Urganch shahri koʻchalarida videokuzatuv kameralari oʻrnatildi

17:22 10 Sentyabr 2018 Jamiyat
223 0

Urganch shahrining transport vositalari serqatnov boʻlgan chorrahalariga oʻrnatilgan videokuzatuv kameralari qoidabuzarliklarni avtomatik tarzda qayd etishni boshladi. Ushbu kameralar svetoforning taqiqlovchi chirogʻida harakatlangan, uzluksiz chiziqni bosgan, qarama-qarshi yoʻnalishda harakatlangan hamda toʻxtab turish taqiqlanadi yoʻl belgisi talablariga boʻysunmagan haydovchilar boshqaruvidagi avtomototransport vositalarini qayd etib borishi rejalashtirilgan.

Mamlakatimiz Prezidentining 2017 yil 29 avgustdagi “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida loyiha boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Xavfsiz shahar” majmuini yaratish maqsadida roʻyobga chiqarilayotgan ushbu dastur yoʻl-transport hodisalarining oldini olish, harakat xavfsizligini taʼminlashga xizmat qiladi.

Eslatib oʻtish joizki, tegishli qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga maxsus avtomatlashtirilgan foto va video texnik vositalari orqali qayd etilgan yoʻl harakati qoidalarini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlik kiritilgan. Mazkur holatda qoidabuzarliklar uchun tegishli jarimalar belgilangan muddatda transport vositalarining egalari tomonidan toʻlanishi koʻzda tutilgan.

Yaqin kunlar ichida Xorazm viloyatining boshqa shahar va tuman marazlarida ham transport vositalari serqatnov boʻlgan chorrahalarda videokuzatuv tizimi joriy qilinadi.

Odilbek Odamboyev, “Xalq soʻzi” muxbiri


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?