Umidbaxsh adabiyot ehtiyoji. Yozuvchi Ulugʻbek Hamdam bilan suhbat

17:46 17 Yanvar 2020 Jamiyat
305 0

– Ulugʻbek aka, shiddat bilan oʻzgarib, turlanib borayotgan dunyoda ijodkorning zimmasiga tushayotgan eng muhim vazifa, sizningcha, nima?

–Umiddan, uni odamlarga bagʻishlashdan. Oʻzi olamda umiddan, ishonchdan boshqa nima bor? Oʻshani ham yoʻq desak... Adabiyot orqali, badiiy soʻz vositasida hayot osilib turgan oʻsha rishtani kessak, nima qoladi?.. Bitta yoki bir qancha gʻamgin sheʼrning yoʻrigʻi boshqa. Lekin ijodkor tushkunlikni targʻib qilsa-chi? Hayotga muhabbatni emas, oʻlimga muhabbatni kuylab tursa-chi?.. Uning butun ijodi shunday kayfiyatlar mahsulidan iborat boʻlsa-chi?.. U holda jim turish jinoyat qilish bilan barobar emasmi?.. Albatta,hech kimga “sen bunday yozma!” deya buyruq berib boʻlmaydi. Har bir ijodkor qalbi buyurganini yozadi. Faqat jamiyat ichra tushkun kayfiyat urugʻini sepmasin, qora ruhni targʻib qilmasin, buzgʻunchilikni tashviq etmasin, deya istak bildirishga haqqimiz bordir, axir! Tani buzuq bor, ongi buzuq bor. Koʻpincha, keyingisi chunon xavflidir. Chunki birinchi holda zarar asosan insonning oʻziga va nisbatan ozchilikka, ikkinchisida aksariyat holda atrofdagilarga yaʼni, koʻpchilikka tegadi. Zulmatga xizmat qiladigan asarlar oʻquvchi ongini buzuvchi asarlardir. Bugungi zamondosh uchun yorugʻ asarlar havodek zarur. Insoniyatning iymonu eʼtiqoddan mahrum qismi shundogʻam umidsizlik degan botqoqqa choʻkib boryapti. Shunday paytda bashar ahliga bir qatim nur ilinish ijodkorning muqaddas burchi emasmi!?..

– Bugun kitobxonlar qanday asarlarga koʻproq qiziqadi, deb oʻylaysiz? Sarguzasht, oldi-qochdi voqealar bayonidan iborat kitoblar koʻpchilikda qiziqish uygʻotayotganini qanday izohlaysiz?

