Urugʻchilik toʻgʻrisida

09:06 19 Fevral 2019 Hujjatlar
716 0

Oʻzbekiston Respublikasining qonuni

Qonunchilik palatasi tomonidan 2018 yil 8 noyabrda qabul qilingan

Senat tomonidan 2018 yil 13 dekabrda maʼqullangan

1-bob. Umumiy qoidalar

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi urugʻchilik sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. 

2-modda. Urugʻchilik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari

Urugʻchilik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining urugʻchilik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.

3-modda. Asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:

aprobatsiya – oʻsimliklarning genetik (nav) jihatdan ­sofligini, zararkunandalar bilan zararlangan-
zararlanmaganligini, kasalliklarga chalingan-
chalinmaganligini va ekish uchun moʻljallangan
urugʻliklarning umumiy holatini aniqlash uchun dalada
oʻtkaziladigan tekshiruv;

duragay urugʻliklar – irsiyati har xil navlar, turlar
va turkumdoshlarni chatishtirishdan olingan urugʻliklar;

original urugʻliklar – nav muallifi yoki u vakolat bergan shaxs tomonidan yetishtirilgan va keyinchalik koʻpaytirish uchun moʻljallangan urugʻliklar;

patent egasi (litsenziar) – seleksiya naviga va (yoki) duragay urugʻliklarga boʻlgan mulk huquqini olgan yuridik yoki jismoniy shaxs;

populyatsiya – bir xil tuproq-iqlim sharoitida tarqalgan va bir turga mansub boʻlgan, erkin chatishadigan (irsiy jihatdan bir-biridan farqlanadigan) oʻsimliklar majmui;

reproduksion urugʻliklar – elita urugʻliklardan olinadigan keyingi avlod urugʻliklari;

urugʻliklar – ekish uchun foydalaniladigan urugʻlar, mevalar, oʻsimlikning vegetativ yoʻl bilan koʻpaytiriladigan qismlari;

urugʻliklarning genetik (nav) sifati – muayyan nav urugʻligining genetik jihatdan sofligini tavsiflovchi koʻrsatkichlar majmui;

urugʻliklarning ekinboplik sifati – urugʻliklarning ekish uchun yaroqliligini tavsiflovchi koʻrsatkichlar majmui;

urugʻliklar turkumi – kelib chiqishi va sifati boʻyicha bir xil boʻlgan urugʻliklarning muayyan miqdori;

urugʻchilik – urugʻliklarni yetishtirish, saqlash, realizatsiya qilish hamda ulardan foydalanish, shuningdek urugʻliklarning genetik (nav) va ekinboplik sifatlarini aniqlash boʻyicha oʻtkaziladigan tadbirlar bilan bogʻliq boʻlgan faoliyat;

elita urugʻliklar – original urugʻliklarni izchil koʻpaytirish yoʻli bilan olingan urugʻliklar.

4-modda. Urugʻliklarning toifalari

Qishloq xoʻjaligi ekinlarining navlarini takror koʻpaytirish bosqichlariga qarab, urugʻliklarning quyidagi toifalari belgilanadi:

original;

elita;

reproduksion.

5-modda. Urugʻchilik obyektlari

Urugʻchilik obyektlari jumlasiga quyidagilar kiradi:

nav;

duragay;

populyatsiya;

urugʻliklar;

urugʻlik yetishtirish uchun foydalaniladigan urugʻlik ekinzorlari.

6-modda. Urugʻchilik subyektlari

Urugʻchilik subyektlari jumlasiga quyidagilar kiradi:

navning muallifi;

urugʻlik yetishtiruvchi;

urugʻliklarni realizatsiya qiluvchi;

urugʻliklarning isteʼmolchisi (urugʻliklardan foydalanuvchi);

urugʻliklarning genetik (nav) va ekinboplik sifatlarini aniqlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilot.

