Urganchdagi tomosha: Abituriyentlar uchun tibbiy ko‘rikning narxi qancha?

14:35 26 Iyun 2018 Jamiyat
805 0

Ayni kunlarda mamlakatimizdagi barcha oliy ta’lim dargohlarida abituriyentlardan hujjatlar qabul qilish jarayoni qizg‘in davom etmoqda.Amaldagi tartibga ko‘ra o‘qishga kirishni xohlovchilar qabul komissiyasiga boshqa tegishli hujjatlar bilan birga 086-U shakldagi tibbiy ma’lumotnomani ham taqdim etishlari kerak. Shu bois shahar va tumanlardagi markaziy poliklinikalar tibbiy ko‘rikdan o‘tish maqsadida kelgan abituriyentlar bilan gavjum. Xo‘sh, ularning tibbiy ko‘rikdan o‘tishi bepul amalga oshiriladimi yoki pullik?

Mazkur jarayon Urganch shahrida qanday kechayotgani bilan qiziqdik. Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 5 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiyot tashkilotlarida O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 696-sonli qarori asosida Xorazm viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan davolash profilaktika muassasalari rahbarlariga 2018 yil 18 iyunda №1/41 –sonli ko‘rsatma xat tayyorlangan.

Unda ta’kidlanishicha abituriyentlar 086-U shakldagi tibbiy ma’lumotnoma olish uchun o‘zlari doimiy yashaydigan hududdagi oilaviy poliklinika va qishloq vrachlik punktlaridan beriladigan yo‘llanmalar asosida markaziy poliklinikalarda bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari mumkin.

Yo‘llanma olmagan bo‘lsa, tibbiy ko‘rik pullik asosda amalga oshirilishi ko‘rsatilgan. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mutasaddilarining bildirishicha, yo‘llanma shu masalada murojaat qilgan har bir abituriyentga beriladi.

Xorazm viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining ushbu ko‘rsatma xati ijrosi bilan tanishish maqsadida Urganch shahridagi 3-son oilaviy poliklinikaga bordik. Poliklinika bosh shifokori mazkur muassasa tomonidan abituriyentlarga hech qanday yo‘llanma berilmasligi,tibbiy ko‘rik shahar markaziy poliklinikasida pullik asosda amalga oshirilishini ta’kidladi.

Masalaga aniqlik kiritish maqsadida Urganch shahar markaziy poliklinikasi mutasaddilariga qo‘ng‘iroq qildik. Ancha bahslashuvlarimizdan keyin oilaviy poliklinika bosh shifokori qabulxonasiga faks orqali yuqoridagi ko‘rsatma xat nusxasi yetib keldi. Va nihoyat yo‘llanmani qo‘lga kiritgach, maqolamiz qahramoni bo‘lgan abituriyent bilan Urganch shahar markaziy poliklinikasiga keldik.

Markaziy poliklinikaning ro‘yxatxona qismi hamshirasi 086-U shakldagi tibbiy ma’lumotnoma olish kasb-hunar kollejlarini 2017-2018 o‘quv yilida tamomlaganlar uchun bepul, undan oldingi o‘quv yillarida bitkazganlar esa muassasa kassasiga 53 ming so‘m to‘lashlari lozimligini bildirdi. Abituriyentimiz kasb-hunar kollejini oldingi yil tugatgani, oilaviy poliklinika yo‘llanmasi bo‘yicha kelganini aytgach, hamshiralar bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tish bo‘yicha bunday tartib yo‘qligini aytib yelka qisishdi. Markaziy poliklinika rahbarlari bilan muloqotimizdan keyingina qahramonimizni bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tishi uchun ruxsat berishdi.

Kasb-hunar kollejini tamomlaganiga bir yildan ko‘p vaqt bo‘lgan abituriyentlar qaysi asosga ko‘ra tibbiy ko‘rikdan pullik tarzda o‘tkazilayotgani bilan qiziqdik. Muassasa mutasaddilarining ta’kidlashicha, bu borada hech qanday yozma ko‘rsatma yo‘q va mazkur jarayon tizim rahbarlarining og‘zaki topshirig‘i asosida amalga oshirib kelingan. Qiziq, tibbiyot muassasasida tibbiy xizmatlarning qaysi turlari pullik, qaysilari bepul amalga oshirilishi tegishli huquqiy–me’yoriy hujjatlarda belgilab qo‘yilmaydi-mi?

Ikki kunlik sa’y-harakatlarimiz natijasi o‘laroq abituriyentlarning 086-U shakldagi tibbiy ma’lumotnomani yashash joyidagi oilaviy poliklinika va qishloq vrachlik punkti yo‘llanmasi asosida bepul olishi mumkinligi haqidagi e’lon muassasa ro‘yxatxonasi peshtoqiga ilib qo‘yildi.

O‘tgan yil test sinovlarida qatnashish uchun Xorazm viloyatidagi oliy o‘quv yurtlariga 26 ming 30 nafar abituriyent hujjat topshirgan. Bu yil oliy ta’lim dargohlariga o‘qishga kirish uchun hujjat topshiruvchilar soni 30 ming atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Tibbiy ko‘rik uchun kasb-hunar kollejlarini oldingi o‘quv yillarida tamomlagan har bir abituriyentdan 53 ming so‘mdan hisoblansa, qancha mablag‘ bo‘lishini chamalab ko‘ravering.

Odilbek ODAMBOYEV,

“Xalq so‘zi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?