AQSH Xitoy tovarlariga nisbatan yana qo‘shimcha bojlar joriy etmoqchi

17:21 11 Iyul 2018 Dunyo
298 0
Fotо: АР

AQSHning savdo muzokaralari bo‘yicha vakili Robert Laytxayzer bojga tortilishi mumkin bo‘lgan Xitoy tovarlarining navbatdagi yangi ro‘yxati ishlab chiqilganini ma’lum qildi. Undan umumiy qiymati 200 milliard dollarlik olti mingdan ortiq tovar nomi joy olgan. Ularga boj kiritish bo‘yicha hal qiluvchi qaror avgust oyi oxirigacha qabul qilinadi. Bu haqida AP xabar berdi.

Eslatib o‘tamiz, Qo‘shma Shtatlar rahbariyati 6 iyuldan boshlab Chin o‘lkasidan import qilinadigan mahsulotlarga 25 foizlik boj joriy etgandi. Mazkur miqdor 50 milliard dollarni tashkil etadi. Donald Tramp mazkur qaror XXRning adolatsiz savdo amaliyotiga javob ekanligini aytib o‘tgandi.

Natijada Xitoy ham AQSH tovarlariga bojlar tatbiq etdi. Bunga javoban Oq uy rahbari yana XXR mahsulotlariga qo‘shimcha 200 milliard dollarlik to‘lov kiritilishini bildirib, shu bo‘yicha mamlakat savdo vakili boshqarmasiga topshiriq berdi.

XXR savdo vazirligi esa bunday harakatlar Vashingtonga nisbatan Jahon savdo tashkiloti orqali ommaviy norozilik bildirilishi va javob choralari qo‘llanilishiga olib kelishini qayd etdi. 

“Biz xalqaro hamjamiyatni sa’y-harakatlarini birlashtirish, erkin savdo va o‘zaro aloqalarning ko‘p tomonlama formatini birgalikda himoya qilishga chaqiramiz. Hamjihatlikni ko‘rsatish va savdo gegemonligiga qarshi birgalikda zarba berish zarur. Bundan tashqari, Amerika tomonidan bir yoqlama choralar qo‘llanilgani munosabati bilan JSTga zudlik bilan shikoyat yo‘llaymiz”, deyiladi XXR vazirligi ma’lumotida.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?