7-modda. Urugʻchilik subyektlarining huquqlari

Urugʻchilik subyektlari quyidagi huquqlarga ega:

urugʻchilik sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etish;

seleksiya yutuqlaridan foydalanish;

urugʻliklarning koʻrgazma-savdolarida (kimoshdi savdolarida) ishtirok etish;

oʻz faoliyatida innovatsion texnologiyalardan foydalanish va ilm-fan yutuqlarini joriy etish;

urugʻlik yetishtirish boʻyicha resurslarni tejovchi texnologiyalarni qoʻllash.

8-modda. Urugʻchilik subyektlarining majburiyatlari

Urugʻchilik subyektlari:

urugʻlik yetishtirish uchun foydalaniladigan maydonlarning davriy aprobatsiyadan oʻtkazilishini taʼminlashi;

vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan urugʻliklarni yetishtirish sxemalarining texnologik talablariga, ularni saqlash hamda realizatsiya qilish qoidalariga rioya etishi, shuningdek urugʻliklarning sifat va miqdor jihatidan saqlanishini taʼminlashi;

urugʻliklarni realizatsiya qilishda urugʻlik turkumiga ­berilgan muvofiqlik sertifikatini, shuningdek
duragaylar va navlarning tavsiflarini urugʻliklarning isteʼmolchi­lariga (urugʻliklardan foydalanuvchilarga)
taqdim etishi;

vakolatli organlar bilan urugʻlik yetishtirish uchun foydalaniladigan maydonlarni aprobatsiyadan oʻtkazishi shart.

Urugʻlik yetishtiruvchilar, urugʻliklarning genetik (nav)
va ekinboplik sifatlarini aniqlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilotlar har bir urugʻlik turkumining genetik (nav) va ekinboplik sifatlari boʻyicha toʻliq hisobini yuritishi shart.

2-bob. Urugʻchilik sohasini davlat tomonidan tartibga solish 

9-modda. Urugʻchilik sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari

Urugʻchilik sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:

investitsiyalarni jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, infratuzilmani va servis xizmatlarini rivojlantirish;

ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish va faoliyatning zamonaviy shakllarini joriy etish;

urugʻlik yetishtirishda genetik (nav) sifat koʻrsatkichlarini saqlab qolish;

urugʻliklarni koʻpaytirishning va urugʻliklar ­isteʼmolchilarini (urugʻliklardan foydalanuvchilarni) urugʻliklar ­bilan taʼminlashning samarali tizimini yaratish;

urugʻchilik subyektlari faoliyatini ragʻbatlantirish
va urugʻlik yetishtirish uchun zarur shart-sharoitlar
yaratish;

urugʻchilik sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.

10-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining urugʻchilik sohasidagi vakolatlari 

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

urugʻchilik sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;

urugʻchilik sohasidagi davlat dasturlarini tasdiqlaydi
hamda ularning amalga oshirilishini taʼminlaydi;

urugʻchilik sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qiladi;

davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining urugʻchilik sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi.

11-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining urugʻchilik sohasidagi vakolatlari 

Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi:

qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻchiligi sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;

Oʻzbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya qilingan qishloq xoʻjaligi ekinlarining davlat reyestrini yuritadi;

urugʻchilik sohasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;

qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarining navlarini sinashga doir ishlarni muvofiqlashtiradi;

paxta chigitini va boshoqli don ekinlarining urugʻliklarini olib chiqish uchun xulosa beradi;

qishloq xoʻjaligi ekinlarining ekiladigan urugʻliklarini yetishtirish hajmlariga doir maqsadli prognoz koʻrsatkichlarni ishlab chiqadi;

urugʻlik ekinlarini joylashtirish uchun urugʻchilik xoʻjaliklarini aniqlashda ishtirok etadi;

urugʻlik ekinlarini aprobatsiyadan oʻtkazishda ishtirok etadi.

