Urush qatnashchilariga ehtirom koʻrsatilmoqda

16:54 07 May 2019 Jamiyat
308 0

Xorazm viloyatida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Ikkinchi jahon urushida qozonilgan Gʻalabaning 74 yilligi hamda Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan urush faxriylariga yoʻllagan tabriknomasi va pul mukofoti tantanali ravishda topshirilmoqda.

Xorazm viloyat hokimi Farhod Ermanov viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi, “Nuroniy”, “Mahalla” jamgʻarmasi viloyat boʻlimlari, oʻquvchi yoshlar vakillari hamda harbiy orkestr hamrohligida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining xonadonlarida boʻlib, ularga davlatimiz rahbarining tabriknomasi hamda 7,5 million soʻmlik pul mukofoti hamda qimmatbaho sovgʻalarni tantanali ravishda topshirdi.

–Bugungi dorilomon kunlarga eson-omon yetib kelishning oʻzi katta baxt, – deydi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Jumaniyoz bobo Bemetov. – Bunday tinch va farovon turmushni, yurtimiz ozodligi va obodligini koʻrish koʻplab quroldoshlarimizga nasib etmadi. Yaratganga behisob shukr, el-yurt ardogʻida shunday tabarruk yoshga yetish baxti nasib qildi.Har bayramda viloyat, tuman hokimlari, turli tashkilotlardan kelib tabriklashadi,sovgʻalar keltirishadi. Prezidentimiz Farmoni bilan har yili katta miqdorda pul mukofotini olyapmiz.Mana endi urush qatnashchilariga tibbiy xizmat koʻrsatish uchun alohida xodimlar biriktirilibdi.Bunday eʼtibor va gʻamxoʻrlikdan behad minnatdormiz.Ilohim, dunyoda tinchlik barqaror boʻlsin, yurtimizga koʻz tegmasin, xalqimizning rizqi butun boʻlsin!

Bugun Xorazm viloyatida Jumaniyoz bobo singari 36 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi davlatimizeʼtibori,xalqimizning eʼzozida hayot kechirmoqda. Salkam bir asrlik tarixning jonli guvohi boʻlgan bu tabarruk otaxonlar yurtimizdagi yangilanish va oʻzgarishlardan quvonib, yoshlarimiz baxtu kamolini tilab duoga qoʻl ochadilar. Umrning har bir lahzasi qadriga yetish, hayot daftarini ezgu amallar bilan bezashga daʼvat etadilar.

Odilbek Odamboyev, (“Xalq soʻzi”)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?