Uslubiyatchi pedagoglar oliy oʻquv yurtiga kirish imtihonlarini oʻzgartirish boʻyicha taklif bildirdi

15:51 08 Aprel 2019 Jamiyat
233 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Bugungi kunda taʼlim tizimida yoshlarning ham, ota-onalarning ham taʼlim sohasiga oid dunyoqarashlarini keskin oʻzgartirishni taʼminlaydigan, oʻqituvchilarni esa oʻz ustida ishlashga, faoliyatida innovatsion pedagogik texnologiyalarni samarali qoʻllashga daʼvat etadigan mexanizm yaratish dolzarb masalalardan biridir.

OAVda mazkur muammoga oid koʻplab takliflar bildirilyapti, saʼy-harakatlar qilinyapti. Lekin ularning aksariyati targʻibot xarakterida boʻlganligi tufayli amaliy samarasi past. Shu bois biz, uslubiyatchi pedagoglar turli takliflarni bahs-munozaralar bilan muhokama qildik va bilimni baholash jarayonidagi tashqi taʼsir — odam faktorini yoʻqotish uchun innovatsion axborot texnologiyalarini joriy etib, sinovlarni onlayn tarzida oʻtkazish kerak, degan xulosaga keldik. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi (DTM) faoliyatiga oʻzgartirishlar kiritish, birinchi navbatda, sinov jarayonidagi qogʻozlar (abituriyentlarga beriladigan test topshiriqlari kitobchasi, javob varagʻi)dan voz kechish lozim.

Taklifimizga koʻra, oliy oʻquv yurtiga kirish imtihonlari ham quyidagicha tashkil etilsa, samarali boʻladi. Yaʼni DTM va boshqa mutasaddi tashkilotlar 17 ta test oʻtkazish zali (jumladan, Toshkentda 3 ta, Samarqandda 2 ta, boshqa viloyat markazlari va Nukus shahrida 1 tadan) tashkil etadi va ularning har birini kamida 250 tadan kompyuter bilan jihozlaydi.

Viloyat va shahar rahbarlari, xalq taʼlimi boshqarmalarining rahbarlari hamda boshqa tashkilot mutasaddilari test oʻtkazish zaliga mutlaqo kiritilmaydi, ular bitiruvchilarni test oʻtkazish zaliga olib kelish jadvalini tuzadilar va uni amalga oshirish­ni tashkil etadilar. Zalda tartibni saqlash va boshqarish DTM tomonidan ajratilgan bir necha mutaxassis-nazoratchi zimmasiga hamda nazorat kameralariga yuklanadi.

Test oʻtkazish zalidagi har bir kompyuter qarshisiga bitta bitiruvchi joylashadi, uning kompyuteriga matematika, fizika, kimyo, biologiya, geografiya, tarix, ingliz tili, rus tilidan 10 tadan DTM bankidan olingan topshiriq maxsus dastur yordamida variant koʻrinishida ajratib beriladi.

Bitiruvchilarning ona tili va adabiyot boʻyicha bilimini baholash usulini ishlab chiqishni uslubiyatchi mutaxassislarga havola qilaylik. Mutaxassislar bu masalada bir toʻxtamga keladi, deb umid qilamiz. Lekin oʻz ona tilida fikrini yozma va ogʻzaki bayon qila olishi hamda mumtoz va zamonaviy adabiyot durdonalaridan boxabarlik darajasi qoniqarli baholanmagan insonni shu millatning savodli vakili, deb hisoblash mumkin emas.

Oʻrta taʼlim maskanlarida oʻqish jarayoni may oyining oxirida yakunlanadi. Sentyabrgacha boʻlgan uch oy­lik muddatning dastlabki ellik ish kunida, yaʼni birinchi avgustgacha barcha bitiruvchini sinovdan oʻtkazish mumkin. Har bir topshiriq javobini toʻgʻri belgilagan bitiruvchi 1 ball bilan taqdirlanadi, notoʻgʻri javob esa -0,25 ball bilan jazolanadi. Javobni belgilamagan taqdirda ball berilmaydi. Bu usul abituriyentlarni topshiriq javobini tavakkaliga belgilashdan qaytaradi. Topshiriqlarni bajarish­ga ajratilgan vaqt tugagach, kompyuter javoblarni qabul qilishni toʻxtatadi, barcha axborotni xotirasida saqlab qoladi va bitiruvchi bajargan ishning natijalarini monitorda koʻrsatadi.

