Ulkan toʻyxonalar negizida haqiqatda foydali boʻlgan ijtimoiy-madaniy muassasalarni yuzaga keltirish kerak — deputat

10:52 02 Iyul 2020 Siyosat
602 0

Illyustrativ foto

Bir asr muqaddam buyuk alloma va jamoat arbobi Mahmudxoʻja Behbudiy “Bizni kemirguvchi illatlar” maqolasida hashamatli toʻy va taʼziyani millatni xonavayron va gʻarib etguvchi «qattol dushman»ga qiyoslagan.

Ushbu illatlar bilan yurtimizda doim kurashishga harakat qilib kelingan. Yillar davomida ziyolilar, diniy ulamolar hamda jamoat va davlat tashkilotlari tomonidan targʻibot-tashviqot va tushuntirish ishlari olib borilgan. Lekin, ushbu illatlar kamayish oʻrniga tobora kuchayib bordi, odamlar oʻrtasida toʻy-hashamlar, maʼrakalarni oʻtkazish yomon “musobaqa”ga aylandi, turli-tuman yangi odatlar bilan “boyitildi”.

Oxirgi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan parlamentimiz tomonidan toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar, turli maʼraka va marosimlar oʻtkazishni tartibga solish boʻyicha qonunchilikka tegishli oʻzgartirishlar kiritilib, qatʼiy maʼmuriy choralar belgilandi. Afsuski, saʼy-harakatlar aholi oʻrtasida, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda baʼzan nooʻrin eʼtirozlar va muhokamalarga sabab boʻldi. Ayrim pul topib, aql topmagan kishilar dabdabali toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar oʻtkazishdan oʻzini tiyishni istamadi.

Sinovli kunlar har xil tortishuvlarga barham berib, asrlar davomida kurashib kelinayotgan illatlarga chek qoʻydi. Pandemiya vaqtida virus bilan zararlanish xavfi turmush tarzimizni butunlay oʻzgartirib, tartibga, meʼyorga rioya etishga majbur qildi.

Maʼlumki, maxsus komissiya qarori bilan virus xavfi kam hududlarda 30 kishilik, ixcham nikoh toʻylari oʻtkazishga ruxsat berildi. Shu kunlarda mazkur tartibga asosan toʻylar ixcham va ortiqcha isrofgarchiliksiz oʻtkazilmoqda. Toʻydan iqtisod qilingan mablagʻlar yosh oilani moddiy taʼminotini mustahkamlashga sarflanyapti. Oʻzim ikkita toʻyga yillar davomida hozirlik koʻrgan oila 30 kishilik toʻydan ortgan mablagʻga avtomashina olganini eshitdim. Toʻgʻrisi, bunday xabarlar odamni quvontiradi.

Oʻzaro suhbatlarda isrofgarchiliksiz, ortiqcha daxmaza va dabdabasiz oʻtayotgan toʻylar koʻpchilikka manzur boʻlayotganini eshityapmiz.

Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi tomonidan yaqinda oʻtkazilgan soʻrovnoma ham fuqarolarimizning ixcham toʻylar oʻtkazishga boʻlgan munosabati tubdan oʻzgarganini koʻrsatmoqda. Soʻrovnomada ishtirok etganlarning yarmidan koʻpi 30 kishilik toʻyni yoqlab ovoz bergan, qolganlari esa 100 va 200 kishilik toʻyni yoqlagan, birorta fuqaro dabdabali toʻy oʻtkazishni yoqlamagan.

Albatta, bugungi kunda millatni xonavayron va gʻarib etguvchi «qattol dushman»ga umumiy munosabatimiz oʻzgargani, toʻy va marosimlar ixcham oʻtkazilayotgani quvonarli holat. Biz buni anʼana darajasiga koʻtarishimiz kerak, deb oʻylayman.

Lekin, bu oson emas. Chunki yangi koʻnikmani asrab qolish faqat toʻy qiluvchilarning dunyoqarashi, istagi bilan amalga oshishi qiyin.