12-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasining urugʻchilik sohasidagi vakolatlari

Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi:

oʻrmon xoʻjaligi ekinlari urugʻchiligi sohasida davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqadi
hamda amalga oshiradi;

manzarali oʻsimliklarning urugʻliklarini sertifikatlashtirish va standartlashtirishning yagona tizimini yaratadi;

oʻrmon xoʻjaligi ekinlarining urugʻliklarini yetishtirish uchun foydalaniladigan maydonlarni aprobatsiyadan oʻtkazish tartibini ishlab chiqadi;

oʻrmon xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarining nav
va ekinboplik sifatlarini aniqlaydi;

oʻrmon xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarining sifatini aniqlash uslublarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;

oʻrmon xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarining genetik (nav) va urugʻ nazoratini, laboratoriya sinovlarini, sifati ekspertiza qilinishini amalga oshirishga doir qoidalarni ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi;

oʻz vakolatlari doirasida oʻrmon xoʻjaligi ekinlari urugʻchiligi boʻyicha xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.

13-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Urugʻchilikni rivojlantirish markazining urugʻchilik sohasidagi vakolatlari

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Urugʻchilikni rivojlantirish markazi:

qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarini, shu jumladan paxta chigitini va boshoqli don ekinlarining urugʻliklarini tayyorlash, ulardan foydalanish hamda ularni eksport qilishning zamonaviy tizimini shakllantiradi;

mahalliy va xorijiy seleksiya navlarining, shu jumladan biotexnologik navlarning birlamchi urugʻchiligini tashkil etadi hamda rivojlantiradi;

urugʻlik yetishtiruvchilarning reyestrini shakllantiradi
va yuritadi;

qishloq xoʻjaligi ekinlarining ekiladigan urugʻliklarini tayyorlash, qayta ishlash hamda saqlash boʻyicha normativ talablarni xalqaro standartlarga va texnik reglamentlarga muvofiq ishlab chiqadi;

urugʻchilik sohasida ilmiy va tajriba-eksperimental tadqiqotlar oʻtkazishga, ushbu soha korxonalarining ilmiy salohiyati va moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga koʻmaklashadi;

urugʻchilik boʻyicha xalqaro va milliy tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi, urugʻliklarga ekishdan oldin ishlov berishga hamda ularni qayta ishlashga oid innovatsion texnologiyalarni, ushbu sohadagi nou-xaularni joriy etadi;

oʻz rasmiy veb-saytida mahalliy va chet eldan keltirilgan urugʻliklar, ularning navlari, gibridlari, toifalari, ularni yetishtirish hajmlari haqidagi, shuningdek urugʻliklarning narxlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni eʼlon qiladi.

14-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining urugʻchilik sohasidagi vakolatlari

Mahalliy davlat hokimiyati organlari:

urugʻchilik sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;

urugʻchilik sohasidagi hududiy dasturlarni tasdiqlaydi va amalga oshiradi;

davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hududiy boʻlinmalarining urugʻchilik sohasida tadbirlar oʻtkazishga doir faoliyatini muvofiqlashtiradi;

sugʻurta urugʻlik fondini tashkil etish uchun urugʻchilik xoʻjaliklarini aniqlaydi;

urugʻlik ekinlarini joylashtirish uchun urugʻchilik xoʻjaliklarini aniqlash boʻyicha komissiya tuzadi.

15-modda. Urugʻliklarni sertifikatlashtirish va ularning sifatini nazorat qilish boʻyicha davlat organi

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi hamda uning hududiy boʻlinmalari urugʻliklarni sertifikatlashtirish va ularning sifatini nazorat qilish boʻyicha davlat organidir.

16-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanishi ustidan nazorat qilish

inspeksiyasining urugʻchilik sohasidagi vakolatlari

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi quyidagilar ustidan nazoratni amalga oshiradi:

paxta chigitining va boshoqli don ekinlari urugʻliklarining sifati;

qishloq xoʻjaligi ekinlari navlarining genetik sofligi va ushbu ekinlar urugʻliklarining sifati sohasidagi davlat siyosatining ijrosi, qishloq xoʻjaligi ekinlari navlarini joylashtirish, rayonlashtirish hamda navli urugʻliklarini tayyorlash rejalarining bajarilishi;

original, elita va reproduksion urugʻliklarning yetishtirilishi, ularning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga rioya etgan holda tejab sarflanishi;