– Yaxshi asarlar kam boʻlsa-da, yaratilyapti. Faqat ularni koʻra oladigan, xasu xashaklar orasidan ilgʻaydigan nigohlarimiz haqida koʻproq qaygʻurish kerak.Shunday nigohlarimiz boʻlsa, yaxshi kitoblar targʻiboti haqida gaplashsak boʻladi. Yoʻqsa, gulni sassiq alafdan ajratolmay qiynalamiz. Baʼzida tuppa tuzuk munaqqidlarimiz tanlagan, tahlillagan va kitobxonlarga tavsiya qilgan asarlarni (agar ularni asar deb atash mumkin boʻlsa!) oʻqib yoqa ushlaysan. Ochigʻi, yaxshi asarlarimizning, xususan, mumtoz asarlarimizning targʻibotidan koʻnglim toʻlayotgani yoʻq. Bilmadim, balki bu haddan ziyod xayolparastlikdir, lekin “men insonman” deya koʻkrak kerib yurganki bor, adabiyotdan umumiyroq tarzda boʻlsa-da boxabar boʻlishini istaydi. Xoʻsh, nega? Chunki chinakam adabiyot, avvalo, dunyoga botiniy nigoh bilan qarash degani. Botiniy nigohi bor odam mulohazakor boʻladi. U bugun (dunyo)ni qanchalik oʻylasa, erta (oxirat) haqida ham shunchalik tashvish chekadi.Bunday odamdan yomonlik chiqmaydi. U birovning joniga qasd qilmaydi. Bir marta hidlash uchun yashnab turgan gulni uzib chetga uloqtirmaydi. Dunyoga, dunyoviylikka mukkasidan ketib, oʻtkinchi hoyu havaslarga iymonini sotmaydi. Aksincha, inson degan nomga munosib ravishda yashashga intiladi, oʻziga ravo koʻrganni oʻzgaga ham tilaydi, umri boricha, qoʻlidan kelgancha hammaga koʻmak bermakka shoshadi. Shu maʼnoda chinakam adabiyot odamga insoniylikdan saboq berguvchi juda katta maʼnaviy kuchdir! Haqiqiy adabiyot dunyoda bir-biridan tamomila olisda, koʻrinishidan bir-biriga mutlaqo aloqasi yoʻq tarzda yuz beradigan xilma xil voqea-hodisalarning zamiridagi uzviylikni koʻngil koʻzi bilan koʻrishga, anglashga imkon yaratadigan sehrli koʻzgudir. Ammo bu adabiyot har doim ham qogʻozga tushib, kitobga aylanavermaydi, u koʻpincha yuraklarimizda yashaydi. Matnga aylangan adabiyot bu asl, botinimizdagi adabiyotning bir uchquni, xolos. Yuragimizda boʻladimi yo kitoblarga darj etiladimi, qatʼi nazar, haqiqiy adabiyot insonni NAFS deb atalgan botqoqdan qutqarib, uni yuksakideallarga xizmat qildiradi. Chinakam adabiyot ikki dunyo oʻrtasidagi KOʻPRIK boʻla oladi. Bunday adabiyot odamdagi hayvonlik piligini pasaytirib, uning insonlik qanotini parvozlarga shaylaydi, yuksaltiradi. Men bugun nafaqat yurtimizda, balki butun dunyoda yaxshi kitoblarning targʻiboti qancha koʻp boʻlsa, uning moddiy-maʼnaviy foydasi ham shuncha yaxshi boʻlishiga ishonaman.

Kitobxonlar oʻziga yaqin mavzulardagi asarlarga koʻproq qiziqadi. Masalan, jamiyat bugungi kunda qanday muammolar bilan yashayotgan boʻlsa oʻsha masalalar maroqli va yuksak badiiyat bilan aks ettirilgan asarlar oʻquvchilarda koʻp qiziqish uygʻotadi, deb oʻylayman. Toʻgʻri, oʻz olamiga gʻarq boʻlgan, shoir aytmoqchi, torgina hovuzni butun dunyo deb bilgan oʻquvchilar guruhi ham bor. Ular odatda, xuddi shunday subyektiv olamda yashab ijod qiladigan ijodkorlarni asarlarining muxlisi boʻladi. Eʼtibor qilsangiz, zamonamizda talay odamlar oʻzi bilan oʻzi oʻralashib qolganini anglaysiz. Xuddi shunday, oʻz chorbogʻini butun bir olamga teng biladigan ijodkorlar ham topiladi. Ular, koʻpincha, oʻz qobigʻidan tashqari chiqa olmay, oʻz subyektivizmi botqogʻi ichra xonish qilayotgan shoʻrlik qushga oʻxshaydi. Aslida, ijodkorning oʻz ichki dunyosiga sayohat qilishi, u yerdagini tashqariga – qogʻozga, oʻquvchilarga olib chiqishi sanʼatning mohiyatiga uygʻun xatti-harakat. Lekin hamma gap shundaki, maʼnaviy-ruhiy, ijtimoiy-siyosiy jihatdan past saviyadagi ijodkorning koʻngil dunyosi biqiq va maishiy hududdan iborat boʻlib qolganda, uning qalamidan chiqqan maqola, sheʼr ham, qissayu roman ham oʻzga koʻngilga taʼsir qilmaydi.

