Usta Nikolayning armoni

14:38 16 May 2018 Madaniyat
123 0
Николай Анисимов ижодидан намуналар. Фото: "Халқ сўзи"

Nikolay Anisimov milliy hunarmandchiligimizning qadimiy turlaridan bo‘lgan miskarlik, rextagarlik, kandakorlik sohalarida birdek kamolot kasb etgani tufayli nafaqat Buxoroda, balki respublikamizda ham yuksak hurmat-e’tibor qozongan. Bu sohalarning qadriga yetadigan mutaxassislar, kolleksionerlar uni birgina so‘z bilan “Usta” deb ta’riflashadi.

Bu o‘z kasbini sevgan inson uchun eng yuksak unvon. U yasagan miskarlik, kandakorlik buyumlari YuNESKOning Parijdagi qarorgohini, dunyoning ko‘plab mamlakatlaridagi shaxsiy kolleksiyalarni, Buxorodagi Abduxoliq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband, poytaxtimizning Hastimom me’moriy majmualarini bezab turibdi. Farzandlari Dmitriy, Vladimir ham ota kasbini davom ettirishmoqda. Hunarmandlar o‘rtasida o‘tkaziladigan ko‘rgazmalarning viloyat va respublika bosqichlarida ularning ishlari yuksak baholangan.

— Modarixon madrasasining bir-ikki hujrasini hunarmandlik ustaxonasiga aylantirib, o‘tgan asrning to‘qsoninchi yillari boshidan shu yerda faoliyat yuritib kelayapman, — deydi Nikolay aka sof o‘zbek tilida. — Allohga shukr, musulmon bo‘lganimga 20 yildan oshdi. Madrasaning o‘nlab hujralari bo‘sh yotgani afsuslanarli, qaniydi, hunarmandlar bu joylarni to‘ldirib, ajdodlarining kasbu korlarini davom ettirishsa, deyman.

Николай Анисимов ижодидан намуналар. Фото: "Халқ сўзи"

Ma’lumotlarga qaraganda, Buxoro XVIII asrdan XX asr boshlariga qadar miskarlik, kandakorlik bo‘yicha Markaziy Osiyoning asosiy markazi hisoblangan. XX asr boshlarida bu yerda 100 nafar miskar faoliyat yuritib, ularning 50 nafari hunarmandchilik buyumlarini yuqori sifat bilan yasash iqtidoriga ega bo‘lgan. O‘tgan asrning o‘rtalarida miskarlik, kandakorlik bu yerda tanazzulga uchrab, haqiqiy ustalar qolmadi. Ammo bundan o‘ttiz yillar muqaddam Nikolay Anisimov milliy hunarmandchilikning bu qadimiy turlarini qaytadan tiklashga qaror qildi hamda sohaga doir kitoblar, albomlar, kataloglardan choynak, chilim, dastsho‘y singari buyumlarni qanday yasash kerakligini mustaqil o‘rgana boshladi. Bu yo‘lda unga sulolaviy miskar usta Said Fayozovning ta’siri ham katta bo‘ldi.

— Qadimiy masjidu madrasalarning har bir g‘ishti ruhiy quvvat, ma’naviy nur tarata olishini his etgan hunarmandgina muvaffaqiyat qozona oladi, — deydi usta Nikolay komil ishonch bilan. — Dunyoning turli chekkalaridan bu yerga sayyohlar shuning uchun oqib kelishadi.

Янги ижод номунаси яратилмоқда. Фото: "Халқ сўзи"

— Modarixon madrasasiga hamma sayyohlar ham kelaverishmaydi, — milliy hunarmandchilik buyumlari oshuftasi, usta Nikolayning muxlisi Sulaymon Muhsinov madrasa hovlisida sochilib yotgan stol-stullarga ishora qiladi. — Avvaldan qiziqib, ma’lum ma’lumotlarga ega bo‘lib, atay qidirib keladigan chet ellik sayyohlar uchun har bir g‘isht, devorlardagi qadimiy naqshlar mo‘’jiza bo‘lib ko‘rinadi, soatlab tikilib ham to‘yishmaydi. Mahalliy sayyohlar esa bu yerda osh pishiradigan doshqozon borligini eshitib kelishadi — bunday munosabat har qanday kishini afsuslantirmasdan qolmaydi...

