan taʼlimning yangi sifat darajasiga oʻtish va rivojlantirish uchun sharoitni taʼminlash vazifasi qoʻyilgan.

Muxtasar qilib aytganda, aynan professor-oʻqituvchilarning ilmiy va ijodiy salohiyati ijtimoiy tafakkurning yana-da yuksalishiga qaratilgan ana shunday istiqbolli va maqsadli dasturlarni amalga oshirishda samarali omil boʻlib xizmat qiladi. Binobarin, taʼlim sohasida qanday oʻzgarishlar boʻlmasin, ustoz-oʻqituvchi ijtimoiy taraqqiyotning asosiy yetakchisi hamda asosiy strategik va texnologik manbai boʻlib qoladi. Uning kasb mahorati, axloqiy qadriyatlari va aql-idrokiga nafaqat taʼlim sifati, balki, bugungi va kelajak avlodlarning ham taqdiri bogʻliqdir. Jamiyatni oʻzgartirishda uning ustuvor vazifasidan xabardor boʻlish, pedagogik salohiyatni rivojlantirishga eʼtiborni kuchaytirishni talab qiladi.

Kuni kecha davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonun nafaqat davlatimiz taʼlim tizimining rivoji, balki, pedagog-kadrlar jamiyati uchun ulkan eʼtibor namunasi, soha taraqqiyoti uchun qilinayotgan saʼy-harakatlarning amaliy ifodasi boʻldi.

Qonunda taʼlim tashkilotlari pedagog xodimlariga ham taʼlim-tarbiya jarayoni ishtirokchilarining shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsini hurmat qilishi, oʻquv mashgʻulotlarining sifatli oʻtkazilishini taʼminlashi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, oʻqitish va tarbiyaning ilgʻor hamda innovatsion shakllari va usullaridan foydalanish, shuningdek, oʻz malakasini muntazam oshirib borish, egallab turgan lavozimiga muvofiqlik jihatdan davriy attestatsiyadan oʻtish bilan bogʻliq qator majburiyatlar yuklanmoqda. Shuningdek, pedagog xodimlarga oʻz kasbiy faoliyatini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratilishi hamda ularning kasbiy faoliyatiga, taʼlim oluvchilarning bilimini toʻgʻri va xolis baholashga taʼsir koʻrsatish yoʻli bilan aralashishga, pedagog xodimlarning xizmat majburiyatlarini bajarishga toʻsqinlik qilishga yoʻl qoʻyilmasligi, shuningdek, pedagog-xodimlarni ularning lavozim majburiyatlari bilan bogʻliq boʻlmagan har qanday boshqa ishlarga jalb qilish taʼqiqlanishi bilan bogʻliq normalar oʻz ifodasini topgan.

Ustoz-murabbiy mamlakat taraqqiyoti yetakchisi boʻlishdek ulugʻ maqomga ega ekan, uning haq-huquqlari va ijtimoiy himoyasi davlat nazorati ostidadir.

Oydin ABDULLAYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Fan, taʼlim, madaniyat va sport
masalalari qoʻmitasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?