“Ular orasida 2 nafar qiz ham boʻlgan”. Toshkentda ikki kishining oʻlimiga sabab boʻlgan pichoqbozlik tafsilotlari maʼlum boʻldi

21:38 21 Sentyabr 2020 Jamiyat
555 0

Avvalroq, kecha, 20-sentyabr kuni ertalab soat 6.00 atrofida Yunusobod tumanida joylashgan tungi klub yonida sodir boʻlgan ommaviy janjal oqibatida 4 kishi pichoqlangani haqida xabar bergan edik.

Toshkent shahar IIBB ushbu hodisa boʻyicha qoʻshimcha tafsilotlarni maʼlum qildi.

"PPX xodimlari voqea joyiga yetib kelishganda, pichoq bilan yaralangan toʻrt nafar yigitlardan bittasi – 18 yoshli Ali G. voqea joyning oʻzida hayotdan koʻz yumgan edi, uch nafar yigitlar shifoxonaga yetkazildilar. Shifoxonada janjalda ishtirok etganlardan yana biri – 23 yoshli Danil S. hayotdan koʻz yumdi. 21 yoshli Aziz A. va 28 yoshli Azizbek T. ayni vaqtda shifoxonaga joylanganlar.

Maʼlum boʻlishicha, kelishmovchilik ikki guruh yigitlar orasida kelib chiqqan. 8 kishidan iborat boʻlgan birinchi guruh orasida ikki nafar qizlar ham boʻlgan va ularning hammasi Amir Temur koʻchasida joylashgan tungi klub yonida boʻlishgan. 5 kishilik ikkinchi guruh ham oʻsha atrofda boʻlganlar. Qizlardan birining oʻz guruhidagi yigitga aytgan gapi boshqa guruhdagi yigitga xuddi unga aytilgandek tuyulgan. Shu sababli orada kelib chiqqan mojaro mushtlashuvga aylanib ketgan. Mushtlashuv davomida ikkinchi guruh ishtirokchisi 23 yoshli Sanjarbek X. pichoq chiqarib tartibsiz ravishda zarba berishni boshlagan. Natijada toʻrt nafar yigitlar jabrlanib, ulardan ikkitasi hayotdan koʻz yumgan.

Voqea joyiga yetib kelganlar Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan 23 yoshli Sanjarbek X., 18 yoshli Sardor K., 23 yoshli Rahmatulloh X. va yana bir necha kishi qoʻlga olinib, ichki ishlar boʻlimiga olib ketilgan. Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan mazkur fakt asosida Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97 moddasi 2 qismi (“Qasddan odam oʻldirish”) boʻyicha jinoiy ish qoʻzgʻatildi. Gumonlanuvchi tariqasida jinoiy ishga jalb qilingan 23 yoshli Sanjarbek X. hozirda qoʻlga olingan.

Ayni vaqtda kelishmovchilikning yana ikki nafar ishtirokchisi boʻlmish 18 yoshli Sardor K. va 23 yoshli Rahmatulloh X.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277 moddasi 2 qismi (“Bezorilik”) boʻyicha jinoiy ish qoʻzgʻatildi. Mazkur shaxslar ham qoʻlga olinganlar.

Tergov davom etmoqda. Kelishmovchilikning boshqa ishtirokchilarini qoʻlga olish boʻyicha choralar koʻrilmoqda", deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?