Ushbu tashkilotning Xalq taʼlimi vazirligi xodimlari faoliyatiga qanday aloqasi bor?

17:34 12 Dekabr 2018 Jamiyat
821 0

Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Kun.uz saytida eʼlon qilingan “Oʻqituvchilarning maoshiga ulangan “quvurlar” qachon olib tashlanadi?” sarlavhali maqolaga oʻz munosabatini bildirdi.

Munosabat qanday boʻlsa, shundayligicha eʼlon qilinmoqda

“Oʻtgan qisqa davr ichida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan oʻqituvchilarning jamiyatdagi oʻrni va rolini oshirish, hurmatini joyiga qoʻyish, ularni qiynab turgan muammolarni hal qilish, kundalik faoliyatlaridagi toʻsiqlarni olib tashlash va bu orqali oʻqituvchilarning oʻz kasbiga boʻlgan mehrini yuksaltirish provardida farzandlarimizga berilayotgan taʼlim sifatini yaxshilash borasida juda katta ishlar amalga oshirildi va bu saʼy-harakatlar bugungi kunda tizimli asosda davom ettirilmoqda. Bularning natijasida oʻqituvchi jamiyatdagi nufuzi yuksalib bormoqda, desak mubolagʻa boʻlmas.

Endi maqola xususida. Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Ustaviga koʻra, fuqarolar Federatsiyaga yakka tartibda yoki jamoaviy tartibda aʼzo boʻlib kirishlari mumkin. Jamoaviy tartibda aʼzo boʻlish uchun tashkilotda oʻtkazilgan yigʻilish va mazkur tashkilot ishchi-xodimlarining jamoaviy arizasi asos boʻlib xizmat qiladi. 

Federatsiyaning amaldagi Ustavi va tartiblariga koʻra, bunday holda jamoa aʼzolari ichidan jamoaviy arizani imzolab, Federatsiya aʼzoligiga qabul qilingan ishchi-xodimlardan eng kam ish haqining 2 foizi miqdorida aʼzolik badali markazlashtirilgan tartibda korxona, tashkilot buxgalteriyasi orqali Federatsiyaga oʻtkazib beriladi. Bundan koʻzlangan maqsad, albatta, ishchi xodimlarga qulaylik yaratish, yaʼni ularning shu 4055 soʻm pulni Federatsiyaga oʻtkazish uchun bank yoki boshqa shu kabi toʻlovlarni qabul qiluvchi muassasalarga borib, ortiqcha vaqt sarflab yurmasliklari uchun yaratilgan sharoit, imkoniyatdir.

Bugungi kunda nafaqat Federatsiya, balki aʼzolik badallari hisobiga faoliyat olib boruvchi boshqa jamoat tashkilotlari ham shu yoʻl bilan badallarni yigʻib bormoqda. Demak, bu yoʻl bugungi kunda fuqarolarning oʻzlari aʼzo boʻlib kirgan jamoat tashkilotlari oldidagi majburiyatlaridan birini ado etib borishlari yoʻlidagi sharoit va imkoniyatlariga mosrogʻidir.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32-moddasida fuqarolar jamiyat va davlat boshqaruvi ishlarida bevosita hamda oʻz vakillari orqali ishtirok etish huquqiga egaligi, 34-moddasida esa fuqarolar kasaba uyushmalariga, siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish huquqiga egaligi koʻrsatib oʻtilgan. Albatta, fuqaroning mazkur yoʻnalishlardagi faoliyati ixtiyoriylik asosida boʻlishi kundek ravshan holat. Fuqaro mazkur tashkilotlar faoliyatida ishtirok etishni istamas ekan, uni hech kim majburlay olmaydi. Bejizga “Oʻzbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari toʻgʻrisida”gi qonunning 1-moddasida oʻz huquqlari, erkinliklari hamda siyosat, iqtisodiyot, ijtimoiy rivojlanish, fan, madaniyat, ekologiya va hayotning boshqa sohalaridagi qonuniy manfaatlarini birgalikda roʻyobga chiqarish uchun birlashgan fuqarolarning xohish-irodalarini erkin bildirishlari natijasida vujudga kelgan ixtiyoriy tuzilma jamoat birlashmasidir, deb belgilab qoʻyilmagan.

Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi ham jamoat birlashmasidir. Oʻqituvchi ham, shifokor ham, boshqa davlat tashkilotlarining xodimlari ham, tadbirkor ham, fermer ham, hattoki Siz ham isteʼmolchisiz. Federatsiya esa isteʼmolchilarning qonuniy manfaatlarini birgalikda roʻyobga chiqarish uchun birlashgan fuqarolarning xohish-irodalarini erkin bildirishlari natijasida vujudga kelgan ixtiyoriy tuzilmadir. “Ushbu tashkilotning Xalq taʼlimi vazirligi xodimlari faoliyatiga qanday aloqasi bor ekan?“, degan savolingizga qisqacha javob ham shu.

Uch-toʻrt yillar oldin boʻlib oʻtgan bir kichkina voqeani aytib beray. Yozyovonda suv ombori qurilishida ishlayotgan surxondaryolik yurtdoshimizning (familiya ismlarini keltirmaymiz) turmush oʻrtogʻi oʻqituvchi ekan.

