Uychida yiliga 18 million dona tuxum yetishtiriladigan parrandachilik fabrikasi ishga tushdi

15:10 10 Oktyabr 2018 Iqtisodiyot
400 0

“Xalq soʻzi Online”. Qudratilla Najmiddinov/Namangan. Uychi tumani yiliga 18 million dona tuxum yetishtiriladigan parranda fermasi ishga tushdi.

Parrandachilikka ixtisoslashtirilgan “Gold chicken star” MCHJ tomonidan amalga oshirilgan mazkur loyiha ilgʻor texnologiyalarga asoslangan. Bu yerda parrandalar parvarishi kompyuterlashtirilgan boʻlib, 63 ming bosh tovuq qarovi bor-yoʻgʻi 18 nafar ishchi bilan nazorat qilinadi.

Loyiha ijrosi uchun 8 milliard soʻmdan ziyod sarmoya yoʻnaltirildi. Ayni paytda bu yerda Gollandiyadan keltirilgan joʻjalar parvarishlanyapti. Ular yaqin kunlar ichida tuxumga kiradi.

“Sanoqli kunlar ichida dastlabki mahsulotimizni olamiz. Korxona ishlab chiqarish quvvati yiliga 18 million donadan koʻproq tuxum yetishtirishga moʻljallangan. Uning yarmidan ortigʻi tashqi bozorga sotiladi. Bu 500 ming AQSH dollaridan koʻproq eksport amaliyoti deganidir", - deydi taʼsischilardan biri Nodirbek Abdullayev.

Ayni paytda mutasaddilar parrandalar ozuqasini korxonaning oʻzida tayyorlash, shuningdek, inkubatsiya sexini barpo etish ustida ish olib bormoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?