Urug‘chilik tarmog‘ida xususiy sektor yanada qo‘llab-quvvatlanadi

10:10 24 May 2018 Iqtisodiyot
381 0

Mamlakatimizning 31 tumanida sabzavot va poliz ekinlari urug‘larini yetishtirishga ixtisoslashtirilgan 40 dan ziyod xo‘jaliklar tashkil etiladi. Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan seminarda bu sa’y-harakatlar hududlarning tuproq-iqlim sharoitlariga mos bo‘lgan eksportbop hamda raqobatbardosh ekinlar urug‘larini yetishtirish imkonini berishi qayd etildi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, yurtimizda qishloq xo‘jaligi, xususan, urug‘chilikni rivojlantirish borasida tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Sohaning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida meva-sabzavotchilikni jadal rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi, “Qishloq va suv xo‘jaligi davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlari hamda “O‘zbekiston Respublikasida urug‘chilik tizimini tubdan takomillashtirish chora--tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tashkil etildi. 

Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini tayyorlash, foydalanish hamda eksport qilishning zamonaviy tizimini shakllantirish, mahalliy va xorijiy seleksiya navlari urug‘chiligini tashkil etib, rivojlantirish, urug‘larni tayyorlash, qayta ishlash hamda saqlash bo‘yicha normativ talablarni xalqaro standartlar va texnik reglamentlarga muvofiq ishlab chiqish, sohada ilmiy-amaliy tadqiqotlarni olib borish, tarmoq korxonalarining ilmiy salohiyatiyu moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga ko‘maklashish, urug‘chilik bo‘yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirish hamda sohaga -innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish kabilar mazkur markazning asosiy vazifalari etib belgilandi.

Hozirgi kunda davlat-xususiy sheriklik asosida urug‘chilik tizimini yanada takomillashtirish va sohani xalqaro talablar darajasiga olib chiqish bo‘yicha ham aniq vazifalar belgilangan bo‘lib, ular ijrosi izchil amalga oshirilayotgani qayd etildi. 

Bu borada xususiy sektorni yanada qo‘llab-quvvatlashga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Ko‘chatxonalar va issiqxonalarda urug‘ yetishtiruvchi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga soliq imtiyozlari berilgani, masalan, ular 3 yil muddatga barcha turdagi soliqlardan ozod qilingani bu boradagi ishlar sifatini oshirishda muhim o‘rin tutayapti. 

Senatorlar urug‘chilik tizimini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, yaratilgan imkoniyat hamda imtiyozlar xususida fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini yanada kengroq xabardor qilish, joylarda bu borada tushuntirish-targ‘ibot ishlarini kuchaytirish lozimligini alohida ta’kidladilar. 

X. QOBILOV.
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?