Uyingizdagi qaysi nuqtalar mikroblar makoni ekanini bilasizmi?

09:19 04 Avgust 2019 Lifestyle
428 0

Illyustrativ foto

Odamlar “kir koʻringan” joylarni tozalash oʻrniga oʻz uylari boʻylab zararli mikroblar tarqalishi oldini olishga eʼtibor qaratgani maʼqul, deyiladi Britaniyada joylashgan Ommaviy Salomatlik boʻyicha Qirollik Jamiyati hisobotida. Bu haqda BBC xabar berdi.

Jamiyatning ogohlantirishicha, qoʻllar, kiyimlar va xonadagi yuzalarni oʻz vaqtida tozalash gigiyena uchun muhim, ammo har toʻrt insondan biri buni uncha ahamiyatli emas, deya hisoblaydi.

Tozalikka ayni vaqtida amal qilish infeksiyalar va antibiotik qarshilikni yengishga yordam berishi mumkin.

Shuningdek, “oʻta toza” tushunchasi ham haqiqatga toʻgʻri kelmasligi aytiladi.

Hisobot mualliflariga koʻra, jamiyatning katta qismi ifloslik, mikroblar, tozalik va gigiyena tushunchalari oʻrtasidagi farqni yaxshi anglay olmaydi.

Ikki ming nafar inson ishtirok etgan soʻrovnomada odamlarning 23 foizi immun tizimini mustahkamlash uchun bolalar zararli mikroblar taʼsirida qolishi zarurligini taʼkidlagan.

Biroq hisobotni tayyorlagan ekspertlar buning “anchayin xatarli qarash” ekanini taʼkidlab, bolalarga beeʼtibor boʻlish ularning xavfli infeksiyalarni yuqtirib olishiga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirganlar.

Buning oʻrniga odamlar uydagi maʼlum joylarni - hattoki, ular toza koʻrinsa ham - oʻz vaqtida tozalashga eʼtibor qaratishi lozim, deydi mutaxassislar.

Qanday vaqt va holatlarda gigiyenaga rioya qilish lozim?

  • ovqat tayyorlaganda va unga teginganda
  • qoʻl bilan ovqatlanganda
  • hojatxonadan chiqqandan soʻng
  • yoʻtalgan, aksirgan va burunni qoqqan vaqtda
  • “kir” kiyimlarni ushlagan va yuvgan paytda
  • uy hayvonlariga teginganda
  • uyni tozalab, axlatni tashlab kelganda
  • infeksiya yuqtirgan oila aʼzosiga gʻamxoʻrlik qilganda

Ovqatlanish, hojatxonadan foydalanish, yoʻtalish, aksirish, uy hayvonlarini ushlash va kasal odamlarga qarashdan soʻng qoʻllarni yuvish oʻta muhimdir, deyiladi hisobotda.

Goʻsht kabi xom oziq-ovqatlarni tayyorlashdan keyin yoki ayrim taomlarni tayyorlashdan oldin oshxona yuzalari va mahsulotlar maydalanadigan taxtachalarni tozalash talab etiladi.

Idish-tovoqlar yuviladigan lattalar va choʻtkalarni ham foydalangandan soʻng yaxshilab tozalash tavsiya qilinadi.

Pol va uy jihozlari iflos koʻrinishi mumkin, lekin, odatda, ular yuzasidagi mikroblar sogʻliq uchun u qadar jiddiy xavf tugʻdirmaydi.

Tozalash bakteriyalarni qanday yoʻqotadi?

Xona yuzalari va idishlarni iliq, sovunli suv bilan yuvish bakteriyalarni ketkazib, ularning kanalizatsiyaga oqib ketishini taʼminlaydi.

Biroq bakteriyani batamom oʻldirish uchun uni 70 darajadan yuqori haroratli suvda maʼlum vaqt ushlab turish kerak boʻladi.

Qanday mahsulotlardan foydalanmoq lozim?

Uyni tozalashda uch asosiy kategoriyaga mansub mahsulotlarni ishlatish mumkin.

  • tozalash vositalari - yuzani yuvadi va yogʻni ketkizadi, ammo bakteriyalarni oʻldira olmaydi.
  • dezinfeksiyalovchi vositalar - bakteriyani oʻldiradi, lekin yogʻ bilan qoplangan yoki aniq koʻrinib turgan changli yuzalarni samarali tozalay olmaydi.
  • Sanitariya-gigiyena vositalari - ularni ham tozalash, ham dezinfeksiyalashda qoʻllash mumkin. Avvaliga bunday vositalar bilan chang, ovqat qoldiqlari va yogʻni tozalab, soʻng yuzaga dezinfeksiyalovchi vositalarni qoʻllash yaxshi samara berishi mumkin.

Eng muhimi, har qanday vosita qadogʻiga yopishtirilgan qoʻllanmani diqqat bilan oʻqish zarur, deydi ekspertlar.

Shuningdek, ovqat tayyorlashdan avval oshxona yuzalarini latta bilan artishdan koʻra, qogʻoz sochiqlarni ishlatgan maʼqul. Sababi qayta-qayta ishlatilgan latta bakteriyalar makoniga aylanib qoladi, ogohlantiradi mutaxassislar.

Ekspertlar nima deydi?

Gigiyena va Tropik Tibbiyot boʻyicha London Maktabidan professor Salli Blumfildning aytishicha, odamlar tozalik va gigiyena oʻrtasidagi farqni anglab yetishi lozim.

“Tozalash chang va mikroblarni ketkazishni anglatgan bir vaqtda, gigiyena uydagi joylarni oʻz vaqtida va toʻgʻri yoʻl bilan tozalash, demakdir”.

Gigiyena boʻyicha ekspert Liza Akerli shunday deydi: “Tashqariga chiqish, doʻstlar, oila aʼzolari va uy hayvonlariga jismonan teginish ”yaxshi bakteriyalar“ni tanaga yuqtirishga yordam beradi hamda foydali mikrobiomni shakllantiradi. Biroq odamlar tanganing narigi tarafini koʻra olishi ham muhim. Gigiyena hech qachon esdan chiqmasligi zarur.”

“Vaqtida va toʻgʻri amal qilingan gigiyena infeksiyalardan arzon yoʻl va ortiqcha tashvishsiz holi boʻlishni taʼminlaydi”, qoʻshimcha qiladi Akerli xonim.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?