Bizni qanday xavf kutyapti?

Bozor iqtisodiyotining talab va taklif kabi oʻzgarmas qonunlari bor. Nafaqat talab taklifni shakllantiradi, balki taklif oʻz navbatida talabni vujudga keltiradi.

Keyingi yillarda yurtimizda toʻy-hashamlar bilan bogʻliq katta xufiyona industriya shakllandi. Deyarli barcha qishloqlarda serhasham toʻyxonalar barpo etildi. Toʻyxonalar atrofida oʻrtakashlar, dasturxonchilar, pishiriqchilar, bezakchilar, suratchilar va boshqa son-sanoqsiz turli xizmatlar rivojlandi. Ushbu xizmatlar majmuasi katta mablagʻ aylanuvchi, katta daromad keltiruvchi hamda xufiyona iqtisod bilan chambarchas bogʻliq “toʻy-hashamlar industriyasi”ni tashkil qiladi. Bu industriyaga olgʻir “tadbirkor”larning milliardlab mablagʻlari tikilgan va bu mablagʻlar ularga daromad keltirishi kerak.

Eng xavflisi, ushbu industriyada davlat organlarida ishlab turib, korrupsion pullari evaziga oʻz biznesini tashkil qilgan kimsalar ham yoʻq emas. Tabiiyki, toʻy-hashamlar ixchamlashishi, kamxarj oʻtkazilishi ularning “manfaat”lariga tamomila zid keladi. Shuning uchun ular zimdan faol qarshilik koʻrsatishni boshlaydi. Pandemiyadan keyin yengilliklar berilganida, “toʻy-hashamlar industriyasi” dabdabali marosimlar oʻtkazish boʻyicha agressiv targʻibotini boshlaydi va turli yangi “xizmatlar” taklif qilib, havasmand yoshlar, soddaroq ota-onalarni xarajat botqogʻiga tortadi. Farzandi baxtini oʻylaydigan oiladan har xil bahonalar bilan pul shilishning payiga tushadi.

Bu muammoni bartaraf etish uchun nima qilish kerak?

Avvalambor, “toʻy-hashamlar industriyasi”da band boʻlgan tadbirkorlarga oʻz faoliyatini boshqa yoʻnalishda boshlashi uchun imkoniyat yaratib berish kerak.

Buning uchun hukumat tomonidan “toʻy-hashamlar industriyasi”da band boʻlgan tadbirkorlar toʻgʻrisida aniq maʼlumot toʻplanishi hamda ularning faoliyatini fuqarolar va jamiyat uchun foyda keltiradigan faoliyat turiga oʻzgartirishga yordam koʻrsatish boʻyicha aniq chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilishi lozim.

Misol uchun, ulkan toʻyxonalar negizida ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga oʻrgatuvchi markazlar, pedagog kadrlarni kasbga qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazlari, yoshlarning madaniy hordiq chiqarish maskanlari, fuqarolar va jamiyat uchun haqiqatda foydali boʻlgan ijtimoiy-madaniy muassasalarni yuzaga keltirish kerak.

Tadbirkorlik faoliyati yoʻnalishini oʻzgartirish majburlash yoʻli bilan emas, balki soliqdan imtiyozlar berish, imtiyozli kreditlar taqdim etish, oʻzgarishlardan manfaatdorlikni oshirish orqali boʻlishi kerak.

Albatta, bu takliflar goʻyoki tadbirkorlikning qaysidir turlarini cheklashga harakat qilinayotganday fikr uygʻotishi mumkin. Lekin aslo unday emas, tadbirkorlikni cheklash tarafdori emasmiz. Biz tadbirkorlar millatni, jamiyatni tanazzulga emas, aksincha, taraqqiyotga, maʼrifatga yetaklashi tarafdorimiz.

Ulugʻbek VAFOYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?