Universitetlarga kiritish boʻyicha yirik korrupsiyaviy sxema fosh etildi

19:24 14 Mart 2019 Dunyo
978 0

Illyustrativ foto

AQSH Adliya vazirligi Yel, Kaliforniya va Stenford universitetlariga kirgizib qoʻyish boʻyicha yirik korrupsiyaviy sxema aniqlanganini maʼlum qildi. Bu borada 50 nafar kishiga ayblov qoʻyilgan. Ularning ichida Felisiti Xaffman, Lori Laflin kabi mashhur aktrisalar ham bor, deb yozadi Meduza.

OTMlarga kirish uchun abituriyentlarni tayyorlaydigan kompaniya hamda xayriya tashkiloti rahbari Uilyam Singer mazkur korrupsiyaviy sxema markazidan joy olgan. Ota-onalar unga xayriya-ehson koʻrinishida pora berishgan. Ayblov hujjatiga koʻra, Singer aybini tan olgan va oʻzi bilan birga ishlagan hamda unga yordam berganlarga qarshi koʻrsatma bergan.

“Xizmat”lardan biri SAT va ACT testlarini topshirishda qalloblik qilish bilan bogʻliq. Maʼlumot uchun, ushbu test natijalari Amerika oliy oʻquv yurtlarida talabalarni saralashda inobatga olinadi. Ushbu “xizmat” uchun ota-onalar 15 mingdan 75 ming dollargacha toʻlagan.

Singerning rejasi boʻyicha, taʼlim olishdagi qiyinchiliklar bahonasi bilan ularning farzandlari imtihonlari kechiktirilgan. Keyin ular maʼmurlari Singerga tanish boʻlgan Texas yoki Kaliforniyadagi maktablardan birini tanlashgan. Sxemaning yana bir ishtirokchisi esa imtihon kuni yo toʻgʻri javoblarni berib turgan yoki testdagi xatolarni toʻgʻrilab bergan yoxud oʻzi abituriyentlar uchun test topshirgan.

Ayni shu sxemada sanʼatkor Felisiti Xaffman ham ishtirok etgan. 2017 yilda Singer 15 ming dollar evaziga aktrisaning qiziga imtihondan yaxshi natija olish uchun yordam bergan. Los-Anjeles sudi Xaffmanga 250 ming dollar garov pul tayinladi.

Singer, shuningdek, OTM murabbiylari bilan kelishib oʻqishga kirishni ham kafolatlagan. Murabbiylar pora evaziga bolalarni ularning real muvaffaqiyatlari boʻlsa-boʻlmasa, sportchi sifatida yiqqan. Singer tashkiloti xodimlari esa oʻsmirlarning sportdagi natijalari haqida soxta maʼlumotlar, jumladan, xuddiki, sport bilan shugʻullanayotgani aks etgan fotosuratlarni tayyorlashgan.

Baʼzan sahna koʻrinishlarini ota-onalarning oʻzlari ham qilishgan. Masalan, aktrisa Lori Laflin va uning turmush oʻrtogʻi Mossimo Janulli. 2016-2017 yillarda aktrisaning qizini Janubiy Kaliforniyadagi universitet eshkak eshish boʻyicha jamoasi aʼzosi sifatida qabul qilishadi. Vaholonki, bu qiz mazkur sport turi bilan umuman shugʻullanmagan.

Oila sohiblari esa farzandining eshkak eshish trenajyoridagi suratlarini joʻnatganlar. Oʻqishga kirish uchun esa Singerga 500 ming dollar qurtdek sanab berilgan.

Tekshiruv maʼlumotlariga koʻra, bolalar koʻpincha firibgarlik ortidan oʻqishga kirishganini bilishmagan. Shuning uchun ularning birortasiga ham ayblov qoʻyilmadi. Adliya vazirligi ushbu talabalarning kelgusi taqdirini OTMlarning oʻzlari hal etishini bildirgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?