AQSH NATOdan chiqishi mumkinmi?

17:57 13 Iyul 2018 Dunyo
270 0
Foto: IB Times

Bryusselda o‘tgan ikki kunlik NATO sammiti yakunida AQSH Prezidenti Donald Tramp harbiy alyans yetakchilarining favqulodda yig‘inini o‘tkazishga chaqirdi.

AQSH rahbarining ogohlantirishicha, agar a’zo davlatlar mudofaa byudjetlarini tez orada oshirmasa, Vashington hatto NATOdan chiqishi mumkin. Bu haqda “Amerika ovozi” teleradiosi xabar berdi.

“NATOga ishonaman. Ammo AQSHga nisbatan adolatsiz munosabatda bo‘linmoqda. Vashington harbiy alyansning 70-90 foiz xarajatini qoplayapti va bu AQSH soliq to‘lovchilari uchun nohaqlik”, - dedi Tramp Bryusselda o‘tgan matbuot anjumanida.

Prezident Trampning aytishicha, a’zo mamlakatlar mudofaa uchun ajratadigan mablag‘larini tez orada ikki foizga oshirishga rozi bo‘lgan.

Trampning ta’kidlashicha, u AQSHni NATOdan Kongress ruxsatisiz ham chiqarib olishi mumkin, lekin so‘nggi va’dalar ortidan bunday chora keraksiz.

“NATO mashinasi nihoyat soz holatda”, - deya qo‘shimcha qildi u.

Tramp avvalroq Germaniyani Rossiya gaziga tobe bo‘lib qolganlikda ham ayblagan edi.

“Germaniya ko‘mir zavodlarini yopib, atom energiyasidan voz kechib, Rossiya asiriga aylandi. Germaniyaning Rossiyadan bunchalik ko‘p gaz va neft olishiga NATO e’tibor qaratishi lozim. Germaniya Rossiyaga milliardlab dollar to‘lashi, ammo uning mudofaasi bilan AQSHning shug‘ullanishi to‘g‘ri emas”, - deydi Tramp.

NATO yetakchilari faqat mudofaa xarajati muammosi bilan o‘ralashib qolmay, Afg‘onistondagi urushga yakun yasash masalasini ham muhokama qildi. Alyans rahbari Yens Stoltenbergning umid qilishicha, afg‘on xavfsizlik kuchlarini moliyalash 2024 yilgacha davom etadi.

Bryussel anjumanidan keyin Tramp bugun Britaniyaga yetib bordi. U yerda bosh vazir Tereza Mey va qirolicha Yelizaveta II bilan uchrashadi.

Shundan so‘ng AQSH rahbari Xelsinkiga jo‘nab, 16 iyul kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashishi belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, “U mening dushmanim emas va balki kun kelib do‘stimga aylanar”, - degan Tramp Putin haqida.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?