Endi “sarguzasht, oldi-qochdi voqealar bayonidan iborat kitoblar ham koʻpchilikda qiziqish uygʻotayotgani” masalasiga kelsak, bu hol shu kecha-kunduzda dunyoda hukm surayotgan ommaviy madaniyat kayfiyatidan kelib chiqadigan yengil hayot tarziga qiziqish va intilish bilan belgilansa, ajabmas. Fikrlash, bu – aslida, juda katta mehnat qilish degani. Biz shunday mehnatdan qochayotganga oʻxshaymiz. Natijada qalb va tafakkur dangasa boʻlib, oʻrniga badan bilan bogʻliq istaklarimiz hakalak otmoqda. Siz aytayotgan sarguzasht va oldi-qochdi adabiyotga qiziqishning tub ildizi, adashmasam, shu yerda. Ammo bu dardning ham shifosi bor, u ham boʻlsa, jiddiy adabiyotga, shu jumladan, siz aytayotgan mumtoz adabiyotimiz namunalariga tizimli eʼtibor qaratib, ularni maktab, kollej va litseylardanoq oʻquvchilar qalbi va ongiga malham yangligʻ qoʻyishda. Chunki bunday adabiyot millatning botiniy qiyofasini belgilab beradigan asosiy ustunlardan biri! Har bir xalq oʻz botiniy qiyofasini qoʻrimas ekan, u moddiy jihatdan qanchalik boy-badavlat yashagani bilan globalizm taʼsiri ostida asta-sekin yon-atrofdagi oʻz “men”ini tanigan, uni himoya qilgan xalqlar qatiga singib ketishi hech gapmas. Adabiyot va maʼnaviyat shuning uchun ham bugun suv bilan havodek zarur!

– Adabiyot odob-axloq fani. Adabiyotning bu xususiyatini ikkinchi darajali, deb qaraydiganlar, badiiyat, sanʼat birlamchi, pand-nasihat soʻz sanʼati namunasining mohiyatini belgilamaydi, deguvchilar ham bor.

– Bilasizmi, ijodkor hayoti mobaynida siz sanagan bosqichlarni bosib oʻtar, toʻgʻrirogʻi, bosib oʻtishi kerak. Tanqid uchun oʻzgadan misol qidirib nima qildim, mana, mening oʻzim, talabalik yillarimda adabiyot his va idrok mahsuli, nimaiki, qalbimiz va badanimiz tomonidan his qilinib, aqlimiz bilan idrok qilindimi, bas, shularning bari chinakam adabiyotning mahsulidir, degan maksimalcha qarashda yurar edim. Ijodkor haqiqatgoʻy boʻlishi shart, u insonga nimaiki aloqador boʻlsa, borini boricha aks ettirishga mahkum deb bilardim. Talay qoralamalarim shu yoʻsinda yozilgan. Vaqtlar oʻtib qarashlarim oʻzgardi. Albatta, ijodkorning har qanday vaziyatda ham oʻzgarmaydigan haqiqatlari boʻladi, boʻlishi kerak. U bunday haqiqatdan hech qachon yuz oʻgirmasligi lozim, bu fikrimni bugun ham, ertaga ham yoqlashimga ishonaman. Lekin vaqti-soati kelib adashganini anglab yetsayu qaysarlik qilib buni tan olmasa, bu endi, yumshoq qilib aytganda, nodonlikdan boshqa narsa emas. Qolaversa, haqiqatning ham oʻz ahli boʻladi. Ahliga aytilmagan har qanday toʻgʻri va yaxshi gapning zarari boʻlsa boʻladiki, foydasi boʻlmaydi. Demak, har bir gap oʻz ahliga aytilsagina kutilgan natijani beradi. Bundan ham muhimroq gap shuki, adabiyot inson (oʻquvchi) nigohini yuksak va pok nuqtalarga qaratmogʻi zarur ekan! (“Botqoqlarga botsa-da jismim qorachigʻda yashaydi osmon!” deydi shoir). Ayniqsa, bugun – globalizm davrida! Ommaviy madaniyat kuchayib, inson turli madaniyatlar va qarashlar buhronida oʻzligini yoʻqotish arafasida turgan pallada!

– Kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatiniyuksaltirish uchun yana nimalar qilish kerak, deb oʻylaysiz?

– Yaqinda bir voqeaning guvohi boʻldim. Millatimiz, adabiyotimiz, maʼnaviyatimiz uchun katta xizmat qilgan zabardast shoir bilan uchrashuvga talabalarning aksariyati, bilasizmi, kimning toʻplamini bagʻriga bosib kelishdi? Zamonamizning “Men sevaman, Sen sevasanmi?” deb yozgʻuchi qoʻshiqchi nazmbozining! Mana, siz aytayotgan oʻquvchi saviyasiga bittamisol! Yoʻq, men hamma yoshlarimizni yoppasiga ayblamoqchi emasman. Aybdor bor boʻlsa, u ham oʻzimiz. Chunki ularga haqiqiy, baland adabiyotdan saboq berolmagan boʻlib chiqayapmiz. Maktab, oliy oʻquv yurtlarida imkon topib (adabiyotga ajratilayotgan dars soatlari murgʻak ong va yurakni toʻgʻri tarbiya qilish uchun kifoyami?) oʻquvchilar qalbiga yetarlicha kira olmagan boʻlyapmiz. Natijada, ular oʻz yoshiga koʻra oson hazm qilinuvchi, dastlabki ikki qatoridan qolgan hamma misralari nima bilan tugashi ayon soʻzlar yigʻindisini sheʼr, deb qabul qilmoqda. Oʻquvchini tarbiyalash uchun adabiyotning nima ekanini avvalo, oʻzi yaxshi anglab olgan hamda baland saviyada dars berishdan boshqa tashvishi yoʻq mutaxassis-oʻqituvchilar “armiya”si zarurligini yodda tutmogʻimiz kerak. Demak, jiddiy va katta adabiyot bu jamiyatning bitta boʻgʻini uddalaydigan oson ish boʻlmay, hammamizning bir yoqadan bosh chiqarib, doimo bahamjihat mehnat qilishimiz natijasida qoʻlga kiritiladigan bebaho maʼnaviy boylik ekan.

– Internetning kitobxonlikka taʼsiri haqida nima deysiz?

– Yaqinda internet haqida gapira turib, bir tanishim oddiy pichoqni tashbeh sifatida qoʻlladi. Pichoqni inson osh pishirish uchun ham, birovni jarohatlash yoki hayotiga zomin boʻlish uchun ham ishlatishi mumkin ekan. Internet taxminan shunday qurol. Demak, internetdan siz qaysi maqsadda foydalanayapsiz, hamma gap shunda. Internet – taraqqiyot mahsuli. Undan va uning kabi mahsullardan voz kechsak, ixtiyorimizda nima qoladi? Tamaddun tuhfa etayotgan boshqa texnik vositalarga qaratilgan munosabatimizni insonning shaʼniga munosib maqomga koʻtarish kerak. Demak, internetga qaysi maqsadda yondashsak, u ham bizga shu tarzda javob beradi. Ongi yetarlicha shakllanmagan yoshlarimizning internetga boʻlgan munosabatlarini doimiy nazorat qilib borish shart, deb oʻylayman. Oʻgʻil-qizlarimiz qaysi saytlarga kiryapti, kimlar bilan muloqotda boʻlyapti va u yerda bir kunda yoki bir haftada necha soat vaqt oʻtkazayapti, degan savollarga aniq, ijobiy javobimiz boʻlishi zarur. Umuman olganda, dunyo miqyosida internetda insoniyat qiyofasini tubanlantirish, fahsh, buzgʻunchilik, qoʻporuvchilik, terrorga gij-gijlaydigan sahifalarini uzil-kesil chegaralash ustida jiddiy qaror qabul qiladigan vaqt keldi. Masalan, Rossiyada ziyolilar qatlami ijtimoiy tarmoqlardan ixlosi qaytib, kitobxonlikka qaytmoqda. Bizda ham shundy holat boʻlishi tabiiy... Chunki internetdagi har xil noxolis xabarlar qimmatli vaqtimizni oʻgʻrilaydi, har xil koʻnglsiz voqealarni keltirib chiqaradi.

