Usmonxon Alimov: safar “kashf etmoq, koʻrsatmoq” demakdir

11:41 22 Fevral 2019 Jamiyat
382 0

Said Rahmonov/“Xalq soʻzi ONLINE”. Buxoro shahrida boʻlib oʻtayotgan I Xalqaro ziyorat turizmi forumining ochilishida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov soʻzga chiqdi. U oʻz maʼruzasida safar va ziyoratlarning inson sogʻligʻi, ruhiy tetikligi hamda maʼnaviy olamiga taʼsiriga eʼtibor qaratdi.

— Arab tilidagi safar soʻzining yana bir maʼnosi ham “kashf etmoq, koʻrsatmoq”dir, — deydi u. — Hazrati Paygʻambarimiz sallollohu alayhi vassalam bir hadisi shariflarida “Safar qilinglar, sogʻlom va rizqu nasibali boʻlasizlar”, deb marhamat etganlar.

Maʼlumki, safar qilishda sogʻliq hamda ruhiy tetiklik uchun koʻp manfaatlar bor. Chunki safar tabiatan harakatga bogʻliq boʻladi va tabarruk joylar ziyorati kishiga ruhiy quvvat bagʻishlaydi.

Muftiy hazratlarining taʼkidlashicha, safarning foydali jihati uning nima maqsadda ekaniga bogʻliq. Bunga jahonga mashhur hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy bobomizning hayotlari yorqin misol boʻla oladi. Zero, ulugʻ muhaddis bobomiz umrining ayni navqiron davrlarini xorijda ilm talabida safarda oʻtkazganlar. Jahon kezib, ilm olgan bobomizning ilmiy meroslari hozirgi paytgacha butun dunyoga ziyo taratmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?