Umumxalq boyligi, rizqimiz manbai

12:11 25 Aprel 2018 Iqtisodiyot
486 0
Foto: nuz.uz

1998 yil 30 aprelda qabul qilingan “Fermer xo’jaligi to’g’risida”gi Qonunda qishloq xo’jaligi sohasida faoliyat yuritayotgan fermerlar, dehqonlar faqat paxta-g’alla, chorvadorlar — chorva, bog’ egalari — bog’dorchilik yo’nalishida faoliyat olib borishi lozim hamda ular qishloq xo’jaligining boshqa jabhalarida faoliyat ko’rsatishi man qilingan edi. Yaqinda kuchga kirgan “O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida”gi Qonun bilan mazkur Qonunga ham o’zgartish hamda qo’shimchalar kiritildi. 

Unga ko’ra, fermer xo’jaligi ijaraga berilgan er uchastkalaridan foydalangan holda, qishloq xo’jaligi mahsulotlari etishtirish va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa faoliyat turlari bilan shug’ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektidir, deya uning faoliyati yangi tahrirda bayon etildi. Shuningdek, ko’p tarmoqli fermer xo’jaligiga mahsulotni etishtirish bilan birga, qishloq xo’jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash hamda realizatsiya qilish, sanoat ishlab chiqarishi, ishlarni bajarish, xizmatlar ko’rsatish va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa faoliyat turlari bilan shug’ullanuvchi fermer xo’jaligidir, deya ta’rif berilgan.

Shu o’rinda bir masalaga e’tiboringizni qaratsak. Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida “Feruz”, “Ashur Abdulqosim”, “Rahmat”, “Imkon”, “Al-Shamsher” kabi fermer xo’jaliklari chetdan nasldor chorva mollari olib kelib boqmoqda. Bundan tashqari, ular asalarichilik, parrandachilik, baliqchilik bilan ham shug’ullanishayapti. Ba’zi fermer xo’jaliklari qo’shimcha texnik xizmat ko’rsatish shoxobchalari, sartaroshxona, qassobxona, novvoyxona, umumiy ovqatlanish shoxobchalari tashkil etib, faoliyatini kengaytirishmoqda. Bog’lar hamda issiqxonalar tashkil qilayotgan fermer xo’jaliklari soni ham ortib, ko’p tarmoqli fermer xo’jaliklariga aylanayapti. 

Qonun bilan fermer xo’jaliklari manfaati uchun yaxshi imkoniyat yaratilgani holda, fermer xo’jaliklarini tashkil etish shartlari birmuncha takomillashdi. Amaldagi normalardan farqli ravishda naslli chorvachilikka ixtisoslashtirilgan fermer xo’jaligi uchun har bir bosh chorva molga hisoblaganda 0,5 gektardan 0,6 gektargacha er maydoni ajratilishi belgilangan. Chorvachilik mahsulotlari etishtirishga ixtisoslashtirilgan fermer xo’jaliklariga shartli mol boshiga qarab suvli va sug’orilmaydigan (lalmi) erlardan oldingilarga nisbatan bu tarzda ko’paytirib berilishi fermer xo’jaliklariga chorva uchun ozuqa miqdorini etarlicha yaratish imkoniyatini yaratadi.

Aksariyat hollarda bog’-uzumchilik hamda sabzavot-polizchilik yo’nalishidagi fermer xo’jaliklarining katta er maydonlarida faoliyat yuritishi kutilgan natijalarni bermayotganidan kelib chiqib, bog’dorchilik, uzumchilik, sabzavotchilik va boshqa ekinlarni etishtirishga ixtisoslashtirilgan fermer xo’jaliklari uchun ajratiladigan er maydonlari kamida 1 gektar hamda ko’pi bilan 5 gektar hajmda ijaraga berilishi belgilangan.

Qonun bilan, shuningdek, dehqonchilik sohasidagi fermer xo’jaliklariga ajratiladigan er maydonlari me’yori belgilab berildi. Unga ko’ra, fermer xo’jaliklari bu imkoniyatdan foydalangan holda yanada ko’proq fuqarolarni ish bilan ta’minlashi mumkin. Qonunda er uchastkasi berilgan fermer xo’jaligi zimmasiga o’z xo’jalik ekinlarining hosildorligi (uch yil uchun o’rtacha yillik hosil hisobida) qonun hujjatlarida belgilangan normativ hosildorlikdan kam bo’lmasligini ta’minlash majburiyati yuklangan.

Ilgarilari fermer xo’jaligining rahbari pensiya yoshiga to’lganda yoki mehnat qobiliyatini yo’qotganda o’z oila a’zolaridan biriga qonun hujjatlariga muvofiq ijara shartnomasi amal qiladigan muddatga berishi mumkin edi. Yangi o’zgartirish matnida bularga qo’shimcha ravishda harbiy xizmatga chaqirilgan yoki oliy ta’lim muassasasiga o’qishga qabul qilingan, saylab qo’yiladigan lavozimlarga saylangan taqdirda ham o’z oila a’zolaridan biriga qonun hujjatlariga muvofiq ijara shartnomasi amal qiladigan muddatga berishi mumkinligi qayd etilgan.

Yangi Qonun bilan kiritilgan o’zgartishlar zamon talabi o’laroq, agrar tarmoqda fidokorona mehnat qilayotgan fermer xo’jaliklari uchun munosib sharoitlar yaratish, ularning huquq hamda manfaatlarini ta’minlashga xizmat qiladi. Ayni paytda mamlakatimiz iqtisodiyotining eng asosiy bo’g’inlaridan bo’lgan agrar soha oldiga qo’yilgan vazifalarning ijobiy hal etilishiga sharoit yaratadi.

Ochildi XIDIROV,
O’zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati a’zosi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?