Urush yillarida 50 ming rubl miqdoridagi mukofot pulini davlat Mudofaa fondiga bergan mashhur oʻzbek bastakori haqida bilasizmi?

16:03 13 Dekabr 2019 Madaniyat
525 0

1912-yil yozining dastlabkida koʻhna Buxoroda istiqomat qiluvchi Ashrafjon Hofiz xonadonida chaqaloq yigʻisi eshitildi.Tabiatan musiqaga, adabiyotga oshno xonadon sohibi “Ilohim, bolam ulgʻayib, izimdan borsin. Yoqqan chirogʻim oʻchmasin. Sanʼatkor boʻlib yetishsin.El koʻnglidan joy olsin”, deya niyat qiladi.

Yaxshi niyatga farishtalar ham “Omin” der ekan. Ota umidlari roʻyobga chiqdi. Farzandi dunyoning mana man degan sanʼatkori tan beradigan bastakor boʻlib yetishdi. Gap mashhur kompozitor, zamonaviy oʻzbek musiqa sanʼati asoschisi Muxtor Ashrafiy haqida bormoqda.

Otasidan ilk musiqiy saboqni olgan Muxtor 1929 — 1931-yillarda Samarqand musiqa, teatr va xoreografiya institutida, keyin esa Moskva va Sankt-Peterburgdagi konservatoriyalarda tahsil oldi. Oʻzbekistonga qaytib, juda barakali ijod qildi. Uning S. N. Vasilenko bilan hamkorlikda 1939-yilda yozgan “Boʻron” nomli asari birinchi oʻzbek operasi sifatida tarixda qolgan. “Dilorom”, “Shoir yuragi” operalari ham mashhur.Hayoti davomida koʻplab unvonu mukofotlar, jumladan, sobiq Ittifoq xalq artisti unvoniga sazovor boʻlgan. Bugina emas, uning iqtidori, mehnati xalqaro darajada ham eʼtirof topgan. Javoharlal Neru hamda Jamol Abdul Nosir nomidagi xalqaro mukofotlar sohibi boʻlgani fikrimiz tasdigʻidir.

Toshkentda M. Ashrafiy uy-muzeyi faoliyat koʻrsatmoqda.

M. Ashrafiyning Ikkinchi jahon urushi davrida yaratgan “Qahramonlik simfoniyasi” asari ham diqqatga sazovor. Bu asar uchun Ikkinchi darajali davlat mukofotiga munosib koʻrilgan. Eʼtiborlisi, 50 ming rubl miqdoridagi mukofot pulini bastakor davlat mudofaa fondiga topshirgan. Oʻsha davrda katta pul sanalgan bu sarmoya aviaeskadrilya va tank kolonnasi qurilishiga sarflangan ekan.

Taniqli kompozitor hayoti va ijodining ayrim qirralari haqida toʻxtalganimiz bejiz emas.Shu yilning yozida Toshkent hamda Rossiya Federatsiyasining Qozon shaharlarida “Ashrafi World Music—2019” xalqaro madaniyat aksiyasi oʻtkazilgan edi. Endi esa anʼanaviy bu tadbirga bastakorning ona — shahri Buxoro mezbonlik qildi. Viloyat hokimligi tomonidan uyushtirilgan rang-barang tadbirlar dasturidan ulugʻ bastakor tugʻilib oʻsgan qadimiy Bozori gul koʻchasidagi uy peshtoqiga xotira taxtasi oʻrnatish ham joy olgandi. Bu tadbir tantanali tarzda kechdi. Soʻng musiqa ixlosmandlari Buxoro ixtisoslashtirilgan sanʼat maktabiga yigʻildilar. Tadbirda Hindiston, Fransiya, Rossiya Federatsiyasi, Isroil, Indoneziya kabi qator davlatlarning mamlakatimizdagi elchixonalari yoʻllagan tabriklar oʻqib eshittirildi.Shundan keyin “Muxtor Ashrafiy va jahon musiqasi” deb nomlangan konsert dasturi namoyish etildi.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?