Ushoqdek maoshga xiyonat: Hisobchi maktab o‘qituvchilarining salkam 50 mln pulini o‘zlashtirib, yeb yubordi

17:35 22 May 2018 Jamiyat
948 0

Tahririyatimizga Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumani, Yangibozor qo‘rg‘onidagi 7-sonli umumiy o‘rta maktab o‘qituvchilari nomidan shikoyat kelib tushdi. 

Xatda aytilishicha, 2007-2018 yillarda ta’lim muassasasi hisobchisi lavozimida ishlab kelgan G.Pirnazarova turli bahonalar bilan o‘qituvchilarning oylik maoshidan har oyda ushlab qolgan yoki turli yo‘llar bilan maoshlar miqdorini o‘zgartirgan va o‘z manfaati yo‘lida ishlatib yuborilgan. Maktab jamoa bu borada tegishli tashkilotlarga murojaat qilgan. Xatda Yuqori Chirchiq tumani prokuraturasining javob xati ham ilova qilingan. Unda qayd etilishicha, G. Pirnazarova 2015, 2016, 2017 va 2018 yilning birinchi choragida maktabda ishlagan 41 nafar o‘qituvchining oylik ish haqlarini to‘liq ravishda to‘lamasdan, o‘zining g‘arazgo‘ylik va boshqa manfaatlarini ko‘zlab, oylik ish haq hisobotlariga bila turib, kompyuter texnikasi vositasidan foydalanib, soxta ma’lumotlar va yozuvlar kiritgan, to‘lov ro‘yxati (vedemost)ni qalbakilashtirib, o‘qituvchilarga shu ro‘yxat bo‘yicha oylik tarqatgan. Natijada jami 47 052 559 so‘m miqdoridagi mablag‘ni noqonuniy ravishda o‘z manfaatlari yo‘lida ishlatib yuborgan. 

Prokuratura xatida ko‘rsatilishi bo‘yicha mazkur holat yuzasidan G.Pirnazarova va boshqa mansabdor shaxslarga nisbatan jinoyat kodeksining 167-moddasi "g" bandi va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani qayd qilingan.

Ammo bizga maktub yo‘llagan bir guruh o‘qituvchilar vaziyatning borishidan norozi ekanini qayd qilishgan.

«Tumanimiz tergovchisi yolg‘iz bo‘lgani uchun bu ish cho‘zilishini aytdi. Ammo ishning cho‘zilishi faoliyatimizga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Eng qizig‘i Pirznazarova faqatgina 7-maktabda ishlamagan. U boshqa maktablarda ham buxgalterlik lavozimida ishlagan. Lekin uning ishi faqatgina 7-maktabdan ariza tushgani uchungina shu maktab miqyosida ko‘rib chiqilgan. Nahotki bir maktabda shuncha qing‘ir ishni qilgan hisobchi boshqa maktablarda ham bu ishini davom ettirgan bo‘lishi mumkin deb ham ularda surishtiruv o‘tkazilmadi.

Tuman xalq ta’limi bo‘limi esa mazkur ish yuzasidan murojaat qilganimizda tekshiruv o‘tkazmasdan, uning o‘rniga o‘qituvchilarga tahdid qilish bilan mashg‘ul bo‘ldi. Faqatgina prokuraturaning ayblovlaridan keyingina ular xuddi shu paytgacha xabari yo‘qdek chora ko‘rishdi. Aslida bungacha ularga juda ko‘p murojaatlar bilan chiqqandik», deb yozadi o‘qituvchilar.
"Xalq so‘zi online" voqealar rivojini kuzatib boradi va tafsilotlar bilan o‘rtoqlashadi. 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?