Umid Ahmadjonov: “Oʻzbekistonni futbol fabrikasiga aylantirishimiz kerak”

18:04 19 Fevral 2019 Sport
209 0

Bugun, 19 fevral kuni Milliy olimpiya qoʻmitasida viloyat futbol assotsiatsiyalari va futbol akademiyalari rahbarlari ishtirokida yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi prezidenti va Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov ham ishtirok etdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Yigʻilish davomida mutasaddilar oʻz viloyatlarida futbolni ommalashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berishdi. Shuningdek, akademiyalar faoliyatini rivojlantirish, murabbiylar malakasini oshirish, muxlislarni stadionga jalb qilish va boshqa masalalar koʻrib chiqildi.

Umid Ahmadjonov futbol akademiyalarini rivojlantirish haqida gapirar ekan, iqtidorlarni tarbiyalash orqali mamlakatimizni oʻziga xos futbol fabrikasiga aylantirishimiz kerakligini aytdi.

“Iqtidorlarni tarbiyalash orqali Oʻzbekistonni futbol fabrikasiga aylantirishimiz lozim. Tarbiyalangan futbolchilarni sotish orqali akademiyalar oʻzini qoplashi va daromad koʻrishi kerak. Ishlab topilgan mablagʻ orqali hududda futbolni yanada rivojlantirish mumkin boʻladi. Biz birgalikda ana shu tizimni yaratib olishimiz lozim. Rejalar har bir viloyat uchun alohida ishlab chiqiladi”, – dedi Umid Ahmadjonov.

MOQ rahbari futbol akademiyalarini zamonaviy koʻrinishga keltirish boʻyicha tegishli loyihalarni ishlab chiqish boʻyicha koʻrsatma berdi. Unga koʻra, yaqin kunlarda akademiyalar infratuzilmasini rivojlantirish, ish tizimini tashkil etish boʻyicha loyihalar tayyorlanadi.

Yigʻilishda Superliga uchrashuvlari davomida muxlislarni stadionga jalb qilish, ommaviylikni oshirish masalalari ham keng muhokama qilindi. Mutasaddilar bu borada oʻz takliflarini, fikr-mulohazalarini bildirib oʻtishdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?