“Urgut” erkin iqtisodiy zonasidagi korxonalar eksport hajmini oshirish harakatida

15:06 12 Avgust 2020 Iqtisodiyot
241 0

Koronavirus pandemiyasi sharoitida tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning samarali ishlashi uchun sharoit yaratish har qachongidan ham muhim ahamiyatga ega.

Hozirgi sinovli kunlarda “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida faoliyat olib borayotgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari oʻz oʻrnida yaratilayotgan qulayliklardan unumli foydalanib, mahsulot ishlab chiqarish, yangi ish oʻrinlarini yaratish va eng asosiysi dunyo bozorida oʻz oʻrniga ega boʻlish maqsadida bor kuch-gʻayratlarini ishga solib mehnat qilishmoqda.

“Urgut” erkin iqtisodiy zonasida faoliyat boshlagan ana shunday yirik eksportyor korxonalardan biri “SAM ELEKTRO SERVIS” Oʻzbekiston va Turkiya qoʻshma korxonasi elektr duxovka, gaz va elektr plitalar ishlab chiqarmoqda.

“Oʻzbek” milliy brendi ostida yuqori sifatli mahsulotlar tayyorlash va jahon bozoriga olib chiqishga ixtisoslashgan mazkur korxona 2018-yilning dekabr oyida ishga tushgan.

Korxona tomonidan pandemiya munosabati bilan joriy etilgan karantin davomida ishlab chiqarilgan mahsulotlarning eksport miqdorini oshirish yuzasidan mukammal harakat dasturi ishlab chiqilgan.

Korxona yiliga 260 ming dona elektr duxovkasi, 100 ming dona gaz plita va 100 ming dona dudburon ishlab chiqarish quvvatiga ega. Shuningdek, korxona 15 xil turda elektr duxovkasi, 10 xil turda gaz plita, 5 xil turda dudburonlar ishlab chiqarmoqda. Korxonaning 2 smenada 24 soat davomida uzluksiz faoliyat olib borishi natijasida bu yerda 200 ga yaqin ish oʻrni yaratilgan.

Mahsulotlarning 40 foizi eksportga yoʻnaltirilmoqda. Korxona mahsulotlarini Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Ozarbayjon kabi davlatlarga eksport qilmoqda.

— Turkiya va Xitoydan keltirib oʻrnatilgan zamonaviy va yuqori sifatli texnik uskunalar yordamida hozircha gaz plita va elektr duxovkalar ishlab chiqarilmoqda, — deydi korxona rahbari Sohib Azimov. — Mahsulotga talab yuqori. Jumladan, 2019-yil davomida 1 million 200 ming AQSH dollari qiymatidagi mahsulotni xorijga eksport qildik. 2020-yilda ham eksport hajmini oshirishga va ishlab chiqarish tarmogʻini kengaytirishga harakat qilyapmiz. Pandemiya sharoitiga qaramasdan joriy yilning oʻtgan davri davomida korxona tomonidan 500 ming AQSH dollarga yaqin mahsulot xorijga eksport qilindi.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmatining maʼlumotiga koʻra, korxonaning eksport operatsiyalarini amalga oshirish jarayonlarini qisqa vaqt mobaynida bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazish borasida “Samarqand” TIF bojxona posti tarkibidagi “Urgut” EIZ punkti bojxona xodimlari 24 soat davomida xizmat olib borib, import va eksport tovarlarini soddalashtirilgan bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazib kelishmoqda.

Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?