Un qadoqlash sexi ochgan “tadbirkor”ning kirdikorlari fosh boʻldi

17:36 09 Oktyabr 2018 Jamiyat
622 0

 

Mamlakatimizda tadbirkorlik bilan shugʻullanish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Qabul qilinayotgan qonun hujjatlarida ularning huquqlari kafolatlanib, imtiyozlar, yengilliklar taqdim etib borilmoqda. Berilgan imkoniyatlardan samarali foydalanib faoliyatini kengaytirayotgan, yangi ish oʻrinlari yaratayotgan tadbirkorlarning soni kundan kunga koʻpaymoqda.

Ammo Davlat soliq qoʻmitasining Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot boʻlimining xabar berishicha, mamlakat iqtisodiyotining yanada mustahkamlanishiga hissa qoʻshishdan koʻra oʻzining choʻntagini qappaytirishni oʻylovchi qoʻshtirnoq ichidagi tadbirkorlar ham afsuski uchrab turibdi.

Masalan, Samarqand shahrida yashovchi fuqaro S.P. davlat roʻyxatidan oʻtmasdan un qadoqlash sexi tashkil qilgan. Kamiga uddaburon tadbirkor Qozogʻistonning “Dani-nan” brendi tushirilgan 2 va 5 kilogrammlik qoplarga qadoqlab sotishni yoʻlga qoʻygan.

Oʻtkazilgan nazorat tadbiri davomida ushbu fuqarodan 20 turdagi 139 million 21 ming soʻmlik tayyor va yarim tayyor un mahsuloti daliliy ashyo sifatida vaqtinchalik olib qoʻyildi.

Shuningdek, Urgut tumani, Jartepa mahallasida joylashgan savdo doʻkonida fuqaro A.S. davlat roʻyxatidan oʻtmasdan alkogol va salqin ichimliklar savdosi bilan shugʻullangan. Fuqarodan 6 million 799 ming 300 soʻmlik mahsulotlar daliliy ashyo sifatida vaqtinchalik olib qoʻyildi.

Tadbirkorlar shuni unutmasliklari lozimki bugun tadbirkorlik faoliyati bilan qonuniy shugʻullanish istagida boʻlgan fuqarolar uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Noqonuniy faoliyatning oldini olish esa doimiy nazoratda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?