Usmonxon Alimov dunyoning eng nufuzli musulmonlari roʻyxatidan joy oldi

14:50 27 Oktyabr 2020 Jamiyat
356 0

Amman shahridagi Qirollik Islomiy Strategik tadqiqotlar markazi Jorjtaun shahridagi Musulmon-nasroniy oʻzaro anglash markazi koʻmagida dunyodagi eng nufuzli 500 musulmonning yana bir roʻyxatini tayyorladi. Tadqiqot 2009-yildan beri har yili nashr etiladi.

26-oktyabr kuni ketma-ket oltinchi marta eʼlon qilingan Muslim 500-2021 reytingida Oʻzbekiston Bosh muftiysi Usmonxon Alimov nomi ham keltirilgan.

“Alimov 2006-yildan buyon Oʻzbekiston bosh muftiysi boʻlib ishlaydi. U ilgari mufti boʻlgan Samarqand viloyatida ekstremistlarga qarshi kurashda moʻtadil pozitsiyasi va isbotlangan tajribasi bilan hurmatga sazovor. Alimov Toshkentning 2007-yilda ISESCO Islom madaniyati poytaxtiga aylanishida muhim rol oʻynagan”, deyiladi Muslim 500-2021 reytingida.

Bu yil dunyodagi eng nufuzli musulmonlar reytingini Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdogʻan boshqarmoqda. Undan keyin Saudiya qiroli Salmon ibn Abdulaziz hamda Eronning 1989-yildan beri Oliy diniy rahnamosi Oyatulloh Said Ali Xamenei bor.

Dastlabki beshlikni 1999-yildan beri Iordaniya qiroli, Quddusdagi muqaddas qadamjolar qoʻriqchisi Abdulla II ibn Husayn al-Hoshimiy hamda yetakchi islom mutafakkiri, islom moliyasi asoschilaridan biri Shayx Muhammad Taqi Usmoniy yakunlaydi.

Top-50 tarkibiga Pokiston Bosh vaziri Imron Xon (15 oʻrin), Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon (23 oʻrin), Tojikistonda yashovchi dunyodagi ismoiliylarning maʼnaviy yoʻlboshchisi Shoh Karim al-Husayniy (30 oʻrin), misrlik futbolchi Muhammad Saloh (42 oʻrin) ham kiritilgan.

Shuningdek, reytingda prezidentlar Ilhom Aliyev (Ozarbayjon), Gurbanguli Berdimuhammedov (Turkmaniston), Emomali Rahmon (Tojikiston), Ramzan Qodirov (Checheniston) hamda UFCning yengil vazn boʻyicha chempioni Habib Nurmagomedov va boshqalar oʻrin egallagan

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?