Urganchda matematika boʻyicha Xalqaro olimpiada oʻtkaziladi

10:56 27 Avgust 2018 Jamiyat
148 0
Illyustrativ foto

Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida matematika boʻyicha Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Xalqaro olimpiadani oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Qarorga muvofiq Fan va texnologiyalar boʻyicha Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda har ikki yilda bir marta matematika boʻyicha Xalqaro olimpiada tashkil etiladi.
Shu munosabat bilan qarorga muvofiq Xalqaro olimpiadani oʻtkazish boʻyicha nizom va tashkiliy qoʻmita tarkibi tasdiqlandi. Tashkiliy qoʻmitaga Bosh vazir oʻrinbosari A. Abduxakimov raislik qiladi.

Birinchi Olimpiada 2018 yil oktyabr oyining uchinchi oʻn kunligida Urganch shahrida tashkil etiladi.

Olimpiada gʻoliblariga (Oʻzbekiston fuqarolari) matematika, fizika, axborot texnologiyalari yoʻnalishlari boʻyicha magistratura bosqichiga kvotadan tashqari davlat granti asosida kirish huquqi beriladi. Mazkur huquq bakalavr bosqichini bitirgandan keyin 3 yil mobaynida saqlab qolinadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?