qishloq xoʻjaligi ekinlarining urugʻlik ekinlari aprobatsiyasi toʻgʻri oʻtkazilishi;

qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻliklari mahalliy
va xorijiy seleksiya navlarining, shu jumladan biotexnologik navlarning birlamchi urugʻchiligini tashkil etish hamda rivojlantirish;

qishloq xoʻjaligi ekinlarining ekiladigan urugʻliklarini tayyorlash, qayta ishlash hamda saqlash boʻyicha normativ talablarning xalqaro standartlar va texnik reglamentlarga muvofiq ishlab chiqilishi;

qishloq xoʻjaligi ekinlari boʻyicha urugʻliklar arxivining tarkibi va urugʻliklar arxivlarining yuritilishi.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ­taʼminlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi sertifikatlashtirilmagan va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga javob bermaydigan ­urugʻliklarning tarqatilishini taqiqlaydi.

17-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi organlari xodimlarining huquqlari

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi organlarining xodimlari oʻz vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:

urugʻliklarning sifat koʻrsatkichlari toʻgʻriligini va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiqligini tekshirish maqsadida zarur tahlillar oʻtkazish uchun urugʻliklarning namunalarini tanlab olish;

urugʻliklarning muhofaza qilinadigan navlaridan qonunga zid ravishda foydalanilishini taqiqlash;

har qanday urugʻlik yetishtiruvchining, urugʻliklarni realizatsiya qiluvchining va urugʻliklar isteʼmolchisining (urugʻliklardan foydalanuvchining) hududiga kirish;

urugʻchilik dalalariga hamda urugʻliklarning turkumlariga
doir zarur axborot, hujjatlar va namunalarni olish;

urugʻliklarni qonun hujjatlarini buzgan holda yetishtirishni, saqlashni, realizatsiya qilishni toʻxtatib qoʻyish yoki taqiqlash;

muvofiqlik sertifikati va fitosanitariya sertifikati
yoki karantin ruxsatnomasi mavjud boʻlmagan urugʻliklar turkumlarining tashilishini taqiqlash;

muvofiqlik sertifikati, fitosanitariya sertifikati
yoki karantin ruxsatnomasi mavjud boʻlmagan urugʻliklarning Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirilishiga yoʻl qoʻymaslik;

qishloq xoʻjaligi ekinlarining navlarini yangilash
va joylashtirish tartibini buzganlik uchun xoʻjaliklar rahbarlari hamda boshqa masʼul shaxslarga nisbatan choralar belgilash.

3-bob. Urugʻchilik sohasidagi faoliyatni tashkil etish

18-modda. Urugʻliklarning genetik (nav) sifatini aniqlash

Urugʻliklarning genetik (nav) sifati urugʻlik yetishtirish uchun foydalaniladigan urugʻlik ekinzorlarining aprobatsiyasi, tuprogʻini baholash, urugʻliklarning laboratoriyada oʻtkaziladigan nav sinovlari natijalari boʻyicha aniqlanadi.

19-modda. Urugʻlik yetishtirish uchun foydalaniladigan urugʻlik ekinzorlarining aprobatsiyasi

Urugʻlik yetishtirish uchun foydalaniladigan urugʻlik ekinzorlarining aprobatsiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari
va tomorqa yer egalari kengashi hududiy organlarining, shuningdek tegishli tayyorlov hamda taʼminot tashkilotlarining, ilmiy muassasalarning qoʻshma qarori bilan tuziladigan tuman aprobatsiya komissiyalari tomonidan oʻtkaziladi.

Urugʻlik yetishtirish uchun foydalaniladigan urugʻlik ekinzorlarining aprobatsiyasi oʻsimliklar genetik (nav) jihatdan sofligining, zararkunandalar bilan zararlangan-zararlanmaganligining, kasalliklarga chalingan-chalinmaganligining va urugʻliklar umumiy holatining dalada oʻtkaziladigan tekshiruvi orqali amalga oshiriladi.

