Ulugʻ Navoiyga hurmat-ehtiromning yuksak ifodasi

11:57 19 Iyun 2020 Madaniyat
110 0

Temuriylar renessansining daho soʻz sanʼatkori, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiyning muhtasham haykali Adiblar xiyobonida yangi Oʻzbekistonga xos uslubda qaytadan bunyod etildi.

Adiblar xiyobonining ilk faxrli mehmoni Prezidentimiz boʻldi hamda ulugʻ Navoiyning muhtasham haykali poyiga choʻgʻdek yonib turgan atirgullardan iborat guldastani armugʻon qildi.

Buyuk mutafakkir xiyobon toʻrida, baland koʻshkdan turib, atrofga oʻziga xos salobat bilan boqib turibdi. Boshqa mumtoz va zamonaviy shoir hamda adiblar haykallari esa ulugʻ bobomizga qaratib oʻrnatilgan. Zero, ular Alisher Navoiyga ergashib qalam tebratgan, ruhlangan, ilhomlangan, uni oʻzlariga uvaysiy ustoz, deb yuksak qadrlagan.

Bir umr nafaqat soʻz mulki, koʻngil mulkining, balki yurt, xalq, olam ahli, mulk ishining tashvishini chekkan, manfaatini oʻylagan, ezgulikni tarannum qilgan ulugʻ Navoiyning durdona asarlarini mutolaa qilar ekanmiz, uning lirik va nasriy asarlari xotimasida yoki fasohatli sheʼrlari maqtaʼsida “meni duoda yod, fotihada shod eting”, deb bitgan ramziy maʼnodagi vasiyatiga koʻzimiz tushadi. Quvonch shulki, boqiy Navoiy vasiyati hanuz amalda, ijrodaki, buning amaliy isbotining bir goʻzal namunasi Adiblar xiyobonining mazmun-mohiyatida mujassam.

Bu yerga yodgorliklari oʻrnatilgan ijodkorlarning ijodi va faoliyatini oʻrganar ekanmiz, ularning ulugʻ mutafakkir hayoti hamda asarlaridan adabiy taʼsirlanganiga guvoh boʻlamiz.

Masalan, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur Hirot safarida yurar ekan, yigirma kun mobaynida ustozi Navoiyning “Unsiya” nomi bilan mashhur boʻlgan uyida yashagan. Unga yuksak ixlos bilan qaragan. Bobur navoiy­shunos sifatida muhtasham “Boburnoma”da u haqida yigirmaga yaqin ishonchli maʼlumotlarni maroq bilan yozib qoldirgan. Hatto kitobda tasvirlangan tarixiy shaxslardan birinchi boʻlib ­Navoiy nomini uchratamiz va ramziy maʼnoda “Boburnoma” uning aziz nomi bilan boshlangandek tuyuladi. Bobur Navoiy nomining dunyoga yoyilishida ulugʻ xizmat qilgan. Yaʼni turli davrlarda “Boburnoma” Yevropa, Sharq va boshqa dunyo tillariga tarjima qilinar ekan, demak, jahonning boshqa xalq­lari ­Bobur maʼlumotlari asosida ham Navoiy hayoti, shaxsi, ijodini tanish baxtiga musharraf boʻldi. Bobur “Aruz risola”sida oʻzining aruz borasidagi ilmiy, nazariy fikrlari isboti uchun uning sheʼriy devonlarini mutolaa qilib, koʻplab shohbaytlaridan unumli foydalangan.

