“Universiada-2019” saralash musobaqalari Samarqandda qanday oʻtdi

16:23 30 Oktyabr 2019 Sport
186 0

Mamlakatimiz hududlarida “Universiada – 2019” saralash musobaqalari yakuniga yetdi. Samarqand davlat universitetining sport zallarida Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari oliy oʻquv dargohlari talaba - yoshlaridan iborat terma jamoalar ishtirokida qoʻl toʻpi va voleybol musobaqalarining hududiy saralash musobaqalari yakunlandi.

Dastlab qoʻl toʻpi boʻyicha har ikkala viloyat jamoalaridan ustun boʻlgan samarqandlik yigitlar va qizlar jamoalari saralash gʻolibligini qoʻlga kiritishgan edi. Aslida, asosan Samarqand davlat universiteti jismoniy madaniyat fakulteti sportchi yoshlaridan iborat voleybolchi yigitlar va qizlar jamoalari saralash musobaqalariga puxta tayyorgarlik koʻrishgandi.

Oʻta murosasiz va qizgʻin kechgan musobaqalarda samarqandlik voleybolchi qizlar va yigitlar jamoalari surxondaryolik va qashqadaryolik raqiblariga imkoniyat qoldirishmadi. Har ikkala qoʻshni viloyat vakillari bir xil hisobda magʻlub boʻldi – 3:0. Ayniqsa, Komiljon Umarov murabbiyligi ostida maydonga chiqqan samarqandlik voleybolchi qizlardan Dilfuza Siddiqova, Marjona Normurodova, Eʼzoza Rahimjonova, Sarvinoz Maʼmirova singari chaqqon va isteʼdod sohibalari jamoasining gʻalabasiga munosib hissa qoʻshishdi.

Shuningdek, murabbiy Zayniddin Boltayev, jamoa oʻyinchilaridan Muhammad Haydarov, Shohzod Xudayberdiyev, Temur Farmonov, Muhammad Baxtiyorov singari chapdast voleybolchi yoshlar ham endi yil yakunida oʻz omadlarini “Universiada - 2019” musobaqasining finalida jiddiy sinovdan oʻtkazishadi.

Samarqanddagi saralash bellashuvlarining yakunida gʻoliblar va ishtirokchilar ragʻbatlantirilib, shu yil dekabr oyida boʻlib oʻtadigan “Universiada – 2019” musobaqalarining hal qiluvchi final uchrashuvlarida ularga omad va zafarlar tilandi.

Abdulaziz Yoʻldoshev 
(“Xalq soʻzi”)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?