Qoʻyingki, Surxondaryodan turmush oʻrtogʻi telefon qilib kommunal idora ularning katta miqdorda qarzlari borligini daʼvo qilayotganligini aytadi. Gap orasida tarmoqdan uzamiz, deyishgani ham qoʻshimcha qiladi. Uch-toʻrt kungina oldin oʻzi mehnat qilayotgan jamoada Federatsiyaning Yozyovon tuman jamiyati tomonidan targʻibot ruhidagi yigʻilish oʻtkazilib, tashkilotlarida Federatsiya tayanch guruhiga asos solinganligi yodiga tushgan yurtdoshimiz ana shu tayanch guruhi orqali Federatsiyaning tumandagi masʼullariga oʻz muammosini yetkazadi. Fargʻonaliklar Surxondaryolik hamkasblaridan holatga aniqlik kiritib berishni soʻraydi. Qarabsizki, oʻqituvchining qarzdorligi yoʻqligi isbotini topib, uning halol peshona teri bilan topgan falon yuz ming soʻm puli kimlardir tomonidan “tuya qilinishining” oldi olinadi. Shu oʻrinda Federatsiyaning “Xalq taʼlimi vazirligi xodimlari faoliyatiga qanday aloqasi bor ekan?“ deyishingiz mumkin.

Joriy yilning oʻtgan 11 oyi mobaynida yurtimiz isteʼmolchilaridan Federatsiya va uning hududiy organlariga 9 865 ta ta murojaatlar kelib tushdi hamda ularning aksariyati oʻz ijobiy yechimini topdi. Natijada isteʼmolchilarning 5 467 684 000 (besh milliard toʻrt yuz oltmish yetti million olti yuz sakson toʻrt ming) soʻmlik qonuniy haqlari tiklab berildi.

Keling boʻlmasa, shularning ichidan qaysi biri oʻqituvchining, qaysi biri uning otasi yoki onasining, qaysi biri farzandining, qaysi biri uning akasi yoki singlisining yoki boshqa yaqin qarindoshining murojaati ekanligini oʻrganib chiqamiz, aloqa bor yoki yoʻqligi toʻgʻrisida xulosa qilamiz.

Bir fuqaroning jamoat birlashmasiga aʼzo boʻlib kirib, uning jamgʻarmasiga eng kam ish haqining 2 foizi miqdorida qoʻshgan hissasini gapirasizu, nega oʻsha fuqaroning foydasiga hal qilib berilayotgan millionlarni tarozining bu pallasiga qoʻymaysiz?

Fuqarolar nega davlat tashkilotlarini xatlab oʻtib, shu nodavlat tashkilotiga yordam soʻrab kelmoqda, degan savolni oʻzingizga bermaysiz?

Undan koʻra, Siz ham safimizga keling. Oʻtkir qalamingiz kuchidan xalqimizni haqiqatda qiynab turgan muammolarni tanqid ostiga olib, jamoatchilikni shu muammolarga qarshi kurashish uchun birlashtirishda foydalanaylik. U yoki bu muammoni aytishimiz, tanqid ostiga olishimiz barobarida shu muammoning yechimi qayerda, degan savolga ham birgalikda bosh qotiraylik. Xalqimiz ongi-shuuriga bu sizlarning tashkilotingiz, demak bu tashkilot yutuqqa erishsa bu sizlarning yutugʻingiz, agar inqirozga yuz tutsa, oʻz navbatida, bu sizlarning yoʻqotishingiz, degan fikrni yetkazaylik. Zero, barchamiz isteʼmolchimiz.

Endi ayting, fuqarolarga hech qanday jamoat birlashmasiga aʼzo boʻlma, ular shundoq ham sening huquqlaringni himoya qilishga majbur, uni qilma, buni qilma, deb odamlarda boqimandalik kayfiyatini, hamma narsani davlat qilib berishi kerak degan salbiy illatni rivojlantirganimiz maʼqulmi yoki ularni siyosiy va ijtimoiy faollikka chaqirib, davlat va jamiyat ishlarida faol qatnashishga undaganimiz?

Sening ovozingni ham oʻz oʻrni bor, sen ham shu jamiyatda ijobiy oʻzgarishlarni qilishga qodirsan, degan fikrni singdirganimiz, ularni yurtimizda olib borilayotgan keng qamrovli demokratik islohotlarda faol ishtirok etishiga erishganimiz maʼqulmi?

Maʼlumot oʻrnida aytib oʻtish joiz topdik. Joriy yilning iyul oyida Federatsiya Xalqaro isteʼmolchilar tashkiloti (SI) ga toʻlaqonli aʼzo boʻlib kirdi. Bu bilan Federatsiyaning imkoniyatlari yanada kengaydi, deya olamiz. Bugun Federatsiya xalqaro tashkilot aʼzolari hisoblangan 100 dan oshiq davlatlarning isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish tashkilotlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqaga chiqish imkoniyatiga ega boʻldi. Bu nima degani? Bu endi fuqarolarimizning SIga aʼzo boʻlgan qaysi bir davlatda isteʼmolchilik huquqi buzilsa, oʻsha davlatdagi hamkorlar orqali ularni huquqlarini himoya qila olish imkoniyati vujudga keldi, degani. Bugungi kunda Federatsiya mazkur yoʻnalishdagi ishlarni toʻgʻri izga solib olish, yanada rivojlantirish ustida izlanishlar olib bormoqda.
Sherali SATTAROV,
Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi matbuot va xorijiy aloqalar boʻlimi boshligʻi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?