Ulugʻ ishlarga keng yoʻl ochgan tashabbus

16:20 01 May 2019 Jamiyat
336 0

Islom dini va madaniyati inson tavallud topgan kundan boshlab uni kamolot sari yetaklaydi. Bu jamiyat uchun ham foydali boʻlib, mamlakatning gullab-yashnashi uchun xizmat qiladi. Shu maʼnoda, yurtimiz saodatli oʻlka, hamyurtlarimiz shukronalikni boshlariga toj kabi koʻtargan insonlardir. Buni butun jahon afkor ommasi eʼtirof etib turgani ham hech kimga sir emas.

Davlatimiz rahbari 2018 yil 16 aprelda imzolagan “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmon mazkur yoʻnalishdagi ulugʻ ishlarni amalga oshirishda keng yoʻl ochib bermoqda. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita tizimida “Diniy-ijtimoiy jarayonlarni oʻrganish yuzasidan axborot-tahlil markazi”, Hadis ilmi maktabi, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi huzurida “Vaqf” xayriya jamoat fondining tashkil etilishi barobarida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasiga ham asos solindi. Bu dargoh ajdodlarimiz va xalqimiz orzu qilgan muqaddas maskanlardan biri sifatida yurtimizda faoliyat olib borayotgan hamda xorijiy oliy diniy taʼlim muassasalari va boshqa tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. “Islomshunoslik”, “Mumtoz sharq filologiyasi”, “Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar” singari fakultetlarda bakalavriat, magistratura va doktorantura bosqichlarida taʼlim olib borilayotgani holda kunduzgi boʻlimlarda mingdan ortiq talaba islomshunoslik, qurʼonshunoslik va hadisshunoslik, aqida va tasavvuf, mumtoz sharq adabiyoti, dinshunoslik, xalqaro munosabatlar, iqtisodiyot, arab tili, tamaddunshunoslik, sayohatshunoslik kabilarni qunt bilan oʻrganyapti. Ilmiy-maʼnaviy, diniy-maʼrifiy merosimiz durdonalari boʻlgan qadimiy qoʻlyozma va toshbosma asarlarni jamlash, saqlash, nodir qoʻlyozmalar ustida tadqiqot ishlarini amalga oshirish — asosiy maqsadi etib belgilangan “Manbalar xazinasi” boʻlimining aholi qoʻlida saqlanayotgan qadimiy kitoblarni sotib olish evaziga noyob qoʻlyozma va kitoblar fondi boyib borayotgani eʼtiborga molik.

Ayni paytda boʻlimda 500 ga yaqin qoʻlyozma, qariyb 1500 ta toshbosma, 10 000 dan ortiq zamonaviy nashrlar mavjud. 2004 yili mohir xattot Habibullo Solih tomonidan koʻchirilgan Usmon musʼhafining nusxasi, ulugʻ ajdodimiz Burhoniddin Margʻinoniyning “Hidoya” asarining asl nusxasi shu boʻlimda saqlanayotgani xorijlik mutaxassislar eʼtiboriga tushgan.

Misr Bosh imomi Shayx Ahmad Muhammad at-Toyyib boshchiligidagi al-Azhar majmuasi vakillaridan iborat nufuzli delegatsiya tashrifi faqatgina akademiya emas, balki mamlakatimizdagi boshqa koʻplab taʼlim muassasalari hayotidagi yorqin voqealardan biri boʻldi. Bunday dunyoga mashhur din arboblari va ulamolarining yurtimizga tashrifi bilan bir qatorda oʻzbek ulamolari va sharqshunoslarining xalqaro miqyosda oʻtayotgan anjumanlardagi ishtiroki ham tobora koʻpayib borayotganini ham alohida qayd etish lozim. “Islomshunoslik” fakulteti tarkibidagi “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy oʻrganish, YUNESKO” kafedrasi dunyo boʻylab turli taʼlim dargohlaridagi 678 ta YUNESKO kafedrasidan biri hisoblanadi. Sankt-Peterburg, Bishkek, Buxarest va Shveysariyaning Fribur universitetlari bilan yaqin aloqalarni yoʻlga qoʻygan mazkur kafedra har yil 7 aprelda anʼanaviy tarzda respublika miqyosida “Dinshunoslikning dolzarb muammolari”, 16 noyabrda xalqaro miqyosda “Konfessiyalararo muloqot va diniy bagʻrikenglik — jamiyat barqarorligi garovi” mavzulari boʻyicha ilmiy-amaliy konferensiyalar tashkil etib kelmoqda.

Aytish joizki, iqtidorli dasturchi talabalar “Abu Mansur al-Moturidiy ilmiy merosi va “Motrudiya” taʼlimoti”, “Toshkent shahri masjidlari dislokatsiyasi. Online xaritasi va 3 Dmodellar”, “Ziyorat turizmi” boʻyicha oʻzbek, rus va ingliz tilida Buxoro viloyatining diniy, tarixiy, madaniy ziyoratgohlari suratlarini oʻzida jamlagan, qadamjolar haqida batafsil maʼlumot beruvchi, ziyoratgohlarning onlayn xaritasi mavjud boʻlgan android platformasida ishlovchi geolakatsion tizim, “Oʻzbekistonda islom sivilizatsiyasi”, deb nomlangan avtomatlashtirilgan axborot dasturi va “Oʻrta Osiyo olimlari qomusi” kabi ilovalarni yaratishdi.

Mamlakatimizda turli millat va diniy konfessiyalar orasida ahillik va totuvlikni mustahkamlashga qaratilgan “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmon eʼlon qilinganiga bir yil toʻldi. Bu muddatda diniy sohada mazkur hujjatdan kelib chiqqan holda keng qamrovli ishlar amalga oshirilganini faoliyatini boshlaganiga bir yil, taʼlim dargohi sifatida faoliyat yuritayotganiga yigirma yil boʻlgan akademiya misolida ham yaqqol kuzatish mumkin.

Shuhrat YOVQOCHEV, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?