Uyma-uy yurish orqali 2 milliondan ortiq xonadon muammosi oʻrganildi

14:27 29 Aprel 2019 Jamiyat
207 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi “Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5633-sonli Farmoni va 8 yanvardagi “Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4102-sonli qarori talablari asosida belgilangan vazifalar amalga oshirilmoqda.

Sektorlar faoliyatini muvofiqlashtirish va samaradorligini yanada oshirish maqsadida sektorlarning “tuman (shahar) – viloyat – respublika” tamoyili asosida ularga amaliy va uslubiy yordam koʻrsatish hamda faoliyatini nazorat qilish boʻyicha hokimliklar, prokuratura, ichki ishlar va soliq idoralarida vertikal boshqaruv tizimi joriy etildi.

2019 yil 1 fevraldan boshlab muammolarni uyma-uy yurish orqali aniqlash va hal qilishni yangi tizimiga asosan Xalq qabulxonalari, sektorlar, davlat organlari va boshqa tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi guruhlar tashkil etilib, respublika hududlaridagi barcha tuman va shaharlar sektorlarida oʻrganishlar oʻtkazilmoqda. Aholi muammolarning oʻrganilishi hamda ularning oʻz vaqtida yechimi topilishi bevosita Prezident Administratsiyasi tomonidan nazoratga olingan.

Joriy yilning aprel holatiga Respublika boʻyicha jami 2,6 mln. dan ortiq xonadonlar oʻrganilib, muammosi mavjud boʻlgan 261,2 mingta xonadonda yashovchi fuqarolar bilan oʻtkazilgan suhbatlar natijasida 273,4 mingta turli yoʻnalishdagi masalalar aniqlangan.

Aniqlangan muammolarning eng koʻpi bandlik (19,9%), suyultirilgan gaz (gaz ballon) yetkazib berish (16,4%), sogʻliqni saqlash (9,9%), uy-joy (9,8%), bank krediti (5,8%), moddiy yordam (5,7%), kadastr (4,1%), ichimlik suvi (2,9%), elektr energiya taʼminoti (1,9%), tabiiy gaz (1,6%), pasport (1,3%), maktabgacha taʼlim (1,6%) bilan bogʻliq masalalarga toʻgʻri keladi.

Joylarda uyma-uy yurish natijasida aniqlangan aholini qiynab kelayotgan muammolarni sektor rahbarlari, Xalq qabulxonalari va boshqa tashkilotlar xodimlari birgalikda hal etish choralarini koʻrmoqda.

Misol tarzida Fargʻona viloyati Qoʻqon shaharida olib borilgan hayrli ishlarni keltirsak boʻladi. Xususan, 21 ta mahalladagi ichki yoʻllarda 1,8 km. asfalt yotqizildi, 3 100 metr ichki yoʻllar taʼmirlandi. Umumfoydalanuvdagi avtomobil yoʻllarining 450 kv. metri taʼmirdan chiqarildi. Mazkur maqsadlar uchun 1,7 mlrd. soʻm sarflandi.

Aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash sifatini yaxshilash maqsadida 3150 metr ichimlik suvi tarmogʻi tortilib,80 ta koʻp qavatli uyda suv bosimi yaxshilandi. 2 572 metr kanalizatsiya tarmogʻi yangilandi.

Shuningdek, gaz bosimi past boʻlgan 27 ta mahalla fuqarolar yigʻinining gaz bosimi yaxshilandi, 52 ta maishiy gaz balloni tarqatildi va aholi ehtiyojiga koʻra 28.3 tonna suyultirilgan gaz yetkazildi. Kam taʼminlangan oilalarga 15 ta gaz hisoblash uskunasi oʻrnatildi.

Elektr taʼminotini yaxshilash maqsadida 8 ta TP oʻrnatildi, 450 ta tayanch keltirilib, 119 tasi oʻrnatildi, 5 km. SIP provodlar tortildi, jami qurilish ishlariga 2,4 mlrd. soʻm sarflandi.

Shahardagi 39 ta koʻp qavatli uyning tom, fasad, yertoʻla va kirish yoʻlaklarini taʼmirlash, atrofini obodonlashtirish, bolalar maydonchalarini qurish ishlariga 1,4 mlrd. soʻm mablagʻ sarflandi.

Uy-joyga muhtoj boʻlgan shahar aholisini uy bilan taʼminlash maqsadida 24 ta 1100 kvartirali koʻp qavatli arzon uylar qurilib, oʻzi egalariga topshirildi.

Aholining salomatligini tiklash va muhofaza qilish ishlari ham diqqat-eʼtiborda. 14 241 nafar fuqaro toʻliq tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Ularning 607 nafarini nogironlar, 1112 nafarini pensionerlar, 2289 nafarini kam taʼminlangan ehtiyojmand fuqarolar tashkil qiladi. Kasallik aniqlangan 3 346nafar fuqaroambulator, 122 nafari shifoxonaga davolanishga yotqizildi, 23 nafari viloyat va 3 nafari respublikaning ixtisoslashtirilgan shifoxonalariga joʻnatildi. Shu bilan birga 59 nafar fuqaroga nafaqa tayinlandi.

Albatta, uyma-uy yurish orqali muammolarni aniqlash va hal etishga qaratilgan ushbu tizim davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlarining xalqqa yaqin koʻmakchi boʻlishiga, aholi bilan toʻgʻridan toʻgʻri muloqotni kuchaytirish, fuqarolarning hayotiy muammo va ehtiyojlarini hal etish, sektorlar doirasida ishlarni tashkil etish sifatini oshirishga keng imkoniyatlar yaratadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?