USAIDning muruvvat yordami qayerga yoʻnaltirilishi yuzasidan batafsil axborot berildi

19:00 19 Aprel 2020 Jamiyat
242 0
Koronavirus pandemiyasining oldini olish va uning salbiy oqibatlarini bartaraf etish maqsadida Hukumatimiz tomonidan bir qator amaliy choralar koʻrilmoqda.

Mazkur sharoitda nodavlat notijorat tashkilotlar tomonidan ham aholining ehtiyojmand qatlamini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan xayrli tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, “Sogʻlom avlod uchun” xayriya jamgʻarmasi tomonidan 5 turdagi 129 mln. soʻmlik dori vositalari, “Nuroniy” jamgʻarmasi tomonidan xomiylarni jalb etgan holda 3 tonna guruch va un mahsuloti, 2 tonna kartoshka va piyoz mahsulotlari Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markaziga yetkazildi.

 

Shuningdek, “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan viloyatlarda tashkil etilgan homiylik markazlariga 2 mlrd. 500 mln. soʻmlik oziq-ovqat mahuslotlari yuborildi.

 

Shodiyev xalqaro fondining vakolatxonasi tomonidan 3 000 dan ortiq oilaga moʻljallangan ijtimoiy yordam toʻplamlari oʻz egalariga topshirildi. Hozirda fond tomonidan tibbiyot asbob-uskunalarini sotib olish va tibbiy muassasalarga yetkazib berish rejalashtirilmoqda.

Shu bilan birga, “Tinchlikni saqlash uchun oziq-ovqat” USAID dasturi doirasida “Sogʻlom avlod uchun” jamgʻarmasi va “Resource and Policy Exchange” nodavlat tashkiloti (AQSH) oʻrtasida tuzilgan bitimga asosan Oʻzbekistonga qiymati 400 ming AQSH dollariga teng boʻlgan muruvvat yordami keldi.

 

Ushbu muruvvat yordami toʻplamlarida minerallar va vitaminlar bilan boyitilgan sabzavot va dukkakli oʻsimliklarning quritilgan aralashmasi mavjud boʻlib, ulardan suyuq ovqatlar tayyorlashda foydalaniladi.

Toʻlamlar Xalq taʼlimi vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimidagi jami 140 dan ortiq ixtisoslashtirilgan, jumladan, sil kasaliga qarshi kurash, psixonevrologik dispanserlar, imkoniyati cheklanganlar uchun maktab-internatlarga, nogironligi boʻlgan shaxslar va keksalar uchun moʻljallangan “Muruvvat” va “Saxovat” internat uylari va shu kabi muassasalarga tarqatilmoqda.

Maʼlumot uchun. Qoraqalpogʻistonning – 14 ta (675 ta toʻplam), Andijonning – 13 ta (1 130 ta toʻplam), Buxoroning – 12 ta (465 ta toʻplam), Jizzaxning – 7 ta (495 ta toʻplam), Qashqadaryoning – 10 ta (1 005 ta toʻplam), Navoiyning – 5 ta (265 ta toʻplam), Namanganning – 13 ta (490 ta toʻplam), Samarqandning – 11 ta (664 ta toʻplam), Sirdaryoning – 3 ta

(290 ta toʻplam), Surxondaryoning – 9 ta (630 ta toʻplam), Fargʻonaning – 19 ta (1 070 ta toʻplam), Xorazmning – 6 ta (320 ta toʻplam), Toshkent viloyatining – 12 ta (520 ta toʻplam) va Toshkent shahrining – 10 ta (880 ta toʻplam) ixtisoslashtirilgan muassasalariga yuboriladi.

“Sogʻlom avlod uchun” jamgʻarmasi muruvvat yordamlarining ushbu ixtisoslashtirilgan muassasalardagi 35 443 ta shaxsga yetkazilishi va maqsadli foydalanishi ustidan monitoringni olib boradi.

Shu bilan birga, muruvvat yordamini qabul qilish, taqsimlash va ulardan foydalanish nazorat qilish boʻyicha Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 15-noyabrdagi 251-son qarori bilan tasdiqlangan maxsus nizom asosida mazkur jarayonga viloyatlar hokimliklari huzuridagi komissiyalar ham masʼul etib biriktildi.

Qayd etish lozimki, bu kabi xayriya tadbirlari aholining ehtiyojmand qatlamini qoʻllab-quvvatlash, ularni sogʻlom turmush tarziga targʻib qilish, shuningdek, pandemiyaning salbiy oqibatlarini tezroq bartaraf etishga xizmat qiladi.

Shu oʻrinda, aholiga koʻmak berishga qaratilgan xayriyalar boshqa nodavlat tashkilotlari tomonidan ham amalga oshirilishi Hukumatimiz tomonidan toʻliq qoʻllab-quvvatlanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?