Internetga, asosan, maʼlumot olish, xabar va pochta oʻqish uchun kiraman. Bu ish uchun odatda, uch-toʻrt daqiqadan yarim soatgacha vaqt kifoya. Mabodo, uzoqroq qolib ketsam, asosiy hayotim tepadayu oʻzimni yertoʻlada qamalib kolgandek his qilaman. Unutmaslik kerakki, internet haqiqiy hayotning bitta jilvasi, xolos. Koʻp kuzatganman, real hayotda muvaffaqiyatsizlikka uchragan odamlar, odatda, virtual olamdan tasalli izlab qoladi. Shundanmi, internetga konkret ish yuzasidan kirmay, uning bepoyon boʻshliqlarida shunchaki vaqt oʻtkazib yurgan kishilarga koʻzim tushsa yo ular haqida eshitsam, negadir hayotlarida muammo bormikan, degan oʻyga boraman. Albatta, kasb-kori internet bilan muntazam ishlashni taqozo qiladigan mutaxassislar bundan mustasno. Alqissa, internetga toʻgʻri maqsad va ezgu niyat bilan munosabatda boʻlinsa, u dastyorga aylanadi. Yoʻqsa, insonni turli balolarga giriftor etishi mumkin.

– Bugun maʼnaviy hayotimizda qanday oʻzgarishlarni, yangilanishlarni kuzatish mumkin? Shu maʼnoda “Naʼmatak”asaringizga toʻxtalsak.

– Adabiyot va maʼnaviyatimiz yangilanayotir. U vaqti-vaqti bilan libosini oʻzgartirib turadi, yaʼniyangi toʻn kiyib oladi. Bu narsa, ayniqsa, keyingi vaqtda boʻrtib koʻrina boshladi. Bugun yostiqdek romanlarni oʻqish nihoyatda mushkul. Qisqalik, loʻndalik, obrazlilik bugungi adabiyotning asosiy atributlaridan. Chunki vaqtning unumi qolmagan. Texnika va axborot asrlari inson uchun vaqt deb atalgan neʼmat barakasini uchirib yubordi. Bunga amin boʻlish uchun biron haftaga qishloqqa, odamlar kamroq yashaydigan ovloqqa borib vaqtni kuzating. Birdaniga u imillay boshlaganiga guvoh boʻlasiz. Lekin gavjum shaharga qaytib kelganingizda hammasi oʻzgaradi – yillaringiz oylardek, oylaringiz haftalar kabi haftalaringiz kunlar singari oʻtayotganini payqab qolasiz. Nega? Chunki bu yerda harakat koʻp va tigʻiz. Atrofingizda koʻpqavatli uylar, avtolar, odamlar... Va ular koʻz oʻngingizda tinimsiz harakatlanib turadi. Gʻoyalar, qarashlar, kayfiyatlar ham shunday. Natijada vaqtni his qilishimiz oʻzgarib, inson qisqa fursat ichida koʻproq narsaga erishish payiga tushib qoladi. Shaharliklarning shoshqaloq boʻlib qolishi shundan. U yogʻini surishtirsangiz, dunyoning oʻzi asta-sekin ulkan bir shaharga aylanib boryapti. Urbanizatsiya! Odamlarning koʻpchiligi shaharda tugʻilib, shaharda yashab, shu yerning oʻzida vafot etyapti. Vaqt bu yerda juda tez, umr esa qisqa. Hatto shaharlik odam xuddi qishloqdoshi yangligʻ 80 yil umr koʻrsa ham, baribir, oʻsha vaqt sezgisi tufayli qishloqlikdan ancha kam yashagan boʻladi. Lekin uning ham yoʻqotilganni boshqa narsa bilan toʻldirgisi keladi. Kompensatsiya deyiladi-ku! Masalan, bugungi shaharlik inson umri davomida koʻp narsaga ulgurish bilan muvozanatni saqlamoqchi boʻladi. Shundan kelib chiqib, “Naʼmatak” deb atalgan kichik eksperimetal asar yozdim. Va uni shartli ravishda roman deb atadim. Bunda ana oʻsha ixtiyorimizda tobora kamayib borayotgan VAQT tushunchasidan kelib chiqib, roman mazmunini bitta hikoya hajmiga qamashga harakat qildim. Bu bir tajriba, xolos. Undan kattasiga daʼvoim yoʻq. Albatta, asarga qarashlar har xil boʻldi, boʻlyapti. Buni tabiiy qabul qilaman. Faqat tomonlar bu asar oʻyin yoki havas tarzida tugʻilmaganini, uning aynan, shunday kichik hajmda yozilganining, yuqorida bayon etilganidek, juda salmoqli asos – sababi borligini bir bor mushohada qilib koʻrsalar, bas. U yogʻini soʻrasangiz, mutolaadan soʻng xotirangizda hikoyaning yukicha mazmun qoldirmagan yostiqdek romandan, romanning yukidek mazmun qoldirgan jimitdek hikoyani chandon afzal koʻraman.

