Uoll-stritdagilar Oʻzbekistonga keladi

17:04 15 Aprel 2019 Jamiyat
165 0

Yaqinda Oʻzbekistonning AQSHdagi elchixonasida Uoll-stritdagi Amerikaning yetakchi korporatsiyalari, fond va banklari vakillari bilan kengaytirilgan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda Lazard Asset Management, GoldenTree Asset Management, Morgan Stanley Investment management, Eaton Vance Corp, Callaway Capital Management, VanEck, HIMCO, Jyske Capital, Oppenheimer, TIAA kabi 30dan ortiq yirik kompaniyalardan 50dan ziyod vakil ishtirok etdi. Eʼtiborlisi, ularning aktivlari hajmi jami boʻlib 100 mlrd. dollardan oshib ketadi.

Muloqot yakunida yaqin kunlar ichida Uoll-stritdagi bir nechta investitsiya korporatsiyalari mutasaddilarining Oʻzbekistonga tashrifini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi. Ular kelgusida sarmoya ajratish maqsadida mahalliy bozorni oʻrganishadi.

Forum davomida Shveysariyaning Vontobel banki portfeli menejeri Sergey Goncharov Oʻzbekistonda hayotning barcha sohalarida olib borilayotgan tub oʻzgarishlar salohiyatli investorlarga ham maʼqul kelib, ularga ishonch bagʻishlayotganini taʼkidladi.

Oppenheimer Co.Inc. bankining tahlil va suveren bozorlarni tadqiq qilish boʻyicha boshqaruvchi direktori Natali Marshik esa Oʻzbekistonning jahon moliya bozoriga ochilayotganini muhim deb atadi. Xususan, u respublika rahbariyatining suveren yevroobligatsiyalarni joylashtirish, neft-gaz, qishloq xoʻjaligi, energetika sektorlarini isloh qilish, qolaversa, moliya sohasini liberallashtirish borasidagi saʼy-harakatlarini alohida eʼtirof etdi.

“Uoll-strit islohotlarning ushbu yoʻnalishi kelajakda ham saqlanib qolishiga umid bildiradi”, - degan u.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?