Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining oʻrnak koʻrsatgan xodimlari moddiy ragʻbatlantiriladi

11:05 07 Oktyabr 2019 Jamiyat
1105 0

Foto: Dinara Chirkova, “Xalq soʻzi”

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining oʻrnak koʻrsatgan xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Edu.uz xabar berdi.

Qaror bilan birga umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining oʻrnak koʻrsatgan xodimlarini ragʻbatlantirishning direktor jamgʻarmasini tashkil etish va uning mablagʻlaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. Nizomga koʻra, jamgʻarma umumiy oʻrta taʼlimning davlat taʼlim standartlariga muvofiq oʻquvchilarga taʼlim beradigan barcha tur va nomdagi umumiy oʻrta taʼlim maktablari hamda maktab-internatlarida tashkil etiladi.

Jamgʻarma umumtaʼlim muassasasida oʻquv-tarbiya jarayonining samaradorligi va sifatini oshirishni ragʻbatlantirish, pedagog, psixolog va kutubxona xodimlariga oylik ustama belgilash, umumtaʼlim muassasalari xodimlarini mukofotlash va ularga moddiy yordam berish, pedagog xodimlarning kasb mahorati va malakasini oshirishini ragʻbatlantirishni kuchaytirish maqsadida tashkil etiladi.

Jamgʻarmaning vazifalari quyidagilardan iborat:

umumtaʼlim muassasalarining oʻrnak koʻrsatgan pedagog, psixolog

va kutubxona xodimlarining (ular umumiy sonining koʻpi bilan 50 foizi) bazaviy tarif stavkasiga har oylik ustama belgilash yoʻli bilan ularni moddiy ragʻbatlantirish;

umumtaʼlim muassasalari xodimlarini mukofotlash va ularga moddiy yordam berish;

tejalgan mablagʻlar mavjud boʻlgan taqdirda, ushbu mablagʻlar hisobidan xodimlarning vaqtincha mehnatga layoqatsizligi boʻyicha toʻlanmagan nafaqalarni moliyalashtirish.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetida belgilangan tartibda nazarda tutiladigan byudjet mablagʻlari Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari hisoblanadi. Jamgʻarma umumtaʼlim muassasasi mehnatga haq toʻlash fondining 15 foizi miqdorida tashkil etiladi.

Pedagog, psixolog va kutubxona xodimlarining bazaviy tarif stavkasiga har oylik ustama belgilash, umumtaʼlim muassasalari xodimlarini mukofotlash va ularga moddiy yordam berish umumtaʼlim muassasalarida tashkil etiladigan ustamalar belgilash, moddiy ragʻbatlantirish va moddiy yordam berish boʻyicha ishchi guruhlar tomonidan amalga oshiriladi.

Pedagog, psixolog va kutubxona xodimlarining bazaviy tarif stavkalariga har oylik ustamalar tarbiyaviy jarayonning amalga oshirilish sifati va samaradorligiga, sinfdan tashqari ishlarga hamda oʻquvchilarni insonparvarlik va mehr-oqibat ruhida tarbiyalashga, tegishli sinflar va oʻquv fanlari uchun tasdiqlangan umumiy oʻrta taʼlimning davlat taʼlim standartlarida nazarda tutilgan bilimlar va koʻnikmalar toʻliq hajmining oʻquvchilar tomonidan oʻzlashtirib olinishi darajasiga va oʻquv jarayoniga qoʻshilgan aniq hissa, oʻqitishning yuqori samaradorligi va sifati uchun 40 foizgacha miqdorda belgilanadi.

Pedagog xodimlarning faoliyatini baholash mezonlari asosida toʻplagan umumiy ballari boʻyicha ularga quyidagi miqdorlarda ustama haq belgilanadi:

65-70 ball toʻplasa - 10 foiz;

71-75-ball toʻplasa- 15 foiz;

76-80 ball toʻplasa - 20 foiz;

81-85 ball toʻplasa - 25 foiz;

86-90 ball toʻplasa - 30 foiz;

91-95 ball toʻplasa - 35 foiz;

96-100 ball toʻplasa - 40 foiz.

Umumtaʼlim muassasalari pedagog xodimlarining bazaviy tarif stavkalariga jamgʻarma hisobidan har oylik ustamalar yangi oʻquv yili uchun oʻtgan oʻquv yili yakunlari boʻyicha belgilanadi.

Kutubxona xodimlarining faoliyatini baholash mezonlari asosida toʻplangan umumiy ballari boʻyicha ularga quyidagi miqdorlarda ustama haq belgilanadi:

65-75 ball toʻplasa - 10 foiz;

76-85-ball toʻplasa- 15 foiz;

86-100 ball toʻplasa - 20 foiz.

Umumtaʼlim muassasalari kutubxona xodimlarining bazaviy tarif stavkalariga jamgʻarma hisobidan har oylik ustamalar yangi oʻquv yili uchun oʻtgan oʻquv yili yakunlari boʻyicha belgilanadi.

Psixolog xodimlarining faoliyatini baholash mezonlari asosida toʻplangan umumiy ballari boʻyicha ularga quyidagi miqdorlarda ustama haq belgilanadi:

65-75 ball toʻplasa - 10 foiz;

76-85-ball toʻplasa- 15 foiz;

86-100 ball toʻplasa - 20 foiz.

Umumtaʼlim muassasalari psixolog xodimlarining bazaviy tarif stavkalariga jamgʻarma hisobidan har oylik ustamalar yangi oʻquv yili uchun oʻtgan oʻquv yili yakunlari boʻyicha belgilanadi.

Shu bilan birga, xalq taʼlimi tizimida birinchi marta mazkur xujjat bilan oʻqituvchilar uchun har oylik 100 foizlik ustamalar joriy etilmoqda. Ushbu ustama haq olish huquqini koʻlga kiritgan pedagog xodimlar (ustama olish davrida) shartli ravishda “Aʼlo darajali” pedagoglar deb yuritiladi.

Umumtaʼlim muassasasi rahbariga Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan moddiy ragʻbatlantirish yuqori turuvchi tashkilot tavsiya asosida berilishi mumkin.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?