Urugʻlik yetishtirish uchun foydalaniladigan urugʻlik ekinzorlarining aprobatsiyasini oʻtkazish natijalariga koʻra tuman aprobatsiya komissiyalari tomonidan manfaatdor tashkilotlar va jismoniy shaxslarga aprobatsiya dalolatnomasi beriladi.

Urugʻlik yetishtiruvchilar shaxsiy foydalanishdagi urugʻlik ekinzorlarining aprobatsiyasini aprobatsiya dalolatnomasi rasmiylashtirilgan holda oʻtkazishga haqli.

20-modda. Urugʻlik yetishtirish uchun foydalaniladigan urugʻlik ekinzorlarining tuprogʻini baholash

Urugʻlik yetishtirish uchun foydalaniladigan urugʻlik ekinzorlarining tuprogʻini baholash urugʻliklarni maxsus uchastkalarda ekish va kelgusida ularning genetik (nav) sifatini tekshirish orqali urugʻliklarning muayyan turga, navga mansubligini hamda nav jihatdan sofligini belgilaydi.

Urugʻlik yetishtirish uchun foydalaniladigan urugʻlik ekinzorlarining tuprogʻini baholash Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan oʻtkaziladi.

Urugʻlik yetishtirish uchun foydalaniladigan urugʻlik ekinzorlarining tuprogʻini baholashni oʻtkazish natijalariga koʻra manfaatdor tashkilotlar va jismoniy shaxslarga urugʻliklarning genetik (nav) sifati toʻgʻrisida xulosa beriladi.

21-modda. Urugʻliklarning laboratoriyada oʻtkaziladigan nav sinovi

Urugʻliklarning laboratoriyada oʻtkaziladigan nav sinovi laboratoriya tahlili oʻtkazish orqali ularning muayyan navga mansubligini belgilaydi va genetik (nav) sifatini aniqlaydi.

Urugʻliklarning laboratoriyada oʻtkaziladigan nav sinovi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Urugʻliklarning laboratoriyada oʻtkazilgan nav sinovi natijalariga koʻra manfaatdor tashkilotlar va jismoniy shaxslarga urugʻliklarning genetik (nav) sifati toʻgʻrisida xulosa beriladi.

22-modda. Urugʻliklarning ekinboplik sifatlarini aniqlash

Urugʻliklarning ekinboplik sifatlari urugʻliklar turkumlaridan ajratib olingan namunalardan urugʻliklar tahlilini oʻtkazish orqali aniqlanadi.

Urugʻliklar turkumlaridan namunalar ajratib olish, ularning tahlilini oʻtkazish va urugʻliklarning ekinboplik sifatlarini aniqlash Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Urugʻliklarning ekinboplik sifatlarini aniqlash natijalariga koʻra standart urugʻliklarga urugʻliklarning ekinboplik sifatlari koʻrsatilgan holda muvofiqlik sertifikati va sinov bayonnomasi, nostandart urugʻliklarga esa urugʻliklarning ekinboplik sifatlarini tasdiqlovchi urugʻliklar tahlili natijasi beriladi.

23-modda. Urugʻliklarni sertifikatlashtirish

Ekish uchun foydalaniladigan urugʻliklar ­sertifikatlashtirilishi lozim.

Ekish uchun foydalaniladigan urugʻliklarni ­sertifikatlashtirish quyidagilarni oʻz ichiga oladi:

sertifikatlashtirish uchun talabnoma berish va uni koʻrib chiqish;

namunalarni birxillashtirish, ajratib olish
va laboratoriyaga yetkazish;

laboratoriyada namunalar sinovini oʻtkazish;

olingan natijalarni tahlil qilish, muvofiqlik sertifikatini berish yoki uni berishni rad etish;

muvofiqlik sertifikatlarini Oʻzbekiston Respublikasi milliy sertifikatlashtirish tizimining davlat reyestrida roʻyxatdan oʻtkazish.

Urugʻliklarni sertifikatlashtirish texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar asosida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Oʻrmon xoʻjaligi ekinlarining urugʻliklarini sertifikatlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi hamda uning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq akkreditatsiya qilingan hududiy boʻlinmalari tomonidan amalga oshiriladi.

