Usmonxon Alimov: “Vatanimizda tinchlik va osoyishtalik doimiy boʻlsin”

16:57 12 Avgust 2019 Jamiyat
150 0

Ayni paytda yetti ming nafardan ziyod hamyurtimiz Saudiya Arabistonining Makka shahrida haj ibodatining eng muhim amallarini ado etmoqda. Buning uchun davlatimiz tomonidan qanday chora-tadbirlar koʻrildi? Bu yilgi mavsumning oʻziga xosligi nimalarda namoyon boʻlyapti?

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon ALIMOV “Xalq soʻzi” gazetasi uchun bergan eksklyuziv intervyusida shu kabi savollarga batafsil javob berdi.

— Suhbatimiz Vatandan olisda, muborak Qurbon hayiti bayrami shukuhi kezib yurgan bir paytda boʻlyapti. Aytingchi, hojilarimizning bugungi kayfiyati qanday?

— Hojilarimizning quvonchlari cheksiz, kayfiyatlari nihoyatda chogʻ. Ularning qaysi birlari bilan gaplashmang, oʻzlarining mamnunliklarini ifoda qilyapti. Davlatimiz rahbarining yurtimiz moʻmin-musulmonlariga koʻrsatayotgan bunday yuksak eʼtibori va ehtiromi hojilarimizni ruhlantirib yubordi.

Darhaqiqat, gʻururlanishning sabablari koʻp. Oxirgi yillarda barcha sohada olib borilayotgan ulkan islohotlar tufayli katta oʻzgarishlar boʻlyapti, mamlakatimiz taraqqiyotga yuz buryapti.

Shular qatorida diniy jabhada ham olamshumul ishlar qilinyapti. Misol uchun, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi barpo qilinayotgani, Mir Arab oliy madrasasining tashkil etilishi, koʻplab masjid va madrasalarning ochilishi, aziz-avliyolar qadamjolari obod qilinishi — bularning barchasi ezgu saʼy-harakatlarning bir qismi, xolos. Ularning koʻlami yil sayin kengayib bormoqda. Bundan tashqari, “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari sharofati bilan kundan-kun hududlarimiz obod boʻlib boryaptiki, ularni soʻz bilan taʼriflab boʻlmaydi. Bularning zamirida, albatta, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik yotadi. Shu oʻrinda, Paygʻambarimiz alayhissalomning quyidagi hadislari yodga tushadi: “Ikki neʼmat borki, koʻpchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. U – xotirjamlik va sihat-salomatlikdir”.

Buni qarangki, ana shu neʼmatlarning ikkalasi ham bizning diyor insonlariga berilgan va buning qadriga yetmogʻimiz kerak. Chunki davlatimiz fuqarolarning tan sihatligi, salomatligi xususida qaygʻuryapti. Xalq tinch-osoyishta, xotirjam yashasin, deb hamma choralar koʻrilmoqda. Joylarda davlat shifoxonalari bilan birga, xususiy davolanish maskanlari barpo etilyapti. Demak, barcha oʻzgarishlarning zamirida mana shu ikki neʼmat mujassamdir. Binobarin, ushbu neʼmatlar tufayli bu yil ham yurtdoshlarimiz Saudiya Arabistoniga haj ibodatini qilish uchun sogʻu salomat yetib keldilar, qulay shart-sharoitlarda yashab, islomning beshinchi farzi ruknlarini bajaryaptilar.

— Siz muqaddas safarning birinchi kunidan boshlab hojilarimizga hamrohlik qilyapsiz. Ular bilan muntazam ravishda uchrashib, diniy-maʼrifiy suhbatlar oʻtkazmoqdasiz. Aytingchi, ziyoratchilar hukumatimiz tomonidan Vatandan olis manzillarda yaratib berilayotgan shart-sharoit va qulayliklardan nechogʻli mamnun boʻlishmoqda?

— Prezidentimizning tashabbusi bilan haj va umra safarlarini tashkil etish boʻyicha koʻplab yutuqlarga erishilmoqda. Jumladan, bu yil narx arzonlashtirilib, xizmat sifati yaxshilangani yuksak gʻamxoʻrlik namunasi boʻldi. Bundan tashqari, hojilarimiz ilk bor Madina shahrida besh yulduzli, Makkada esa toʻrt yulduzli mehmonxonada joylashdilar. Bu yerda yashash, ovqatlanish boʻyicha yaratilgan sharoit oʻsha toifadagi xizmat koʻrsatish majmualariga qoʻyiladigan talablarning barchasiga mos keladi. Tabiiyki, bundan hojilarimiz juda mamnun boʻlishyapti.