– Ayrimlar “xos”lar uchun yozaman desa, baʼzilar omma uchun ijod qilaman, deydi. Siz-chi?

– Baʼzan uchrashuvlarda turfa yoʻnalishdagi shoirlar sheʼr oʻqib qoladi. Yashirib nima qildim, odatda, xalqona yoʻnalishdagilarni zal ahli koʻproq qoʻllab-quvvatlaydi, murakkabroq yoʻnalish shoirlarini odatda, uch-toʻrt kishi maʼqullaganining guvohi boʻlamiz. Meni har doim bitta narsa oʻylantirib kelgan: ijodda shunday bir darajaga erishsangki, unda seni hamma – omma ham, xos ham birdek tushunsa. Bu aytishga oson. Hatto chinakamiga xalqona yoʻlda oʻquvchiga maʼqul boʻladigan toʻrt qator sheʼr aytish ham gʻoyat mushkul. Bir necha vaqt muqaddam yaqin doʻstim tavsiyasiga koʻra professor Suyima Gʻaniyeva tarjimasi va tahriri ostida chop etilgan “Kalila va Dimna” asarini qayta oʻqib chiqdim. Qayta deganimning sababi, maktab paytimda asar bilan ilk bor tanishgan edim. Bilasizmi, doʻstimdan juda-juda minnatdor boʻldim. Mana men ijodda orzu qilgan oʻsha daraja! Yetti yoshdan yetmish yoshgacha manzur boʻladigan uslub! Qahramonlari asosan darrandayu parranda, hasharotu odamzod boʻlgan ushbu asarning syujeti bolalarga qanchalik zavqli boʻlsa, syujet zamiridagi maʼnolar tafakkur yurituvchilar uchun shunchalar maroqli. Unda aks etgan bir-biridan qiziq voqealar xalq eʼtiborini qancha tortsa, voqealardan kelib chiqadigan xulosalar, qissadan hissalar xos kishilar diqqatiga shuncha munosib. Bir vaqtning oʻzida ham koʻpchilik, ham ozchilik didiga uygʻun soʻz aytishning uddasidan chiqolmaganim uchun ham hozirgacha izlanaman. Chunonchi, “Yolgʻizlik” degan qissamni yozganimda yozuvchi sifatida aytadigan hamma gapni aytib boʻldim, deb oʻylaganman. Lekin keyinroq sarsor solsam, u asar koʻproq “xos”lar uchun bitilgan ekan. Koʻnglim toʻlmadi va uni koʻpchilikka tushuntirish uchun naq uchta roman yozdim: “Muvozanat”, “Isyon va itoat” va “Sabo va Samandar” aslida ana oʻsha “Yolgʻizlik”ning oʻziga xos tarjimalari, sharhi hisoblanadi. Ayrim hikoyalarda va ayniqsa, 2013-yilda yozilgan “Naʼmatak” kichik romandagina orzuimga qisman erishdim. Lekin katta hajmdagi asarda buni hali uddalay olganim yoʻq. Yaqinda yakunlagan “Yoʻl va yoʻlovchi” nomli romanimni oʻquvchi sifatida oʻqisam, yana koʻpgina oʻrinlarda “Yolgʻizlik”ning ruhiga tushib qolganimni angladim. Hali orzuimdagi asar oldinda. Yetib boramanmi, yoʻqmi, buni bilmadim, bilganim va, ehtimol,muhimi shuki, men undan esayotgan boʻyni tuydim.