24-modda. Urugʻlik yetishtiruvchilarning reyestri

Urugʻlik yetishtiruvchilarning reyestri paxta chigitining, boshoqli don ekinlari hamda kartoshkaning original va elita urugʻliklarini ishlab chiqaruvchilar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Urugʻchilikni rivojlantirish markazi tomonidan yuritiladi.

Urugʻlik yetishtiruvchilarning reyestri urugʻlik yetishtiruvchilar toʻgʻrisidagi, yangilab turiladigan yozuvlarni oʻz ichiga olgan maʼlumotlarning yagona axborot bazasidir.

Urugʻlik yetishtiruvchilarning reyestrida urugʻlik yetishtiruvchilar toʻgʻrisidagi quyidagi asosiy maʼlumotlar koʻrsatilgan boʻlishi kerak:

urugʻlik ishlab chiqaruvchining nomi, pochta manzili, telefon raqami;

urugʻlik yetishtiruvchi rahbarining familiyasi, ismi, otasining ismi;

paxta chigiti, boshoqli don ekinlari va kartoshka urugʻlari navlarining va duragaylarining nomi, shuningdek toifasi.

Urugʻlik yetishtiruvchilarning reyestridagi axborot Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Urugʻchilikni rivojlantirish markazining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.

Urugʻlik yetishtiruvchilarning reyestriga kiritganlik uchun haq olinmaydi.

25-modda. Urugʻliklarni yetishtirish, tayyorlash, ularga ishlov berish, ularni saqlash va ulardan foydalanish

Urugʻliklarni yetishtirish, tayyorlash, ularga ishlov berish, ularni saqlash va ulardan foydalanish texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq amalga oshiriladi.

Qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarini yetishtirish, tayyorlash, ularga ishlov berish, ularni saqlash hamda ulardan foydalanish tartibi tegishli vakolatli organlar tomonidan belgilanadi.

Intellektual mulk obyekti boʻlgan urugʻliklardan foydalanishga patent egasining (litsenziarning) roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi.

26-modda. Urugʻliklarni realizatsiya qilish

Urugʻliklarni realizatsiya qilishga ularning genetik (nav)
va ekinboplik sifatlari koʻrsatilgan muvofiqlik sertifikati mavjud boʻlgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi.

Kimyoviy yoki biologik ishlov berilgan urugʻliklar urugʻliklarning isteʼmolchisiga (urugʻliklardan foydalanuvchiga) yoki savdo tarmogʻiga faqat qadoqlangan tarzda yetkazib beriladi. Har bir qadoqda ishlov berish turi koʻrsatilgan yorliq va xavfsizlik chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma boʻlishi kerak.

Qishloq xoʻjaligi ekinlarining quyidagi urugʻliklaridan ekish (oʻtqazish) uchun foydalanish va ushbu urugʻliklarni ekish (oʻtqazish) uchun realizatsiya qilish taqiqlanadi:

Oʻzbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya qilingan qishloq xoʻjaligi ekinlarining davlat reyestriga kiritilmagan paxta chigiti navlari va duragaylarining, boshoqli don ekinlari hamda kartoshka navlari
va duragaylarining urugʻliklari;

oʻsimliklar karantini obyektlari bilan zararlangan urugʻliklar;

texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiq kelmaydigan urugʻliklar.

Yangi va istiqbolli navlarning urugʻliklariga boʻlgan talabdan kelib chiqqan holda, shuningdek ularning sifati boʻyicha muvofiqlik sertifikati yoki tahlil natijasi mavjud boʻlgan taqdirda, paxta chigiti, boshoqli don ekinlari
va kartoshka urugʻliklari Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining yoki uning vakolatli organining ruxsati bilan realizatsiya qilinishi mumkin.

Muomalaga kiritilayotgan urugʻliklar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq tamgʻalangan va qadoqlangan boʻlishi kerak.

