Uy-joy qurish jarayonidagi muammolar: senatorlar parlament soʻrovi natijasidan qoniqdimi?

17:32 11 Sentyabr 2020 Siyosat
235 0

Bugun, 11-sentyabr kuni Oliy Majlis Senatining yettinchi yalpi majlisida arzon uy‑joylar qurish jarayonidagi muammolar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari muhokama markazida boʻldi.

Taʼkidlanganidek, Vazirlar Mahkamasi tomonidan qurilish vaziri boshchiligida tegishli vazirlik va idoralar rahbar xodimlaridan iborat ishchi guruh tuzilib, muayyan ishlar amalga oshirilganligi qayd etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-noyabrdagi Farmoni bilan bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan taʼminlashning yangi tartibi joriy etilgan. Unga muvofiq, amaldagi qurilish pudrat tashkilotlariga qurilish materiallarini arzonlashtirilgan holda yetkazib berish va belgilangan soliq imtiyozlari oʻrniga kam taʼminlangan aholi qatlami uchun manzilli imtiyozlar belgilangan.

Jumladan, daromadi yuqori boʻlmagan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan fuqarolarga dastlabki badal yoki kredit foizi toʻlovlarining bir qismini qoplash tartibida subsidiya berilishi nazarda tutilgan.

Bunga qoʻshimcha ravishda Soliq kodeksiga asosan qiymati 300 mln. soʻmdan ortiq boʻlmagan uy-joy egalari uchun har yili 15 mln. soʻmlik jismoniy shaxslarning daromad soligʻidan imtiyoz belgilangan.

Shuningdek, qurilish tashkilotlarining onlayn tizimda ishlovchi yagona elektron maʼlumotlar bazasining yaratilishi, tanlov savdolarini oʻtkazish va sohada “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida davlat qurilishi nazoratini amalga oshirish choralarining qoʻllanishi ham nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, majlisda qurilish sohasi aholi hayotida muhim oʻrin tutishi tufayli ajratilayotgan mablagʻlar, jalb etilayotgan investitsiyalardan samarali foydalanishda shaffoflikni taʼminlash, sohani modernizatsiyalash, jadal va innovatsion rivojlantirish, qurilish sifati va nazoratini ilgʻor tajribalar asosida mukammal taʼminlab borish, joriy etilayotgan yangi tartibni samarali qoʻllash zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, qurilish sohasidagi normativ-huquqiy meʼyorlarni ilgʻor xorijiy tajribalar darajasiga olib chiqish, qurilish sohasining barcha jarayonlarida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, xorijiy tajriba asosida amalga oshirilayotgan qurilish narxini arzonlashtirish choralarini koʻrish, isteʼmolchi huquqlari boʻyicha shartnoma shartlarini buzgan quruvchi tashkilotlar javobgarligini kuchaytirish borasida chora-tadbirlarni kuchaytirish muhimligi taʼkidlandi. Qolaversa, arzon ipoteka kreditlari bilan taʼminlashni yoʻlga qoʻyish maqsadga muvofiqligi bildirildi.

Shuningdek, majlisda uy-joyga muhtoj fuqarolar uchun uy-joy olishi maqsadida subsidiya berish tartibini va qoʻllanilayotgan kredit siyosatini soddalashtirish, qurilish materiallarini markazlashtirilgan tartibda yetkazib berish amaliyotida bozor iqtisodiyoti talablariga rioya etilishini taʼminlash, qurilish sohasida shaffoflikni taʼminlash boʻyicha elektron (onlayn) tizimni joriy etish, uy-joylar boʻyicha ochiq maʼlumotlar bazasini yaratish zarurligi taʼkidlandi.

Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?