Adiblar xiyobonidan haykali joy olgan Ogahiyni ulugʻ Navoiyga qaysi jihatlar bogʻlab turadi? Xorazm adabiy muhitining atoqli shoiri, muarrixi, arab va fors tilida bitilgan, Sharqda mashhur boʻlgan 19 ta nodir asarning mohir tarjimoni, xonlikning bosh mirobi Ogahiy, avvalo, boqiy Navoiy ijodi, xususan, devonlari anʼanalaridan taʼsirlanib, «Taʼviz ul-oshiqin» nomli mukammal devon tuzdi. Oʻz devoniga ustozi Navoiy kabi betakror debocha bitdi va unda oʻzining adabiy, maʼrifiy, falsafiy, estetik qarashlarini, orzu-oʻylarini bayon qildi. Yaxshilikning ramzi boʻlgan soʻz, qalam timsolida esa adabiyotning kuch va qudrati, fayzini badiiy talqin etdi. Ikkinchidan, u ulugʻ Navoiy singari lirik turning oʻn olti janrida mahorat bilan bemalol qalam tebratgan yagona shoir hisoblanadi hamda ulugʻ ustozi gʻazallariga goʻzal muhammaslar bitdi, taxmislar bogʻladi. Uchinchidan esa muarrix Navoiyning tarixiy asarlari ohang va uslubida bir-biridan qimmatli beshta tarixiy asar yozdi.

Adiblar xiyobonidan haykali joy olgan Qoʻqon adabiy muhitining mohir shoiri Furqat hayoti va ijodiga boqiy Navoiy shaxsi hamda asarlari qanday maʼrifiy, adabiy taʼsir qilgani haqida uzoq soʻzlash mumkin. Furqat oʻzining «Sarguzashtnoma» nomli nasriy asarida ulugʻ Navoiy bilan bogʻliq bir voqeani tasvirlaydi. Syujet bayoniga koʻra, bola Furqat tushida ulugʻ shoirning bir goʻzal bogʻda salaflari bilan suhbatlashib oʻtirganini, uning xalq va madrasa ahli orasida “Chor kitob” nomi bilan mashhur boʻlgan, oʻzbek (turkiy) tilida bitgan «Xazoyin ul-maʼoniy» devonini qoʻliga olganini va hazrat Navoiy uni qutlugʻ duo qilganini, ijod qilishga undaganini koʻradi. U ­tongda turib, ustozi uyiga shoshadi, tabarruk tushini toʻlqinlanib unga aytib beradi. Maʼrifatli ustozi esa ­Furqatning peshonasidan oʻpib, xosiyatli tush koʻrgani bilan tabriklaydi va u ham qoʻl ochib, shogirdini olqishlab, duo qilib, omad tilaydi. Qarangki, bola Furqat ulugʻ Navoiy ruhidan maʼnaviy madad olib sheʼrlar yoza boshlaydi va suronli yillar oʻtib, u Qoʻqon adabiy, madaniy muhitining taniqli shoiriga aylandi. Ulugʻ ustozi Navoiy gʻazallari taʼsirida qator muhammaslar yozdi.

Adiblar xiyobonida haykali oʻrnatilgan taniqli shoir, tarjimon, dramaturg Maqsud Shayxzodaning Alisher ­Navoiyga mehri va hurmati boʻlakcha boʻlgan. U ulugʻ Navoiy hayoti va ijodidan hayratlanib, uni tadqiq qilib ilmiy xarakterdagi oʻttizta maqola bitdi. Buyuk shoirni “Gʻazal mulkining sultoni” deya sharafladi. Bunday yuksak baho, sifatlash bizga shoh va shoir sulton Husayn Boyqaro “Risola” nomli asarida doʻsti ulugʻ Navoiy sharafiga bitgan ruboiyni va ruboiy matnida unga cheksiz hurmat koʻrsatib, shoirni ­“Sohibqiron”, “Qahramon” deb ataganini yodimizga soladi.

Xulosa shuki, Adiblar xiyobonining tashkil qilinishi, bir tomondan, Yangi Oʻzbekiston sharoitida adabiy, maʼrifiy, madaniy ishlarning, ikkinchi tomondan, yurtimizda ulugʻ Navoiyga hurmat-ehtiromning yangi bosqichga koʻtarilganini ifodalaydi. Shu bilan birga, mumtoz hamda zamonaviy adiblar hayoti va ijodi, durdona asarlarida yaratilgan obrazlar, ilgari surilgan umumbashariy gʻoyalarni oʻqib-oʻrganish zamonamiz yoshlari taʼlim-tarbiyasi uchun nechogʻli zarur ekanligini ham bildiradi.

Burobiya RAJABOVA,

OʻzRFA Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyining yetakchi ilmiy xodimi, filologiya fanlari nomzodi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?