Xorijiy mamlakatlardan olib kirilayotgan va karantin obyektlari hamda oʻta xavfli zararkunandalar, oʻsimliklar kasalliklari va begona oʻtlar keng tarqalgan zonalarda yetishtirilgan urugʻliklarni Oʻzbekiston Respublikasi hududida realizatsiya qilish taqiqlanadi. 

27-modda. Realizatsiya qilinadigan urugʻliklarga doir kafolatlar

Urugʻliklarni yetishtirish hamda realizatsiya qilish bilan shugʻullanuvchi urugʻchilik subyektlari urugʻliklarning genetik (nav) va ekinboplik sifatlari muvofiq boʻlishi uchun javobgar boʻladi.

Agar urugʻliklarni yetishtirish hamda realizatsiya qilish bilan shugʻullanuvchi urugʻchilik subyektlari ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan urugʻliklarning genetik (nav) va ekinboplik sifatlariga nomuvofiqligi urugʻliklarni yetishtirish hamda realizatsiya qilish bilan shugʻullanuvchilarga bogʻliq emasligini isbotlasa, urugʻliklarning isteʼmolchisi (urugʻliklardan foydalanuvchi) zararning oʻrni qoplanishini talab qilishga haqli emas.

Olingan urugʻliklarga doir kafolatlar ularning sifati toʻgʻrisidagi hujjatda koʻrsatilgan muddatgacha amal qiladi.

28-modda. Urugʻliklarni olib kirish va olib chiqish

Urugʻliklarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirishga quyidagi shartlar asosida yoʻl qoʻyiladi, agar:

paxta chigiti, boshoqli don ekinlari va kartoshka urugʻliklari Oʻzbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya qilingan qishloq xoʻjaligi ekinlarining davlat reyestriga kiritilgan nav va duragay jumlasidan boʻlsa;

urugʻliklarning muvofiqlik sertifikati va fitosanitariya sertifikati, shuningdek karantin ruxsatnomasi mavjud boʻlsa;

urugʻliklar seleksiya va tadqiqot ishlari, koʻrgazmaga qoʻyish uchun moʻljallangan boʻlsa.

Urugʻliklarni (bundan paxta chigiti, boshoqli don ekinlari
va kartoshka urugʻliklari mustasno) olib kirish chogʻida akkreditatsiya boʻyicha xalqaro tashkilotlar tomonidan akkreditatsiya qilingan xorijiy laboratoriyalar oʻtkazgan sinovlarning natijalari sinov chogʻida qoʻllanilgan talablar Oʻzbekiston Respublikasida amal qilayotgan shunga oʻxshash talablardan past boʻlmagan hollarda tan olinadi.

Ilmiy maqsadlarda va navni sinash uchun olib ­kirilayotgan hamda olib chiqilayotgan urugʻliklar uchun bojxona
boji undirilmaydi va ular kvotalanmaydi
hamda ­litsenziyalanmaydi.

Paxta chigitini va boshoqli don ekinlarining urugʻliklarini olib chiqish Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining xulosasi asosida Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining qaroriga binoan amalga oshiriladi. Boshqa qishloq xoʻjaligi ekinlarining urugʻliklarini olib chiqish uchun maxsus ruxsatnoma talab etilmaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi hududidan olib chiqilishi lozim
boʻlgan urugʻliklarga Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat inspeksiyalari tomonidan berilgan fitosanitariya sertifikati ilova qilinadi.

29-modda. Urugʻliklarga qoʻshimcha ishlov berish, ularni utilizatsiya qilish va yoʻq qilish

Ekinboplik sifatlarini aniqlash natijalariga koʻra belgilangan maqsadda foydalanish uchun yaroqsiz deb topilgan urugʻliklarga texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning qoidalariga muvofiq qoʻshimcha ishlov berilishi, ular utilizatsiya qilinishi va (yoki) yoʻq qilinishi lozim.

Urugʻliklar ularning ekinboplik sifatlarini aniqlashni
amalga oshirish va ulardan keyinchalik foydalanish mumkinligi yoki ularni yoʻq qilish zarurligi toʻgʻrisida qaror qabul qilish uchun zarur boʻlgan davrda xavfsizlikni taʼminlaydigan shart-sharoitlarga rioya etilgan holda alohida xonalarda saqlanishi lozim.