Yigʻilishi mumkin boʻlgan maksimal ballning 50 foizi yoki undan ortigʻini toʻplagan bitiruvchilarga oliy oʻquv yurtida oʻqish uchun tanlovda qatnashish huquqi beriladi. Barcha 17 ta test zalida oʻtkazilgan sinov natijalari onlayn rejimida DTM ga kelib tushadi. Unda har bir bitiruvchi haqidagi shaxsiy maʼlumotlar, unga berilgan variant topshiriqlari va abituriyent javoblari qayd etilgan boʻladi. DTM tumandagi barcha bitiruvchining sinov natijalarini jamlab, tuman xalq taʼlimi boʻlimiga joʻnatadi. Test natijalarini uzatish raqamli shifrlangan tarzda amalga oshiriladiki, ularga oʻzgartirishlar kiritish mutlaqo mumkin emas. Natijada xalq taʼlimining barcha boʻgʻinidagi mutasaddilarga joylardagi taʼlim sifati haqidagi haqqoniy axborot yetib boradi.

Abituriyentlar testda toʻplagan ballari asosida tanlovda qatnashadilar. Buning uchun abituriyent DTM ga elektron tarzda ariza yoʻllab, oʻz istagini bildiradi. Abituriyentga 2 ta (balki 3 ta) mutaxassislik boʻyicha tanlovda qatnashish huquqi beriladi, yaʼni toʻplagan ballari bilan arizasida qayd etilgan birinchi mutaxassislikka oʻta olmasa, shu arizasida koʻrsatilgan ikkinchi (yoki uchinchi) mutaxassislikdagi tanlovda qatnasha oladi. Elektron tanlovda ham oliy oʻquv yurtlarining yoʻnalishi eʼtiborga olinadi, albatta.

Baʼzi sohalar (masalan, musavvirlik, haykaltaroshlik, sozandalik, xonandalik)da tabiiy iqtidor yetakchilik qiladi. Bunday iqtidor sohiblarining mahorati yanada yuksalishi uchun aniq va tabiiy fanlar yoxud tilshunoslikka oid chuqur bilimlar talab etilmaydi. Bu sohalarda taʼlim beradigan muassasalar ijodiy imtihon qoidalarini ishlab chiqishlari lozim. Lekin iqtidor sohiblari majburiy oʻrta taʼlim fanlaridan Davlat taʼlim standartlariga mos qoniqarli bilimga ega boʻlishlari shart va bu fanlar boʻyicha imtihondan oʻtishlari kerak.

Demak, taklif etilayotgan islohot tufayli oʻrta taʼlim dargohlaridagi bitirish va avgustdagi oliy oʻquv yurtlariga kirish sinovlari onlayn tarzida oʻtkaziladigan bitta sinovga almashtiriladi. Natijada oʻrta taʼlim dargohlari bitiruvchilari yozning issiq kunlarida oliy oʻquv yurti joylashgan shaharda haftalab vaqt oʻtkazishdan xolos boʻladilar. Ular oʻzlarining viloyatidagi test oʻtkazish zaliga xalq taʼlimi mutasaddilari rahbarligida bir kunga borib, majburiy taʼlim fanlari boʻyicha bilimlarini sinovdan oʻtkazib keladilar. DTM oʻtkazgan elektron tanlov tufayli talabalik baxtiga muyassar boʻlgan yoshlar avgustning uchinchi oʻn kunligida hujjatlarini rasmiylashtirish uchun oliy oʻquv maskaniga boradi. Bu holda oliy oʻquv yurtlarida bir necha oy davomida faoliyat koʻrsatadigan qabul komissiyalariga ehtiyoj qolmaydi, natijada ortiqcha sarf-xarajatlar kamayadi.

Mazkur islohotning joriy etilishi taʼlim sifatini keskin yaxshilaydi, bitiruvchilar bilimi haqqoniy baholanishini taʼminlaydi. Bundan voqif boʻlgan yoshlar oliy oʻquv yurtlariga kirish uchun asosli va haqiqiy bilim zarur ekan­ligini anglab yetadilar. Ota-onalar farzandlarini astoydil bilim olishga undaydigan chora-tadbirlar koʻradilar, jumladan, oʻqituvchilarning pedagogik mahorati bilan qiziqa boshlaydilar, oʻqituvchilar esa talabga javob bera olish uchun saviya va malakalarini oshirishga intiladilar.

Kompyuterlar bilan jihozlanib, DTM ga elektron tarzda ulangan test zallarida iyun-iyul oylarida bitiruvchilar sinovdan oʻtkaziladi. Yilning boshqa vaqtlarida test zallaridan boshqa maqsadlarda foydalanish mumkin.

Omiljon AHMADJONOV, fizik-professor, pedagogika fanlari doktori.

Komiljon TURSUNMЕTOV, fizika-matematika fanlari doktori, professor.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?