– Bugungi tanqidchiligimiz chinakamiga voqea boʻlayotgan asarlarni toʻgʻri topib, ularga toʻgʻri tashhis qoʻya olyaptimi?

– Oʻzbek adabiy tanqidining bugungi saviyasi, kelajakdagi taqdiri adabiyot jonkuyarlarini jiddiy oʻylatmoqda, qayerdadir sevintirsa, qayerdadir tashvishga solmoqda.Istagimiz – oʻzbek adabiy tanqidi yuksalsin! Adabiy jarayondan ortda qolmasin, aksincha, bayroqni qoʻlga olgan holda old safga oʻtib yursin. Chunki adabiy jarayon avvalida emas, ortida yurgan adabiy tanqid, bu – asl tanqid emas, balki ana shu jarayonning ayanchli soyasidir. Ustoz munaqqid, professor Umarali Normatov bir maqolasida “Insoniyat hali ulkan isteʼdodlar xizmatini munosib qadrlash darajasiga koʻtarilgani yoʻq”, deb aytadiki, bu dardli hayqiriqning bir uchi kelib tanqidga qadaladi. Shunda beixtiyor xayolga amerikalik mashhur skripkachi Joshua Bell keldi. 2009-yildaquyidagicha eksperiment oʻtkaziladi: jahonga mashhur, bir kun oldin “Boston Simfonik Xoll”da bergan konsertining bilet narxi 100-120 dollar boʻlgan skripkachi oddiy kiyim kiygan holda metro bekatiga tushib keladi va tik turgan koʻyi 3,5 mln. dollar turadigan qimmatbaho skripkasida dunyolarga dongʻi ketgan musiqalarini chala boshlaydi. Shunda, bilasizmi, nima hol roʻy beradi: achinarli, ammo bugungi zamonaviy dunyo va zamondosh insonning asl yuzini ochib tashlaydigan, ularda yashirin fojeani shundoq koʻz oʻngimizda namoyon etadigan voqea sodir boʻladi. Skripkachi 45 daqiqa mobaynida musiqa chaladi, lekin uni hech kim tanimaydi, tanimagani mayli, shu vaqt davomida 6 kishigina xiyol toʻxtab musiqaga quloq tutgandek boʻladi, ammo soatlariga qarab olgach, yana shitob bilan yoʻllarida davom etadi, atigi 20 kishi pul beradi, mashhur skripkachi bor-yoʻgʻi 32 dollar pul yigʻadi. Eng qizigʻi shuki, musiqani astoydil eshitaman degan sanoqlilarning bari bolalar boʻladi. Qissadan hissa –bunga oʻxshash ne-ne moʻjizalarni har kuni, har on nazardan soqit qilib, ularga gʻofil holda yashayotgan ekanmiz?” degan savolni qoʻyishadi klip ijodkorlari.