Belgilangan maqsadda foydalanish uchun yaroqsiz boʻlgan urugʻliklarni utilizatsiya qilish va (yoki) yoʻq qilish bilan bogʻliq xarajatlarning oʻrni urugʻlik yetishtiruvchilar
va realizatsiya qiluvchilar tomonidan qoplanadi.

30-modda. Sugʻurta urugʻlik fondi

Tabiiy ofatlar roʻy bergan hollarda qayta ekish uchun navli urugʻliklar yetkazib berilishini taʼminlash
maqsadida, shuningdek boshqa maqsadlarda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi sugʻurta urugʻlik fondini tashkil etadi.

Sugʻurta urugʻlik fondini tashkil etish va undan foydalanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

31-modda. Urugʻchilik sohasidagi ilmiy tadqiqotlar

Urugʻchilik sohasidagi ilmiy tadqiqotlar Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Urugʻchilikni rivojlantirish markazi, tegishli tarmoq ilmiy-tadqiqot
va oliy taʼlim muassasalari, shuningdek boshqa ilmiy tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi, ular:

urugʻchilikning, urugʻshunoslikning va navshunoslikning ilmiy asoslangan tizimlarini;

yangi va istiqbolli navlarni joriy etishga doir tavsiyalarni;

innovatsion texnologiyalarni va yuqori sifatli urugʻliklar yetishtirish samaradorligini oshirish usullarini;

urugʻchilikni axborot jihatidan taʼminlash tizimiga
axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish boʻyicha dasturlarni ishlab chiqadi.

32-modda. Urugʻchilik sohasida intellektual mulk

Patent egalari, shuningdek litsenziyaga ega boʻlgan yuridik
va jismoniy shaxslar patent bilan muhofaza qilinadigan navlar va duragaylarning urugʻliklarini yetishtirish
hamda ulardan foydalanish huquqiga ega.

Istalgan yuridik va jismoniy shaxslar patent
yoki guvohnoma bilan muhofaza qilinmaydigan navlar
va duragaylarning urugʻliklarini yetishtirishi hamda ulardan foydalanishi mumkin.

4-bob. Yakunlovchi qoidalar 33-modda. Urugʻchilik sohasidagi faoliyatni moliyalashtirish

Urugʻchilik sohasidagi faoliyatni moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

34-modda. Nizolarni hal etish

Urugʻchilik sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.

35-modda. Urugʻchilik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Urugʻchilik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.

36-modda. Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish

Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin:

1) Oʻzbekiston Respublikasining 1996 yil 29 avgustda qabul qilingan “Urugʻchilik toʻgʻrisida”gi 267–I-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996 yil, № 9, 130-modda);

2) Oʻzbekiston Respublikasining 1997 yil 25 aprelda qabul qilingan “Ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrimlarini
oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”
gi 421–I-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997 yil, № 4–5, 126-modda) 19-bandi;

3) Oʻzbekiston Respublikasining 1999 yil 15 aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 772–I-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999 yil, № 5, 124-modda) XV boʻlimi;

4) Oʻzbekiston Respublikasining 2006 yil 6 aprelda qabul qilingan “Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish tartib-taomillari soddalashtirilganligi ­munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ–31-sonli Qonunining (Oʻzbekiston ­Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006 yil, № 4, 157-modda) 2-moddasi;

5) Oʻzbekiston Respublikasining 2007 yil 21 dekabrda qabul qilingan “Urugʻchilik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 9-moddasiga oʻzgartish kiritish haqida”gi OʻRQ–134-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007 yil, № 12, 605-modda);

6) Oʻzbekiston Respublikasining 2018 yil 23 iyulda qabul qilingan “Baʼzi davlat organlari va tashkilotlarning faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi
OʻRQ–486-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018 yil,
№ 7, 431-modda) 18-moddasi.

37-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.

38-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan
oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.

39-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi

Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. Mirziyoyev

Toshkent shahri,
2019 yil 16 fevral

№ OʻRQ–521


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?