Uyingizda turib ham mulk sotib olishingiz mumkin

17:42 27 Yanvar 2020 Jamiyat
2421 0

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi”da jurnalistlar uchun press-tur tashkil etildi. Unda markaz tomonidan “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasi platformasini yanada takomillashtirish, foydalanuvchi va auksion ishtirokchilari uchun qulayliklar yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan batafsil maʼlumotlar berildi.

Taʼkidlash kerakki, “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasi mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ragʻbatlantirish, investitsiyaviy muhitni yaxshilash maqsadida yoʻlga qoʻyilgan muvaffaqqiyatli loyihalardan biri.

Hozirgi paytda mazkur savdo maydonchasida davlat aktivlari (baholangan narxdagi davlat mulki obyektlari, boʻsh turgan davlat binolari, korxonalardagi davlat ulushlari), tadbirkorlik va uy-joy qurish uchun yer uchastkalariga boʻlgan huquq, koʻchmas mulk obyektlari, avtotransport vositalari, maxsus texnika va asbob-uskunalar, daryolar oʻzanlarini tozalashga boʻlgan huquq, hududlarni sanitariya jihatdan tozalash uchun ruxsatnoma, qimmatbaho metallar hamda noruda materiallarni qazish huquqi, shuningdek, “Aydar-Arnasoy” koʻllar tizimidagi uchastkalar, respublika boʻyicha davlat mulki obyektlari ijaraga beriladi.

Qolaversa, jismoniy va yuridik shaxslar ham oʻz mol-mulklarini yagona elektron savdo maydonchasi orqali realizatsiya qilish huquqiga ega.

Shu paytga qadar “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasi orqali jami 15,3 mingga yaqin boshlangʻich bahosi 771 milliard 100 million soʻm boʻlgan mol-mulklar auksion savdolarida 942 milliard 800 million soʻmga sotilgan.

Eng muhimi, yagona elektron savdo maydonchasida auksionlar ochiq va shaffof, inson omili aralashuvisiz oʻtadi. Bu esa turli korrupsiya va byurokratik holatlarning oldini olishga, fuqarolarning teng ishtirokiga, tadbirkorlar va investorlar uchun qulayliklar yaratishga xizmat qiladi.

Shuningdek, yagona elektron savdo maydonchasida hamma jarayonlar ochiq-oshkora tarzda amalga oshiriladi.

Taʼkidlash kerakki, auksion soat 09.00 dan 18.00 gacha oʻtkaziladi. Narxi oshib borish tartibidagi auksionda sotib olish taklifi boshlangʻich narxdan 5 foiz oshirilgan narx bilan boshlanadi. Ishtirokchilar 10 daqiqa ichida taklifni tasdiqlashi kerak, shu vaqt ichida hech kim keyingi taklifni tasdiqlamasa, u auksion gʻolibi hisoblanadi. Narxi tushib borish tartibidagi auksionda sotib olish taklifi boshlangʻich narxdan 2 foiz tushirilgan narx bilan boshlanadi. Ishtirokchilar 20 daqiqa ichida taklifni tasdiqlashi kerak, shu vaqt ichida hech kim keyingi taklifni tasdiqlamasa, u auksion gʻolibi hisoblanadi.

Xullas, markazda shunday tizim joriy etilganki, mol-mulkni uydan chiqmasdan turib sotish va sotib olish mumkin.

Anjumanda jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javoblar qaytarildi.

“Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?