Xuddi shunday, bugungi oʻzbek adabiyotida ham yuqoridagi holni yodga soladigan voqealar anchadan beri bor. Qarshisida toʻxtab tafakkur qiladigan asarlar oz boʻlsa-da yaratildi, yaratilayotir. Lekin oʻquvchi metrodagi odamdek beparvo, beeʼtibor. Hatto adabiy tanqid ham deyarli, shunday ahvolda, baʼzan esa yanada ayanchli hollarga tushib turadi: asosiy eʼtiborni chinakam sanʼat asarlariga qaratish oʻrniga, koʻpincha,oʻrtamiyona qoralamalar bilan andarmon boʻlib umrini oʻtkazmoqda. Munaqqid yozgan maqolasini oʻzidan uzoqroq umr koʻrishini istasa, oʻlmaydigan adabiy durdonalar haqida koʻproq bosh qotirib, xoʻproq yozishi kerak.

– Baʼzan bugun “qoladigan asarlar kam yozilyapti”, degandek yozgʻirishlarni eshitib qolamiz. Nahotki, shunday boʻlsa?

– Biz koʻpincha “tayyor” asarlarni oʻqishga moyil boʻlamiz. Va “tayyor” qarashlarga suyanib, ustiga ustak, xuddi amerika kashf qilgan kabi asarni maqtay ketamiz. Hech kim bilmasa, sezmasa, oʻsha fikrlarni oʻzimizniki qilib olamiz. Chunki ustozimiz Talʼat Solihov aytgandek: “bizning tafakkurimiz dangasa”. Fikr yuritishdan qochamiz, unga boʻynimiz yor bermaydi. Xuddi doʻkonlardan yarimtayyor mahsulotlarni olib, uyga kelib, elektrisitgichda apil-tapil ilitib ogʻzimizga solayotganimiz kabi ijtimoiy-maʼnaviy intilishlarimiz bobida ham oʻsha tayyor qarashlarga tobemiz: bizgacha aytilgan mulohazalar qoliplari doirasidan chiqib ketolmaymiz. Kundaligimga qachonlardir shunday fikrni qoralab qoʻygan ekanman: “Biz qoliplarga koʻra yashaymiz. Har doim, har bir harakatimiz qoliplarga rioyadir. Aslida, tabiatimiz va vijdon amrimizga quloq solish bizni ruhiy iztiroblardan saqlar edi. Lekin biz “odamlar nima deydi?”, deb oʻzimizni yana qoliplar ichiga yashiramiz. Hayot ham shunga yarasha jazolaydi – biz qoliplar ichra koʻrinmay ketamiz”. Hozirda, badiiy asarlarni baholashda, hatto ular oʻtmish merosiga oid boʻlsa-da, asosan, bizgacha aytilgan tayyor qarashlarni dastak qilib kun koʻrayotgan chalaolimlar urchib ketgan. Aslida, boshqalarni fikrlarini oʻqib-oʻrganishning yonida ularga qul boʻlib qolmay, asarni goʻyoki endi yozilgandek mutolaa qilish va u haqida oʻz mulohazalarimizni aytishimiz kerakmasmi? Boshqa tomondan ulugʻ asarlar faqat oʻtmishda yozilgan degan gʻayri ilmiy, gʻayri mantiqiy qarashdan voz kechish kerak. Inson, agar u olim boʻlsa ham, oʻz davri bilan, uning muammolari bilan yashamas, ularnihis qilmas ekan, shu davrning koʻzgudagi aksi boʻlib yaratilgan asarlari haqida keskin fikr bildirishdan oʻzini tiygani maʼqul.

“Xalq soʻzi”


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?