Oʻzbekistonliklar oʻzlarini xuddi oʻz Vatanida yurgandek his qilishmoqda, musofirlikni sezishmayapti. Sababi tashkil etilgan Ishchi guruhi, ellikboshilar doimo ularning yonida, 35 nafar shifokor sogʻligʻidan xabardor boʻlib turibdi. 15 nafar oshpaz esa tansiq milliy taomlardan tayyorlab berishyapti. Xizmat koʻrsatish yildan-yilga yuksalib borayotganini koʻrgan, undan foydalanayotgan hojilar davlatimizdan rozi boʻlyapti, Prezidentimizga minnatdorlik bildiryapti, bunday yuksak maqomga yetganidan shukronalikni bajo keltiryapti. Bizdagi shart-sharoitlarga boshqa davlatlar hojilari havas bilan qarashmoqda. Masalan, Saudiya Arabistonining Haj ishlari vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi Makka shahrida tashkil etilgan tibbiyot markazimiz faoliyatiga yuqori baho berib, oʻz tashakkurlarini aytishdi.

Yana bir eʼtiborli jihati, tarixda birinchi marta Oʻzbekiston hojilarining tartibi, odobi, Ishchi gurhining ishlash tartibi Haj ishlari vazirligi tomonidan yuqori baholanib, dunyodagi yetakchi beshtalik davlatlar safiga kiritildi. Bu ham Oʻzbekis-tonimizning obroʻsidir.

— Hozir yurtdoshlarimiz ulugʻ haj ibodatining farzlaridan birini ado etish uchun Arofat maydonida jam boʻlishgan. Muqaddas kitoblarda keltirilishicha, bu joyda qilingan duolar ijobat boʻlar ekan...

— Paygʻambarimiz alayhissalomning hadislarida aytilishicha, kimki Alloh uchun haj qilgan boʻlsa, haj davomida biror uyat gapni gapirmagan, fujur ishlarni qoʻli bilan, tili bilan, oyogʻi bilan ham qilmagan boʻlsa, yurtiga onadan tugʻilgan goʻdakdek pok boʻlib boradi. Hojilarimiz bu yerda shunga amal qilib, ibodatlarni toʻla-toʻkis bajaryaptilar. Insha Alloh, Arofat, Mino, Muzdalifada qilingan duolar Allohning dargohida qabul boʻladi.

Hojilarimiz Arofatga chiqqanlarida Yaratgandan, avvalo, oʻzlarining gunohlarini magʻrifat qilishni, yurtimiz, Vatanimiz tinch boʻlishini, samoviy, arroziy balolardan saqlashini soʻrab, astoydil duo qilishmoqda. Prezidentimiz, xalqimiz haqlariga duo qilmoqdalar.

Bu joylarda gunohdan pok boʻlib, yurtimizga sogʻ-omon qaytgan vatandoshlarimiz oʻzlarining ibratli fazilatlari, jamiyat hayotidagi faol ishtiroki bilan barchaga namuna boʻlib, oʻsib kelayotgan yosh avlodning vatanparvar, maʼnaviyatli, maʼrifatli, ota-onasiga, yurtiga xizmat qiladigan sodiq, solih farzandlar boʻlishi uchun oʻz hissalarini qoʻshadilar. Yetim-yesirlar, kambagʻallar, miskin va muhtojlarning holidan xabardor boʻlishga koʻproq hissa qoʻshishga harakat qiladilar, degan umiddamiz.

Shu fursatdan foydalanib, mana shunday muqaddas joylarda nafaqat oʻzim, balki oʻzbekistonlik hojilar nomidan Prezidentimizni, xalqimizni Qurbon hayiti bayrami bilan muborakbod qilaman. Yurtimiz bundan ham farovon boʻlsin, unga hech qachon koʻz tegmasin. Parvardigori olam jannatmonand goʻzal diyorimizni ofat-kulfatlardan asrasin. Jonajon Vatanimizga ulugʻ neʼmat — tinchlik va osoyishtalikni doimiy qilib bersin.

Prezidentimizning yurti uchun, xalqi uchun, diyori uchun ixlos bilan, iymon bilan qilayotgan xizmatlarida Alloh madadkor boʻlsin! Oʻzbekistonimizning dunyo maydonida nomi va oʻrni bundan-da sarbaland boʻlsin!

“Xalq soʻzi” maxsus muxbiri
Said RAHMONOV
suhbatlashdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?