— Hunarmandchilikning metall bilan bog‘liq turlari yo‘qolib borayotgani juda achinarli, — deydi Nikolay Anisimov. — Qozog‘iston kinoijodkorlari katta mablag‘ yo‘naltirilgan “Ko‘chmanchilar” badiiy filmini suratga olishayotganda, askarlar dubulg‘asini yasaydigan ustani o‘zlarida topolmay, menga kelishgandi. Farzandlarim bilan ishlab, ularga 16 ta dubulg‘a yasab berganmiz. Men o‘z kasbimni yoshlarga o‘rgatish uchun hamisha tayyorman. O‘quv dargohi ochib berishsa ham, mayli, o‘zim o‘qitib, o‘zim tarbiyalayman, ustaxona ochib berishsa ham roziman — gap nomda emas, amaliy natijada.

2018 yil 10 yanvar kuni “O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi huzuridagi Buxoro viloyati “Davlat mulkini ijaraga berish markazi” davlat unitar korxonasi” direktori v.v.b. A. Po‘latov imzosi bilan Nikolay Anisimovga ogohlantirish xati yuborilib, unga “Modarixon” majmuasidan 36,57 kv.m. bino-inshoot ijaraga berilgani qayd etilgan hamda maktub davomida turli hujjatlar ro‘kach qilinib, ustadan bu yerdagi joylar endi tanlov asosida ijaraga berilishi, xohlasa, tanlovda qatnashishi mumkinligi, aks holda esa, joyni bo‘shatib qo‘yish talab etilgan.

Madrasada o‘nlab hujralar bo‘sh, qarovsiz yotgani holda, tarixiy obidalar jonkuyari usta Nikolay Anisimov ijaraga olib turgan arzimas joy, bir-ikkita hujra uchun bunday iddaolar ortiqcha ekanligi o‘z-o‘zidan ayon. Holbuki, ustaning yoshlarni yo‘qolib borayotgan milliy hunarmandchilikka o‘rgatish orzusini amalga oshirish uchun unga amaliy yordam ko‘rsatish kerakligi ko‘p ham bosh qotiradigan muammo emasligi o‘z-o‘zidan oydinlashadi.

— Koshinpazlik hunari ham bir mahallar Buxoroda paydo bo‘lib, keyin Eronga ko‘chgan, — deydi Buxoro viloyati bosh imom-xatibi Mansur Nurullayev. — Endi u yerda bu hunar rivojlanib, o‘zimizda yo‘qolib ketdi. Biz yo‘nalishni to‘g‘ri olishimiz kerak: vaqtni boy bermay, qadimiy hunarmadchiligimizni, buyuk ajdodlarimizning an’analarini davom ettirishni istaganlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlasak, ularga ko‘maklashsak, ertaga bu o‘zimizga katta investitsiya olib keladi. Usta Nikolay aytmoqchi, madaniy meros ob’ektlari bo‘lgan qadimiy madrasa hamda masjidlarni oshxona, kafe, restoran yoki savdo do‘koniga emas, o‘sha qadimiy yo‘nalishiga qarab ijaraga berish kerak. Bugun tushadigan arzimas ijara pullariga qiziqish bunday ishlarni o‘n yillab orqaga surib yuboradi. Endi ko‘zimizni ochishimiz kerak. Azaliy an’analarga qarab ish tutsak, bu bugun ham, ertaga ham nafaqat moddiy, balki ma’naviy-ma’rifiy daromad ham olib keladi. Prezidentimizning bu borada olib borayotgan siyosatlari hayotga mana shunday munosabatda bo‘lishni talab etmoqda, buni to‘g‘ri anglab, to‘g‘ri yo‘l tutishimiz kerak. Qadimiy inshootlar hunarmandlarga berilsa, “Ustoz — shogird” an’analari yana tiklanadi, izzat-hurmat, madaniyat shakllanadi.

Shoyim Bo`taev.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?