Universitetning eng yosh faxriy doktoriga aylangan futbolchini bilasizmi?

13:16 28 Avgust 2020 Sport
329 0

Maʼlumot oʻrnida. Markus Rashford 1997-yilda Manchesterda tugʻilgan. Angliya fuqarosi. Boʻyi 180 santimetr. Maydondagi oʻrni — hujumchi. Klubi «Manchester Yunayted». Raqami — 10. Oilada onasi, uch akasi va bir opasi bor. 2017-yilda oʻziga alohida uy sotib olgan. 6 ta yotoqxona va 2 ta mashinaga moʻljallangan garajga ega bu uy uchun 1,85 million funt sterling sarflagan.

Markus besh yasharligidan boshlab futbol bilan shugʻullana boshladi. U bilan «Everton», “Liverpul”, «Manchester Siti» va «Manchester Yunayted» klublari futbol akademiyalari qiziqishdi. Asosiy kurash «Man Siti» va "MYU” oʻrtasida kechdi. Qizigʻi, bolakay Markus shu ikkala klub bazasida shugʻullanardi. Oxir-oqibat 2005-yilda 7 yoshli Markus «Manchester Yunayted»ni tanladi.Bunga uning shu klubga muxlislik qilgani ham sabab boʻlgan, albatta.

18 yosh 117 kunligida u «Yunayted»ning yevrokuboklarda gol kiritgan eng yosh futbolchisiga aylandi. Ungacha bu rekord afsonaviy Jord Bestga tegishli boʻlib, 1964-yilning 20-oktyabrida oʻrnatilgan edi. Garchi, 2015/2016-yilgi mavsumni toʻliq oʻtkazmagan boʻlsa-da, qahramonimiz «Yunayted» safida 18 ta oʻyinda 8 ta gol kiritdi. Mavsum yakunida u yilning eng kuchli yosh futbolchisiga beriladigan Jimmi Merfi nomidagi mukofotga munosib koʻrildi. Shuningdek, Angliya terma jamoasidan ham chaqiruv oldi. Aytmoqchi, u milliy terma jamoa safidagi ilk oʻyinidayoq yana bir rekordni oʻrnatdi. 2016-yilning 27-mayida Avstraliya terma komandasiga qarshi kechgan uchrashuvning 138 – sekundidayoq gol kiritdi va Angliya terma jamoasida oʻzining debyut oʻyinida eng tez gol muallifiga aylangan futbolchi sifatida tarixga kirdi.

Markus odatda chap qanot vingeri yoki hujumchi pozitsiyasida toʻp suradi. Hujumdagi sheriklari bilan pozitsiyasini tez-tez almashtirib turadi. Tezligi yuqori. Ayniqsa, tezkor qarshi hujum paytida raqib himoyachilari uchun oʻta xavfli futbolchi sanaladi.

Biz uning koʻplab gollar muallifi ekanini taʼkidlagan holda ayrim yutuqlarini eslatmoqchimiz. ”Manchester Yunayted” bilan Markus 2015/16 yilda Angliya Kubogi sohibi boʻlgan. Keyingi mavsumda esa Futbol ligasi kubogini qoʻlga kiritgan. 2016-yilda Angliya Superkubogini, 2016 /17 yilgi mavsumda esa Yevropa Ligasi sovrinini boshi uzra koʻtargan. Angliya terma jamoasi bilan 2019-yilda UYEFA Millatlar kubogida 3 – oʻrinni egallagan.

Endi esa Markus Rashfordning butun dunyoni lol qoldirgan qoyilmaqom ishi xususida toʻxtalamiz. Butun jahonda kuzatilgani kabi Buyuk Britaniya hukumati koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish uchun karantin tadbirlarini joriy etdi. Rashford FareShare xayriya tashkilotini qoʻllab-quvvatladi va maktab oʻquvchilarining bepul tushligi uchun 20 million funt sterling toʻplashga koʻmaklashdi. Bu loyiha dastlab Katta Manchester grafligini qamrab olgandi. Keyin esa butun mamlakatga tarqab ketdi. 2020-yilning 11-iyunida Markus toʻplangan mablagʻ evaziga butun mamlakatdagi 3 million maktab oʻquvchisi bepul tushlik bilan taʼminlanishini maʼlum qildi. 15-iyunda Markus Buyuk Britaniyada bolalar qashshoqligiga qarshi kurashish uchun chora-tadbirlar koʻrishni soʻrab Parlament aʼzolariga ochiq xat yozdi. Ertasiga Britaniya hukumati maktabdagi taʼtillar chogʻida kam taʼminlangan oilalarga koʻrsatiladigan moddiy yordam dasturi muddati uzaytirilishini eʼlon qildi. Bu qarorning qabul qilinishida MarkusRashfordning faol pozitsiyasi muhim rol oʻynadi. Oradan bir oy oʻtib, Markusning bolalar qashshoqligiga barham berish yoʻlidagi xizmatlari alohida eʼtirofini topdi. Hali 23 yoshga ham toʻlmagan qahramonimizga Manchester universitetining faxriy doktori unvoni beriladigan boʻldi. Shu tariqa Markus Rashford bu unvonning eng yosh sohibi sifatida ham tarixga kirdi.
Istam IBROHIMOV tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?